Hasanboy G‘oyib: "Etu tirnoq bo‘lgan ikki xalqni hech qanday kuch ajrata olmaydi!"

Image caption Hasan G‘oyib Tojikistonda eng yaxshi tanilgan o‘zbek shoirlaridan biridir

Tojikistonlik taniqli o‘zbek shoiri Hasanboy G‘oyib bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimiz savollariga javob berdi.

Tojikiston Jurnalistlar Ittifoqi a‘zosi Hasanboy G‘oyib 1968 yilning 1-yanvarida Tojikiston Respublikasi Regar (Tursunzoda) shahri Seshanbe jamoatida dunyoga kelgan.

Otasi Xolmirzo G‘oyibov "Pravda" davlat xo‘jaligida ishchi, onasi Inobat Davronova uy bekasi edilar.

Bolaligi Seshanbe jamoatining Bog‘bon qishlog‘ida o‘tgan.

Tursunzoda shahridagi 59-hunar texnika bilim yurtiga "Ko‘prikli kran mashinisti" ixtisosi bo‘yicha hujjat topshirdi.

1983-86 yillarda shu bilim yurtida tahsil oldi.

1986 yili bilim yurtini imtiyozli diplom bilan yakunlagan Xasanboyga bilim yurtidan Qozog‘iston Politexnika instituga yo‘llanma beriladi.

U Olma-ota shahridagi Politexnika institutining metallurgiya bo‘limiga o‘qishga qabul qilinadi.

1987-1989 yillar Sovet Armiyasi safida, avval Xabarovsk shahrida tayyorlov kursida, so‘ngra Pertopovlovsk- Kamchatsk shaharlarida xizmat qildi.

Hasanboy G‘olib armiya xizmatidan so‘ng ilm olishni yana davom ettirdi.

Politexnika institutining "Injener mexanik" ixtisosi bo‘yicha tamomlagach, Tojik Alyuminiy korxonasida ish faoliyatini avval slesar-ta‘mirlovchi, so‘ngra Presslash bo‘limida muhandis-mexanik, Elektrolizyorlarni kapital ta‘mirlash bo‘limida katta mexanik, Mexanik ta‘mirlash bo‘limida boshliq o‘rinbosari, po‘lat-chuyan quyuv bo‘limida boshliq o‘rinbosari vazifalarida xizmat qildi.

2009-yildan Texnik mudiriyatiga qarashli ta‘mirlash bo‘limida yangi tashkil etilgan "Monitoring va ta‘mir ishlarini planlashtirish" byurosida boshliq bo‘lib ishlamoqda.

Hasanboy G‘oyib 1984 yildan buyon Tojikiston matbuotida o‘z maqola va she‘rlari bilan qatnashib keladi.

Ilk maqolasi 1984-yilda "Lenin yo‘li" gazetasida "Samarqand sayli" nomi bilan chop etilgan.

"O‘n olti yosh" va "Bahor" she‘rlari ham shu yili chop etilgan.

Bugungi kunda G‘asanboy G‘oyibning ijod namunalari "Vatandosh", "Dunyo o‘zbeklari", "Ziyo istagan qalblar uchun", "Stixi.ru", "Munosabat", "Ijodkor" kabi internet saytlarda va turli gazeta jurnallarda rus va o‘zbek tillarida chop etilgan bo‘lib, ko‘plab adabiyot muxlislariga tanishdir.

Uning "Visol" (2001), "Ruhim ranglari" (2002), "Uyg‘onish fasli" (2004), "Ko‘nglim gullari" (2007), "Yurakning mahzun tunlari" va "Hajrida kuyar ko‘ngil" (20012) nomli kitoblari chop etilgan.

She‘rlari rus va tojik tillariga tarjima qilingan.

Rus tilida shoirning "Ojerele" nomli she‘riy to‘plami nashr etilish arafasida.

Rus shoirlari Ivan Bunin, Valentin Sidorov, Apollon Maykov va tojik shoirlari Mirzo Tursunzoda, Nosirjon Ma‘sumiy, Loiq Sherali, Gulnazar, Rahmat Nazriy, Gulruxsor, Zulfiya Atoyi, Kamol Nasrullo, Ra‘noi Muboriz, Nuqra Sunnatniyo, Mehmon Baxtiy, Sayidali Ma‘mur, Hidoyatullo Rahmoniy, Sultonmurod Odina, Voliy, Xayrandesh va Sirojiddin Ikromiyning ijod namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, shoir she‘riyatining asosini ikki xalq - o‘zbek va tojik xalqlari do‘stligini tarannum etguvchi, insonlarni ezgulikka, iymonga chorlovchi she‘rlar tashkil etadi.

