Ukraina: Avf qonuni ham ish bermadi

Image copyright Reuters
Image caption Avf haqidagi qonunni tan olmagan namoyishchilar, ko‘chalar va binolarni egallab olishda davom etishmoqda

Hibsga olingan namoyishchilarni ozod qilishga yo‘l ochadigan qonun Kiyevning Mustaqillik maydonida to‘plangan ko‘p ming kishilik namoyishchilarni qoniqtirgani yo‘q.

Xalq g‘alayonini bostirishga qaratilgan ayni avfdagi shartlarni namoyishchilar qabul ham qilishmayapti. Qonun shartiga ko‘ra, masalan, namoyishchilar egallab olgan hukumat binolarini bo‘shatishsa, ularning hibsdagi maslakdoshlari ozod etiladi.

Ukraina muxolifati bu shartni qabul qilib bo‘lmasligini aytgan va Kiyev ko‘chalarida chodir tikib o‘z norooziligini izhor etayotgan odamlar uyga qaytishni o‘ylab ham ko‘rishayotgani yo‘q. Aksincha, shu paytgacha ishg‘oldan qutulib qolgan davlat binolarini ham egallab olish harakatlari davom etayotir.

Ovro‘poparast ukrainlar o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirish uchun bu binolarni shtab-kvartiralarga aylantirishgan. Shuningdek, Kiyevning qahraton sovug‘iga qaramay ko‘chada qolayotgan odamlar ba‘zida ayni binolarga kirib, isinib olishadi.

Ukraina bosh vaziri janob Azarov va hukumat iste‘fosidan keyin qabul qilingan avf qonuni Prezident Yanukovich borayotgan ikkinchi yirik murosayu-madora chorasidir. Ammo parlamentdagi Ukraina muxoilfati vakillari ayni qonun borasida ovoz berishdan bosh tortishgan.

Kurash to‘xtamaydi

Siyosatchiga aylangan mashhur bokschi Vitaliy Klichko Mustaqillik maydonida to‘plangan tarafdorlariga qarata hali kurash davom etishini aytdi.

Boshqa bir deputat Inna Bohoslovska esa o‘z teleintervyusida avf haqidagi qonunni tanqid qilib, u xuddi arava g‘ildiragiga tiqilgan o‘qlog‘dek to‘siq bo‘lganini bildirdi.

Image caption Muxolifat siyosatchisiga aylangan mashhur bokschi Vitaliy Klichko kurash to‘xtamasligini aytdi

"Kelasi 15 kun ichida binolar bo‘shatilmasa, o‘z xalqiga hujum qilish uchun kuch to‘plashlariga bahona va vaqt topildi" - deb yangi qonunni izohlagan Bohoslovska xonim.

Namoyishchilar nazdida hibsdagilar aslida garovga olingan tutqunlardir. Hukumat esa endi ularni o‘rtaga solib, oldi-berdi qilmoqchi.

Kecha, chorshanba kuni mamlakatning sobiq prezidenti Leonid Kravchuk Ukraina fuqarolar urushi arafasida turibdi, deb aytgandi.

Moskva esa namoyishlarga sabab bo‘lgan 15 milliard dollarlik yordam shartnomasining muayyan qismini toki yangi hukumat tuzilmaguncha bermasdan, tutib turmoqchi.

Xuddi shu shartnoma bois moskvaparast prezident Viktor Yanukovich Ovro‘po Ittifoqiga yaqinlashishni ta‘minlaydigan shartnomani imzolamagandi.

Biroq o‘z kelajagini erkin, demokratik hamda farovon Ovro‘po bilan birga ko‘radigan ukrainlar davlat rahbarining ushbu harakatini qabul qilishmagan va namoyishlar boshlanib ketgandi.

Aksar ruslar yashaydigan sharqiy Ukraina esa, aksincha, Rossiya bilan yaqin bo‘lishni istaydi.

Ammo hatto Sovet davrida ham Moskva boshqaruviga qarshi uzoq yillar kurashib kelgan g‘arbiy Ukraina uchun bu qabul qilib bo‘lmas qarordir.