Moskvada o‘zbek faol ekstraditsiya xavfi ostida

Image caption Murodov o‘zbek hukumatiga qarshi namoyishda qatnashgan

Rossiyaning Ximki shahrida politsiya O‘zbekiston fuqarosi Farrux Murodovni hibsga olgan. O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari so‘rovi bilan hibsga olingan 34 yoshli Murodov O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, diniy ekstremizm va noqonuniy materiallar tayyorlash va tarqatishda ayblanmoqda.

Moskvadagi "Memorial" Inson huquqlari markazi faoli Bahrom Hamroyevning aytishicha, asli Buxoro viloyatidan bo‘lgan Farrux Murodov o‘tgan yil avgust oyidan buyon qidiruvda bo‘lgan.

Hozir u Moskva shahrining 4-hibsxonasida saqlanmoqda.

Faolning aytishicha, Murodov avvalroq O‘zbekistonga hech bir muammosiz borib kelgan va na o‘zbek, yo na Rossiya xavfsizlik idoralari tomonidan so‘roq qilingan.

U o‘tgan yil oktyabrida O‘zbekistonda hibsda bo‘lgan jurnalist Sergey Naumovning ozod etilishini talab qilib namoyishda ishtirok etgan.

"Men boshchiligimda bu namoyishlar O‘zbekiston elchixonasi qarshisida tashkil qilingan va Murodov shunda ishtirok etgan", - deydi janob Hamroyev.

Faol hibsda qolayotgan Murodovning aybsiz ekaniga ishonchi komil ekanini aytadi.

"Maqsad boshqa bu yerda. Maqsad O‘zbekistondan yoshlar Rossiyaga kelib, siyosiy faollashishlarining oldini olish tarzda ularni qo‘rqitib qo‘yish", - deydi inson haqlari faoli.

U Rossiya politsiyasidan "mutlaqo asossiz" bo‘lgan konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, diniy ekstremizm va noqonuniy materiallar tayyorlash va tarqatish kabi ayblarga qanday dalil-isbot borligini tekshirishni talab qilayotganini aytadi.

"Xudo xohlasa, chiqarib olamiz uni. U Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham hech qanday jinoyat sodir qilmagan", - deydi u.

Your contact details
Disclaimer