Hasanboy G‘oyib she‘riyatining tahsinga loyiq yana bir jihati - uning mumtoz adabiyot bilan bog‘liqligi.

Uning she‘rlari qatorida uchraydigan aksar g‘azallar buning yaqqol misolidir.

Munaqqidlar fikricha, Hasanboy G‘oyib she‘lari o‘zining musiqiyligi bilan qo‘shiq san‘atiga ham yaqin turadi.

Bugungi kunda uning she‘r va qo‘shiqlari Tojikistonlik va O‘zbekistonlik hofizlar tomonidan ijro etib kelinmoqda.

G‘asanboy G‘oyib Tojikiston Matbuot A‘lochisi unvoni bilan taqdirlangan.

---------------------------------------------------------------------------------

Usmon, Nyu-York: Hasanboy sizga Tojikistonda yashab, ijod qilish qiyin emasmi? Sizga nisbatan bosim yo‘qmi?

Hasanboy G‘oyib: Tojikiston mening tug‘ilgan yurtim. Vatanni tanlamaydilar degan gap bor. Men shu zaminda tug‘ilib, voyaga yetganimdan, shu jafokash xalk bilan hamnafas bo‘lganligimdan hamisha iftixordaman. Keyin men erkin ijodkorman. Hukumat organlarida yoki gazeta, jurnallarda ishlamayman. Mutaxassisligim injener-mexanik. Kompaniyada ishlayman. Shuning uchun o‘zimga nisbatan bosimni ham, yordamni ham sezmaganman. Keyin men shu qadar asar yozaman deb hech kimdan majburiyat ham olmaganman. Yozganlarim ko‘nglim buyrug‘i xolos.

Kindik konim to‘kilgan yurt Mening kindik qonim to‘kilgan yurtim, Jonimni sen uchun aylayman tortiq. Sening darding asli bu mening dardim, Men seni sevarman o‘zimdan ortiq. Har bir yutug‘ingdan quvongay ko‘zim, Tojik elim mening- qadrdon elim. Turkzabon shoiring bo‘lsam ham o‘zim, Sening-la dinim bir, bir erur dilim. Og‘ir sinovlarni boshdan o‘tkazdik, Hamon dildan ketmas uning og‘rig‘i. Shu aziz kunlarga Tangri yetkazdi, Olamlarni tutdi sening dovrug‘ing. Davr charxpalagi aylanmasin ters, Aylansa Haq yo‘lni topmoqlik qiyin. Millatni oldinga olib chiqmoq - chun, Mehnat qilmoq kerak tun-kun tinmayin. Tokim dunyo ahli bizlarga qarab, Nokas, tilanchi deb qilmasin ta‘na. Ona yerimizni aylaylik obod, Kelar avlod uchun asraylik yana. Tokim arzimagan mushkullikni deb, Muqaddas g‘oyadan ortga qaytmaylik. Qaram bo‘lib yashash ming marta xub deb, Qullik qo‘shig‘ini qayta aytmaylik. Tokim anglab yetsin har bitta yurak Vatan oldidagi muqaddas burchni. Jo‘mard farzandlarni yo‘llamoq kerak Mas‘ul mansablarda ishlamoq uchun. Besh qo‘l barobarmas deganlaridek Millat dushmanlari yurar g‘imirlab. Bir xato topdimi tilidan qo‘ymas, Erta kech g‘iybatlar qilar shivirlab. Qalbim ozor chekar bunday gaplardan. Deyman nega bular buncha betayin. Bosh chiqarib yursak bitta yoqadan, Tole‘ bizga kulib boqishi tayin. Biz vahdat jomini ko‘targan xalqmiz Dosh berib davrning tug‘yonlariga. Elim, obodlikni istasang agar Ishongin mard, botir o‘g‘lonlaringga.

