Britaniya yuzlab suriyalik qochqinlarni qabul qiladi

Image copyright Getty Images

Suriyalik "eng ko‘p yordamga muhtoj" qochqinlarning ba‘zilari vaqtinchalik Britaniyaga qabul qilinadilar. Bu haqida Bosh Vazir muovini Nik Klegg bildirdi.

Uning aytishicha, jinsiy zo‘ravonliklarning qurboni bo‘lgan yoki shunday zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan qizlar va ayollar, qiynoqlar qurbonlari, qariyalar va nogiron qochqinlar birinchi bo‘lib qabul qilinadi.

U mazkur amal bilan Britaniya hukumati "boshpana bilan ta‘minlashdek an‘ana"sidan mag‘rurlanib, uni ishga solayotganini aytdi.

Hukumat bu qochqinlar soni yuzlab bo‘lishini kutayapti, ammo hozircha aniq kvota raqamlarini belgilamagan.

Britaniyaga qochqinlarni joylashtirish dasturi BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi olib borayotgan dasturdan ayridir. BMT dasturiga binoan, Olmoniya 10 ming suriyalik qochqinni qabul qilsa, Frantsiya 500 nafarini oladi.

Ichki Ishlar Vaziri Tereza Mey kechroq hukumatning bu boradagi rejalarini parlament a‘zolariga taqdim etishi kutiladi.

Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament majlisida deputatlar hukumatni BMT dasturida ishtirok etmayotgani uchun tanqid ostiga oldilar.

Janob Klegg Britaniya shu paytgacha Suriya inqirozi uchun 600 million funt sterling yordam ajratib, jahondagi ikkinchi eng yirik donor bo‘lganini aytdi.

"Biroq, mojaro millionlab suriyaliklarni uylaridan qochishga majbur qilar ekan, biz qo‘limizdan kelgan yordamni ko‘rsata olishimizga ishonch hosil qilishimiz kerak," - dedi u.

"Biz dunyodagi eng bag‘rikeng mamlakatlardanmiz, va o‘ylaymanki, yordam berish bizning axloqiy mas‘uliyatimiz", - deya qo‘shimcha qildi u.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, Britaniya suriyalik qochqinlarga 3 yillik viza beradi.

Nik Klegg qochqinlar viza muddati tugagach, vatanlariga qaytishni istashlariga ishonishini aytdi.

Your contact details
Disclaimer