O‘zbek to‘ralari qaror qabul qilguncha nimaga qaraydi?

Toshkent shahar hokimining obodonlashtirish maqsadidagi yana bir qarori bekor qilingan.

Xabar qilinishicha, Toshkent shahar hokimining garajlarni buzish qarori prokuratura noroziligidan keyin bekor qilingan.

Taomilga ko‘ra, rahbar hujjati imzolanishidan oldin har bir idoraning huquqshunosi yoki huquqiy boshqarmasida tahlil qilinishi, bu hujjat mamlakat qonunchiligiga mos yoki zidligi tekshirilishi lozim emasmidi?

O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasi, vazirlik, hokimliklar tomonidan ko‘plab insonlarning hayotiga tegishli hujjatlar qabul qilinadi.

Bu farmoyish, farmon yoki qaror-buyruqlarning omma manfaatini ko‘zlagani, yanada yaxshilash, yanada obodonlashtirish maqsadida qabul qilingani e‘lon qilinadi.

Ba‘zan bu hujjatlar bevosita jamiyatga aloqador bo‘lsa-da, jamoatchilikka xabar bermay ham qo‘yaveriladi.

Xuddi ishlaydigan pensionerlarning pensiyasi qisqartirilishi haqidagi hukumat qarori singari.

Yoki O‘zbekistonda xususiy qo‘riqlash shirkati bo‘lmasligi lozim, degan qaror kabi.

Shu kecha-kunduzda mamlakatda kelajakda qabul qilinadigan qonunlar tekshirilajagi haqida xabarlar tarqaldi.

Bundan keyin Adliya vazirligi biror bir qonun qabul qilinayotganda, bu qonundan korruptsiya maqsadi ko‘zlanmaganmi, deb tekshiruvdan o‘tkazib berishi muhokama qilinadi.

Biroq O‘zbekistonning eng yuqori mansabdorlari imzosi bilan kuchga kiradigan farmon va qarorlar-chi?

O‘zbekistonda mamlakat va xalq manfaati emas, balki bir guruh manfaatdor guruhlar "lobbisi" bilan prezidentning u yoki bu farmoni, hukumat qarorlari qabul qilingani haqida ko‘p maqolalar yozilgan.

Lekin O‘zbekiston sharoitida bu da‘volarni isbotlash imkonsiz ish.

O‘zbekistonda bozorlarni tartibga solish, xorijdan keltiriladigan eksport mahsulotlari uchun boj to‘lovlarini oshirish, respublika bo‘ylab daraxtlarni ommaviy kesish va odamlarning uylarini buzash kabi qator hukumat qarorlarining maqsadi aynan e‘lon qilingan muddaosiga mos kelishi shubha ostiga olingan.

Toshkani azim rahbarining o‘tgan yil aprelida garajlarni obodonlashtirish va shaharsozlik qoidalariga mos keltirish maqsadida deb e‘lon qilib imzolagan qarorini endi bekor qilishga to‘g‘ri keldi.

Hokim qarori bo‘yicha jami 40 ming garajni buzishga ahd qilingan va sakkiz oy mobaynida butun Toshkent bo‘ylab ommaviy buzish avj olgan.

Shu paytgacha ularning qariyb yarmi vayron qilib bo‘lingan.

O‘zbekiston sharoitida rahbar buyrug‘i mubohasali bo‘lsa-da, jamiyat muhokamasiga qo‘yilmaydi.

Ham xavfsizlik, ham yong‘in va boshqa talablariga javob beradigan garajlarning ham buzilayotganidan sohiblari norozi bo‘lishgan, biroq Toshkent shahar hokimi qaroriga qarshi borishga hech kim jur‘at qilmagan.

Hokim qarori bekor qilinishiga Toshkentda avtomobil g‘ildiraklari va ichidagi narsalari o‘g‘irlanishi ko‘payishi sabab bo‘lgan.

Facebook foydalanuvchilari g‘ildiraklari o‘g‘irlangan avtomobillarning suratlarini e‘lon qilishni boshlaganlar.

Mashinalardan biri Toshkent markazidagi militsiya idorasi yonidan o‘g‘irlab ketilgan.

Facebookchilar avtomobil o‘g‘riligini keng muhokama etishni boshlaganlar.

O‘zbekistonda yaqinda e‘lon qilingan amnistiya mashina o‘g‘riligini ko‘paytirgani haqida yozdi ayrim foydalanuvchilar.

Yana kimdir g‘ildirak o‘g‘rilarini ham tushunish kerakligi haqida yozadi.

"Boshqa tomondan, ko‘plar qiyin ahvolda yashayapti. Viloyatlarda zavodlar allaqachon yopib tashlangan, ko‘pchilik yeri va moli hisobidan kun ko‘rgan. Hozir esa odam tomorqasida ishlaydi va nihoyasida yetishtirgan hosilini sota olmaydi. Chunki olibsotarlar o‘zlariga kerakli vaqtda yo‘lni yopib qo‘yishadi va hosilni chaqaga sotib olishadi. Muammoni ildizi bilan hal qilish kerak", deb yozgan Facebook foydalanuvchilari.