(2008)

Hojiahmad, Toshkent: Hasanboy aka, aytingchi, o‘zbek-tojik adabiy muhiti hozirgi kunda parokandalikka uchragani bu - siyosiy to‘qnashuvlarga bog‘liq, deb o‘ylaysizmi? Siyosiy bahsu munozaralar va siyosiy keskinlashuvlarda adabiyot, san‘at va madaniyat jabr chekishi qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

Hasanboy G‘oyib: Men ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishmovchilikning sababini iktisodiy omillarda deb bilaman. Ya‘ni nafs vasvasasida. Bunaqa holatlar o‘tmish tarixda ham bo‘lgan bugungi paytda ham dunyoda kuzatiladi. Shunday holatlarda insonlarni insofga chaqirish, ularni mehr-muhabbatli bulishga undash adabiyot axlining zimmasiga tushadi. Chunki Tagorning ta‘biri bilan aytganda "Insonlarni qalbini bog‘lash adabiyotning qo‘lidan keladi. Adabiyotning vazifasi hammani birlashtirib, hamjihat qilishdir".

Endi o‘zbek-tojik adabiy muhiti hozirgi kunda parokandalikka uchragani, menimcha, vaqtinchalik holat. Men ko‘plab tojik shoirlari va yozuvchilari bilan muloqotda bo‘lib shunga amin bo‘ldimki, ushbu aloqalarning uzilib qolganidan hech kim xursand emas. Dillarda sog‘inch va bir-birlariga nisbatan hamon hurmat-ehtirom bor.

Ikki misol keltirmokchiman: birinchisi, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron mendan u kishining va Sulaymon Rahmonning nomidan Tojikiston xalq shoiri Kamol Nasrulloga salom aytishimni iltimos qildilar. Men ustod Kamolga ustozlar salomini yetkazganimda Kamol aka shunchalik xursand bo‘ldilarki, asti qo‘yaverasiz. Va mendan barcha O‘zbekistonlik adab ahliga otashin salomlarini yetkazishimni iltimos qildilar.

Ikkinsi misol, bir suhbat chog‘ida Tojikiston Yozuvchilar Ittifoqi Raisi ustoz Mehmon Baxtiy : "O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov va boshqa shoirlar mening eng yaqin qadrdonlarim bo‘lishadi. Afsuski, so‘nggi paytlarda munosabatlar boshqacha tus oldi. Bir narsani unutmang, Markaziy Osiyodagi biror bir millat o‘zbek xalqiga tojiklardek yaqin emas. Shuning uchun ko‘p holatlarda men hamisha vazminlik qilib kelaman. Ishonamanki, munosabatlarimiz albatta yaxshilanadi," dedilar. Ustozning so‘zlari turtki bo‘libmi, ushbu satrlarni qoraladim. Ushbu yozganlarimni sizlar bilan baham ko‘rishni istardim.

"O‘tgan ishga–salovat"

Bizlar dinu diyonati bir xil millat O‘rtamizda qachon paydo bo‘ldi illat? Biz Ibrohim Xalilulloh naslidanmiz Ham Muhammad (s.a.v) payg‘ambarga sodiq ummat! Kimki bizning do‘stligimiz istamagay, Iblis-o‘sha! Demak unga bo‘lgay la‘nat! Ko‘hna Turon islomiyat beshigidir, Shundan Dunyo ahli hanuz qilar hurmat. Kin, adovat yarashmagay mo‘‘min zotga, Mo‘‘min bo‘lsang bir-biringga ayla himmat! Yetti marta Ka‘ba tavof aylagandan Bir mo‘‘minning dilin olmoq turar qimmat. Bir xil erur hatto to‘yu ma‘rakamiz, Bul ham bo‘lsa Parvardigor bergan ne‘mat! Turonmizmi, Turkistonmi, Tojikiston- Bizlar azal qondosh, jondosh bo‘lgan millat! Dinimiz ham dilimiz ham yagonadir, Ola qarash bizlarga yot bo‘lgan illat. G‘oyib so‘zin og‘ir olmang og‘alarim Bag‘rikenglik, rafoqatda bo‘ling ibrat! Unutaylik adovatu ginalarni, "O‘tgan ishga–salovat" deb, shudir sunnat!

(24.07.2013-yil)

Shuhrat, Toshkent: Hasanboy aka, Tojikistonda o‘zbek adabiy muhiti qanday?

