Qimmatlayotgan o‘zbek universitetlari yana xalqaro reytingga kiritilmadi

Image caption O‘zbek talabalik yillarining ajralmas qismi - paxta yig‘im-terimi

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan eng yaxshi universitetlar ro‘yxatiga kirmaydi. O‘qish shartnoma pullari esa so‘nggi yillarda o‘rtacha 25-30 foizga qimmatlamoqda. O‘qishga kirishda pora va tanish-bilish avj olgan o‘zbek oliygohlarining talabalari esa o‘qish davomida paxta terish kabi ishlarga jalb qilinadi.

Britaniyaning Quacquarelli Symonds (QS) tadqiqot kompaniyasi har yili dunyoning eng yaxshi uinversitetlari reytingini tuzib chiqadi. Unda Rossiya va Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlari muntazam o‘rin olib keladi.

Universitetlar 6 toifa bo‘yicha baholanadi. Shularning eng muhimi bu oliygohlarning akademik reputatsiyasidir.

Ushbu reytingda o‘qish narxlari yildan yilga ortib borayotgan O‘zbekiston oliygohlarini uchratmaysiz.

Oliygohlardagi o‘qish narxlari esa har yili ko‘tarilishi ortidan dunyoning o‘rtamiyona universitetlari o‘qish narxlari tenglashib bormoqda.

O‘zbekistonda 2012 yili 31 foiz va 2013 yili 27 foiz oshgan shartnoma pullari bugungi kunda 4,5 million so‘mdan 6 million so‘mgachani yoki davlat kursida 2000 dollardan 2700 dollargachani tashkil qilmoqda.

O‘rtacha oylik 200 dollar bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun ancha qimmatlik qiladigan universitetlardagi ta‘lim sifati ko‘pchilik talabalarni qoniqtirmaydi.

Oliy ta‘lim olishni g‘arb davlatlarining birida davom ettirgan Yoqub Hakim oliy ta‘lim O‘zbekistondagi og‘riqli masalalardan biri ekanligini aytadi.

"Bu sohada mustaqillikdan beri islohatlar o‘tkazilib kelinayapti. Lekin bu yetarli emas. Dunyodagi eng yuqori universitetlar ro‘yxatiga O‘zbekistondan birortasining ham kirolmagani achinarli jarayon. Oliy ta‘limga katta pul sarflanadi, hukumat islohatlar qilayotganini aytib keladi, biroq dunyo reytingida bahosini ololmagani natijani ko‘rsatib turibdi", - deydi u.

Nodir 3 yil o‘zbek oliygohlariga kirolmadi. Bir yil xizmat qilib armiyadan olib kelgan imtiyozi ham foyda bermadi va Turkiyada oliy ta‘lim olishga qaror qildi.

Turkiyada tahsil olayotgan Nodir u yerdagi o‘qitish tizimini o‘zi o‘qib kelgan tizim bilan solishitirib bo‘lmasligini aytadi.

"O‘qish juda ham zo‘r. Farqi katta. O‘qitish asosan internet orqali olib boriladi. Vazifalarni internetdan olib, internet orqali topshiramiz. Pul olish, pora berish degan narsalarni umuman xayolimizga keltirmaymiz. Faqat o‘qish kerak", - deydi u.

Toshkentdagi akademik litseylarning birini bitirgan Nodir Turkiyada o‘qishni davom ettirish uchun ingliz tilini o‘rganayapti. Litseyda ingliz tili fani o‘tilgan bo‘lsa ham ushbu bilimlari unga foyda bermagan.

"Ingliz tili o‘tilgan. Lekin ta‘lim jarayoni yaxshi emasdi. Qoniqarli bo‘lmagan. To‘g‘risini aytsam, litseyda baholarni pulga qo‘ydirganman. Bu yerda ingliz tilini o‘rganishim ozroq qiyin bo‘layapti. Chunki oldin o‘qimaganmiz".

O‘zbekistonda 59ta davlat oliy ta‘lim muassasalari mavjud bo‘lib, so‘nggi yillarda ulardagi talabalarning aksariyati paxta mavsumida 2 oy terimga jalb qilinadi.

O‘qishga kirishda pora berish va o‘qish jarayonidagi sessiyalarni pul bilan yopish yildan yilga avj olayotgani aytiladi.

Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarining birida dars beruvchi mutaxassis mikrofonsiz suhbatda O‘zbekistondagi oliy ta‘lim tizimi islohatlarga muhtojligini bildirdi.

Mutaxassis sog‘lom raqobatni ta‘minlash maqsadida mamlakatda xususiy o‘quv yurtlarining soni ko‘payishi kerakligini va bu sohada korruptsiyaga barham berilishi lozimligini urg‘ulaydi.

Unga ko‘ra o‘qituvchilarning maoshlari kamligi ham poraxo‘rlikning ortishiga olib keladi.

O‘zbekiston oliygohlardagi o‘qituvchilar o‘rtacha 1 million so‘m yoki davlat kursida 430 dollardan ko‘proq maosh oladi.

2013 yilgi natijalar bo‘yicha Qozog‘istondan ham birorta universitet ushbu reytingga kira olmadi. Bungacha har yili ushbu reytingdan mamlakatning ikkita, Al Farobiy nomli Milliy universiteti va Ostonadagi Gumileyev nomidagi Ovro‘osiyo milliy universiteti joy olgan.

Ostonadagi Ovrosiyo Universiteti o‘qituvchisi, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Saparbay Jubayev Qozog‘iston oliy ta‘lim tizimida 1996 yil chuqur islohotlar boshlanganini aytadi.

"Odam o‘qishga kirishi uchun Qozog‘istonda maktabni yaxshi baholarga bitirish kifoya qiladi. O‘zingiz xohlagan oliy o‘quv yurtiga ballingiz bilan kirib ketaverasiz" - deydi u.

Abituriyent to‘plagan balliga qarab mamlakatdagi universitetlardan birini tanlashi mumkin. Xususiy oliygohlar ko‘paydi.

Qozog‘istonda o‘qishga kira olmaslik muammosi yo‘qolgan deyish mumkin. 145 ta oliygohning 80 tasi xususiy.

O‘qish narxlari bir yiliga o‘rtacha 1200 dollardan o‘rtacha 4500 ming dollargachani tashkil qiladi.

Janob Jubayev o‘zi ishlab turgan Ovrosiyo Universitetida o‘rtacha maoshlar 1000 dollardan boshlab 2000 dollargachani tashkil qilishini aytadi.

"Men 150-180 ming tanga olaman, bu 1000-1200 dollar degani. Bu oddiy iqtisod fanlari nomzodi, dotsentning maoshi. Mendan ko‘p oladiganlar bor. Assistentlar kamroq oladi. Universitetda o‘rtacha 1,5 ming, ikki ming dollar maosh olishadi".

Yana Qozog‘istonda dunyodagi eng qimmat universitetlardan biri, o‘qish yiliga 18 ming dollarni tashkil qiluvchi "Nazarboyev Universiteti" borligini ham nazarda tutish kerak.

Your contact details
Disclaimer