Kuppa-kunduzi Toshkent markazida...

Facebook Internet ijtimoiy tarmog‘idan foydalanayotgan o‘zbekistonliklar u yerda maxsus guruh tashkil qilganlar va avtomobillar bilan bog‘liq jinoyatlar haqidagi ma‘lumotlarni Internetda e‘lon qilishni boshlaganlar.

Mobil telefonda tasvirga olingan video ham e‘lon qilingan.

Bu videoda yo‘l chetida turgan avtomobil ichidagi narsalar 10 soniyada o‘g‘irlab ketilgani aks etgan.

Videoda oq "Neksiya" paydo bo‘ladi. So‘ng ikki shaxs yo‘l chetida turgan mashinaga yaqinlashadi, ulardan biri mashinaning old derazasini sindirib, avtomobilning bagajxonasini ochadi. Oq "Neksiya"dan yana bir kishi tushib, o‘g‘rilarga qo‘shiladi.

Facebookdagi "Voditeli Tashkenta" va Only in Uzbekistan guruhi a‘zolari bu oq rangdagi "Neksiya" avtomobili ikkinchi marta mana shunday videoga tushib qolganlari haqida yozishayapti. Avtomobil o‘g‘irliklari, jinoyatni sodir etganlar haqidagi ma‘lumotlarni bo‘lashish so‘ralayapti.

Toshkentdagi avtomobillar ichidan buyumlarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanayotgan yana bir guruh paydo bo‘lgani haqida Internetda xabar qilinmoqda.

Aytilishicha, biror kishi mashinasini supermarket yoki boshqa do‘kon oldida qoldirib, do‘kon ichiga kirib ketganida, u bilan birga jinoiy guruhning bir vakili ham do‘konga kiradi va mashina egasi do‘konda nimalar bilan band ekani haqida telefonda aytib turadi.

"O‘g‘rilarda haydovchining qo‘lidagi pulьtdan signalni tutib oladigan va uni takrorlab, mashinani hech kimga bildirmasdan ochish imkonini beradigan maxsus qurilma bor. Ular ana shu qurilma bilan mashinani ochib, ichidagi hamma narsani olib ketishadi", - deyiladi Only in Uzbekistan guruhidagi xabarda.

Facebook foydalanuvchilari o‘g‘rilar Toshkentda kuppa-kunduzi jinoyat sodir qilayotganlari, ularga qarshi chora ko‘rilmayotganidan g‘azablanayotganlarini yozishmoqda.

3 fevral kuni BBC Facebook va boshqa Internet sahifalarida e‘lon qilingan video yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasiga bog‘landi.

Boshqarmadan matbuot xizmati bilan gaplashishni maslahat berishdi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati telefoni go‘shagini hech kim ko‘tarmadi.

Toshkent shahar Davlat Avtomobil nazorati boshqarmasida esa telefon go‘shagini ko‘targan xodim "bunday ma‘lumotni olish uchun boshqarmaga shaxsan kelishingiz kerak, telefonda ma‘lumot berilmaydi", deb aytdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining matbuot markazi telefonlarini har doimgidek hech ko‘tarmadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi navbatchilik qismining xodimi "Internetda tarqalgan videodan xabarimiz yo‘q", dedi.

"Bu jinoyatlar oldini olish uchun qanday chora ko‘rilayapti", degan savolimizga vazirlik rasmiysi "kim sizga bu video Toshkentda tasvirga olingan", deb savol bilan javob qaytardi.

Videoni toshkentlik avtohaydovchilar e‘lon qilishgan, oq "Neksiya" ikkinchi marta mana shunaqa video tasvirga tushib qolgani haqida yozishmoqda, degan gapimizga, "oq rangdagi "Neksiya" Qozog‘istonda ham, Rossiyada videoga olingan bo‘lishi mumkin", deb aytdi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mulozimi.

Xullas, hozircha O‘zbekiston huquq-tartibot organlari mashinalar ichidagi buyumlarni o‘g‘irlayotganlarni tutish uchun nima ish qilinayotgani haqida matbuotga hech qanday ma‘lumot berganlari yo‘q.

Facebook Internet ijtimoiy tarmog‘ida Toshkentda shaxsiy avtomobillarning ichidagi narsalarni o‘g‘irlab ketayotgan jinoyatchilarni fosh qilish harakatlari boshlangan.

Toshkentliklarga ko‘ra, oxirgi paytda avtomobillarning oyna va bagajxonasini sindirib ichkaridagi buyumlarni o‘g‘irlash, avtomobillarning to‘rtta g‘ildiragini yechib, mashinani g‘isht ustiga qo‘yib ketish hollari ko‘paygan.

Bu mavzuda batafsilroq