Hasanboy G‘oyib: Bugungi kunda Tojikiston Yozuvchilar Ittifoqida O‘zbek bo‘limi faoliyat yurityapti. Bo‘lim boshlig‘i atoqli shoir - O‘lmas Jamol. O‘zbek ijodkorlaridan yozuvchilar O‘rinboy Usmonov, Eshmuhammad Donoxonov, Jo‘raqul Ajib, Omonboy Jumanov, Gulnora Said Ali, shoirlardan Jamshid, Abdulla Zuhur ittifok a‘zolaridir. Kamina ham O‘zbek bo‘limi tomonidan ham tavsiya qilinganman. Yuqorida tilga olingan ijodkorlarning 5-6 tadan kitoblari ham nashr etilgan. O‘zbek tilida Tojikiston hukumati nashri bo‘lmish "Xalq ovozi" gazetasidan tashqari, "Zamondosh" haftanomasi, "Sirdosh" jurnali hamda "O‘quvchi" gazetalari, O‘zbek jamiyatining "Haq So‘z" nomli gazetasi, Xo‘jandda O‘zbek madaniyati markazining "Sharqnoma" jurnali mavjud. Tursunzodada "Diyori Tursunzoda","Hidoyat" va "Region", "Alyuminii Tojikiston" gazetalari tojik, o‘zbek va rus tillarida chop qilinadi. Xullas, ijod namunalarini chop qilish uchun imkoniyatlar yetarli. Bir necha yil davomida "Zamondosh" gazetasi muassisi ma‘rifatli inson Haydar Usmonovich Jo‘rayevning tashabbusi bilan "Zamondosh-shou" adabiy kechalar tashkil qilinar edi. Ushbu kechalarda Tojikistonlik ijodkor shoir, yozuvchilar, san‘atkorlar, jurnalistlar ishtirok etib, bir-birimiz bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. "Xalq ovozi" gazetasi ham o‘zbek ijodkorlarining ijod namunalarini muntazam ravishda berib boradi. Bugun ham yozuvchi Yoqubjon Abdumannon muharrirlik qilayotgan "Xalq ovozi" gazetasi hamda "Zamondosh" haftanomasi Tojikistonlik ijod ahlining markazi desam mubolag‘a bo‘lmas.

Erkin, Dushanbe: Hurmatli shoir, Tojikistondagi o‘zbekzabon ijodkorlardan uch toifa: katta-ustoz ijodkorlardan, o‘zingizga tengdosh ijodkorlardan va yosh ijodkorlardan kimlarni taniysizu kimlarni e‘tirof etasiz? Qimmatli ma‘lumot va mulohazalaringiz uchun oldindan rahmat!

Hasanboy G‘oyib: Tojikistonda yashab, ijod qilayotgan ijodkorlarning deyarli barchasini taniyman. Ularning har biri o‘z ovozlari bilan ajralib turadilar. Agar mumkin bo‘lsa, savolni kengrok qo‘ysak. Yaqinda muborak 80 yoshini qarshilayotgan ustoz O‘lmas Jamol "Chor Devon" yaratib Tojikistonlik o‘zbekzabon ijodkorlarning yalovbardori ekanliklarini yana bir bor isbotlab turibdilar. Mendan katta yoshli ijodkorlardan ustoz Abdulla Zuhur va Sayyid Ne‘mat Ibrohim mening uchun hamisha o‘rnak bulib kelganlar. Bugungi kunda internet orqali tanishganim shoir Odil Ikrom ham zabardast o‘zbekzabon shoirlarimizdan hisoblanadilar. Bir paytlar mashhur xofiz Sherali Jo‘rayev qo‘shiklarini kuylagan shoir akamiz Shodmon Jo‘rayev bilan ham munosabatlarimiz yaqin. U kishining o‘ziga xos ijodi ham o‘rganishga arziydi. Tengdosh shoirlardan Erkin Shukur va Abdulla Saidlarning she‘rlari menda katta taassurot qoldirgan. Ular oz bo‘lsa ham, soz yozganlar. Nisbatan yoshroq bo‘lgan shoirlardan Rahmatjon Umarov, Dilmurod Qurbonovning nomlarini aytishim mumkin.

Rustam Nasimiy, Tokio: Tsenzuraga duchor bo‘lganmisiz? Umuman chop etishga jur‘at etolmay yurgan maqolalaringiz bormi?

