Saudiya Arabistoni: Qanday qilib shuncha odam Twitterga oshiq?

Image copyright BBC World Service

Xuddi shu xashtag ostida qo‘yilgan savolga aksariyat saudiya arabistonliklar bergan javobga qaralsa, Twitter ular uchun o‘ta an‘anador va islomiy jamiyatda o‘z his-tuyg‘ularini erkin ifodalashning yagona imkoniyati.

Bu xashtag Saudiya Arabistonidagi Twitter foydalanuvchilarini qanchalik befarq qoldirmaganiga esa, oddiygina raqamlarning o‘zi ham dalolat qiladi: Deylik, o‘tgan seshanba kunidan buyon xuddi shu xashtag bilan 10.000 dan ortiq twit qilingan.

O‘z o‘rnida shuni ham alohida ta‘kidlab o‘tish kerakki, savolning o‘zi ham noo‘rin qo‘yilmagan. Chunki Twitter foydalanuvchilari soni bo‘yicha Saudiya Arabistoni dunyoning eng ildam davlatlari qatorida.

Ammo Saudiya Arabistoni misolida eng qiziqarli jihati shundaki, bu – internet yoki uyali telefon tarmog‘iga imkoniyatning qanchalik katta ekani kabi texnik omillarga bog‘liq emas.

"Chunki biz Twitter orqali haqiqiy hayotda tilimizga chiqara olmagan gaplarni ayta olamiz. Twitter bizning ta‘qiblar ostidagi hayotimizda qo‘rqmasdan nafas olishning yagona imkoniyati", - deyiladi twitlarning birida.

"Twitter – biz uchun haqiqiy demokratiya. Twitter orqali barcha – boy va kambag‘al, shahzoda va oddiy fuqaro ham ko‘nglidagi gapini ayta oladi", - deb yoziladi boshqasida.

Qolgan minglab twitlarning mazmuni ham xuddi shunga o‘xshashib ketadi.

Yanada to‘g‘rirog‘i, ularning barchasini og‘zi va ko‘zlari to‘silgan va "Chunki vaziyat bundan avval mana bunday edi" so‘zlari ilova etilgan yuqoridagi suratga jamlasa bo‘ladi.

Ammo lekin ham bor...

Ammo saudiya arabistoniliklar ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi erkinlikka shukr qilishayotgan bo‘lsa kerak, degan g‘arblik uchun anchayin kinoyaviy voqe‘likni ham nazardan qochirib bo‘lmaydi: twitlarining shirk yoki nomaqbul ekani aytilib, qamoq jazosiga hukm qilingan saudiyaliklar ham oz emas.

Ya‘ni, siz Saudiya Arabistonida istagan mavzuda twit qilaveraman, desangiz adashasiz.

Agar, podshohlik oilasi yoki Islom diniga til tekkizsangiz, buning oqibatlari yaxshi bo‘lmasligi tayin.

Deylik, saudiya arabistonilik internet faoli va bloggerning voqeasi bunga bir misol kabi: u xuddi shunday qilgani uchun 7 yillik qamoq jazosi va 600 darra kaltakka hukm etilgan.

Bu esa, Saudiya Arabistonida Twitter ko‘proq ijtimoiy faollik uchun qo‘llanilayotganiga dalolat qiladi.

Ustiga ustak, xavfsizliklarini o‘ylab, aksariyat saudiyaliklar Twitter akkauntlarini sir saqlashadi.

"Saudiya Arabistonida Twitter foydalanuvchilari soni ko‘pligini mutlaq erkinlik, deb baholay olmaysiz. Balki, bundan avvalgi vaziyat bilan taqqoslanganda, nisbatan erkinlik desak to‘g‘riroq bo‘ladi", - deydi BBC Monitoring xodimasi Sumaya Baxsh.

O‘tgan yil Saudiya hukumati barcha Twitter foydalanuvchilarini o‘z akkauntlarini rasman qayddan o‘tkazish va o‘z shaxslariga oid ma‘lumotlarni taqdim etishga majburlash masalasini ham o‘ylab ko‘rgandi.

Biroq, hozircha, hukumatning bu rejasi amalga oshgani yo‘q. Ammo Twitter foydalanuvchilarining soni yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinlardek ortib borayotgani bor gap.

Deylik, Saudiya Arabistonida joylashgan "Social Clinic" media konsalting shirkatining ma‘lumotlariga tayanilsa, mamlakat aholisining uchdan bir qismi Twitterdan muntazam ravishda foydalanadi. Ular qilgan twitlarining soni oyiga 150 milliontaga yetadi.

Shunday qilib, Saudiya Arabistonida nega hamma Twitterga mukkasidan ketgan? Saudiyaliklar izohi:

"Twitter sizga tsenzurasiz bir muhitga imkoniyat beradi".

"Chunki ko‘ngil ochishingiz uchun Saudiya Arabistonida na kinoteatr, na xiyobon, hech narsa yo‘q".

"Odamlar o‘z fikrlarini erkin ifodalashlari zarur, qo‘rqmasdan, birovning buyrug‘i yoki cheklovisiz, ko‘ngillaridagi yashirin o‘y-fikrlarini oshkora aytish, har qanday niqoblarni irg‘itib tashlashlari kerak".

"Chunki na-da ommaviy-axborot vositalari va na-da mulozimlar, hech biri sizni o‘ylantirayotgan muammolar bilan ishi yo‘q".