Hasanboy G‘oyib: Biz demokratik, dunyoviy, huquqiy jamiyat qurish yo‘lini tanlagan ekanmiz, tsenzura yuq. Agar siz rus tilida chikadigan "Aziya-plyus" haftanomasini o‘qib borsangiz, bunga amin bo‘lasiz. Ammo hukumat nashrlari nazorat qilinadi menimcha. Biror muammo haqida yozsangiz, hamkorlik qilishga chaqiradilar. Albatta, chop etilmagan she‘rlarim va maqolalarim bor. Masalan, "Dunyo o‘zbeklar"ida chop etilgan maqolamni hukumat nashrlariga bermaganman. Men emas gazeta xodimlari jur‘at qilishmaydi chop etishga.

Zohida, Xo‘jand: O‘zbekistondagi adabiy jarayonlardan xabaringiz bormi? Umuman bugungi o‘zbek adabiyoti ahvolini qanday baholagan bo‘lardingiz?

Hasanboy G‘oyib: Men internet orqali muntazam ravishda "Ziyo istagan qalblar uchun", "Sharq yulduzi", "O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi", "Dunyo o‘zbeklari" internet saytlarini o‘qib borishga harakat qilaman. Bundan tashqari ko‘plab O‘zbekistonlik shoir va yozuvchilar bilan internet orqali tanishman. Men Bugungi o‘zbek adabiyoti deganda faqat O‘zbekistondagi ijodkorlar ijodini tushunmayman. Masalan, men Avstriyada yashab ijod qilayotgan ustoz Yodgor Obidni bugungi eng xalqparvar o‘zbek shoiri deb bilaman. Hazrat Navoiydan keyin "Chor Devon" yaratgan ustozim O‘lmas Jamolni ham Abdulla Oripov ta‘biri bilan aytganda, o‘zbek adabiyotining eng peshqadam vakillaridan biri, deb hisoblayman. O‘shda yashab ijod qiladigan Mug‘anniy domlaning she‘rlari, Tojikistonda yashab ijod qilayotgan mumtoz shoirimiz Ne‘mat Ibrohimning g‘azalu, ruboiylari o‘zbek she‘riyati durdonalaridan desam, xato bo‘lmas.

Baxtiyor, Toronto: O‘rta Osiyo musulmon xalqlari, ayniqsa, o‘zbek va tojiklar orasida osonlikcha assimilyatsiya bo‘lishadi. Tojikiston o‘zbeklari orasida mustaqillikdan so‘ngra o‘z ona tilini unutib, tojiklashish darajasi qanday deb o‘ylaysiz? Umuman, bu ketishda Tojikiston o‘zbeklari o‘zligini saqlab qolishiga oshonasizmi?

Hasanboy G‘oyib: Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, afsuski bunday holatlar bor. Ammo ular ommaviy xarakterga ega emas. Ammo Tojikistonlik o‘zbek ziyolilari bobomiz Alisher Navoiy an‘analariga sodiq qolib har ikki tilda so‘zlashishni o‘zlariga or deb bilishmaydi, aksincha, bu ularning yutug‘idir. Birgina misol: O‘lmas akaning to‘rtinchi devonlariga u kishining tojik tilida yozgan she‘rlari ham kiritilgan. Tojikistondagi o‘zbekzabon ijodkorlar bir tomondan tojik adabiyotini targ‘ib etayotganlari uchun ham qadrlidirlar. Ustoz O‘lmas Jamol, Jo‘raqul Ajib, Omonboy Jumanov, Otabek G‘oyibov va kamina ham tojik shoir, yozuvchiarining asarlarini o‘zbek tiliga o‘girganimiz va bu ishimizning tojik adiblariga ham ma‘qul ekanligi so‘zlarimning isboti bo‘la oladi. Faxr bilan aytishim mumkin bo‘lgan yana bir gap - bugungi kunda ustoz Jamol Kamol va shodravon shoir Asqar Mahkam boshlab bergan Mavlono Rumiyning "Ma‘naviy-Masnaviy" asari tarjimasini shoirlar Abdulla Zuhur va Odil Ikromlar amalga oshirmoqdalar. Abdulla Avloniy aytganlaridek "Til yashar ekan, millat yashaydi".

2. Aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilganda o‘zbek xalqi sonini kamaytirish maqsadida o‘zbek va laqay, deb bo‘lib yuborilganini qanday baholaysiz? Bunga norozilik bildirganmisiz? Rahmat.

Hasanboy G‘oyib: Bir paytlar shunaqa ma‘lumotga ko‘zim tushgan edi. Albatta, norozi bo‘lganman. Shu o‘rinda o‘zim guvoh bo‘lgan "Parastu-2013" festivalida Tojikiston xalq artisti Habibullo Abdurazzoqovning aytgan bir gapini eslatmoqchiman. Sug‘d viloyatidan tashrif buyurgan O‘zbek drama teatri Dushanbedagi Abulqosim Lohutiy nomli Teatrida Yozuvchi O‘rinboy Usmonning "Qulf" asari asosida spektaklni namoyish qilgan edi. Namoyish so‘ngida so‘zga chiqqan ustod Habibullo Abdurazzoqov shunday degan edi: Bugungi kunda Tojikistonda bir million olti yuz ming o‘zbek millatiga mansub aholi yashaydi. Shuning uchun ushbu spektaklni Oinai jahon orqali namoyish etmoq kerak".

Muhammadkarim, O‘sh: O‘zbek-tojik xalqlari do‘stligini saqlab qolish uchun nima qilish kerak?

Hasanboy G‘oyib: Ushbu savolga yukorida qisman javob berdim. Ikki xalq do‘stligini avaylab asrash har bir imonli insonning burchi deb bilaman. Biz asrlar davomida birga yashab kelganmiz. Menimcha hech bir kuch bu do‘stlikni buza olmaydi, Inshaolloh! Jamol Kamol ta‘biri bilan aytganda, siyosatchilar sohillarni buzadilar, shoirlar esa sohillarni birlashtiradilar. Shunday davrlarda ijodkor ziyolilarning mas‘uliyati yana ham ortadi.

William Wallace, Scotland: Tojistonda o‘zbeklarning siyosatdagi o‘rni qanday? Ichki ishlar yoki armiya saflarida o‘zbeklar bormi?

Hasanboy G‘oyib: Tojikistonda o‘zbeklar tojiklardan keyingi eng ko‘p aholi qatlamini tashkil qiladi. Shuning uchun albatta armiya saflarida ham, ichki ishlar saflarida ham xizmat qiladilar. Mening ustozim jurnalist To‘ychi Xanjarov Tursunzoda shahar Raisi apparatining raisi bo‘lib ishlaydi. Milliy majlisning namoyandalar majlisida o‘zbeklardan deputatlar bor. Tojikistonda O‘zbek Jamiyati faoliyat yurityapti. Ammo bir qism o‘zbek ziyolilarining fikricha, Tojikistondagi o‘zbeklar diaspora emas, shu Vatanda tug‘ilib o‘sganlar va O‘zbeklar jamiyatiga ehtiyoj yo‘q. Buning o‘rniga O‘zbek Madaniyati Markazlarini tashkil etish maqsadga muvofiqdir. O‘zbeklarning ko‘pchiligi qadimdan shu yerda yashab kelishgan. So‘zimning oxirida Facebookda da e‘lon qilingan "Ikki tilli bir millat" maqolamdan parcha keltirsam to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman:

"Bizning dinimiz bir, millatimiz bir, mazhabimiz bir, qadimdan bir makonda, bir xil sharoitda yashab kelayotgan bo‘lsak, Ollohning o‘zi bizni taqdirdosh qilib yaratgan ekan, nega endi biz birovlarning ig‘vosiga uchib, senu menga borishimiz kerak? Bugungi iqtisodiy bo‘hronlar ham o‘tib ketadi. Bizning ajdodlarimiz hech qachon bir-biriga musht o‘qtalmagan. Aksincha, ularda hamisha bag‘rikenglik, rahmu shafqat tuyg‘ulari ustuvor bo‘lgan. Bugungi kunda ham "Mo‘‘min-mo‘‘minning birodari" degan aqidaga rioya qilib, ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkam bog‘lashimiz darkor. Davrlar o‘taveradi, lekin iymonim komilki, etu tirnoq bo‘lgan ikki xalqni hech qanday kuch ajrata olmaydi!" (30.01.2014-yil.)