O‘zbekistonlik ijodkorning ishi Berlin kinofestivalida

Image copyright none
Image caption "Chilla" qahramonlaridan biri Bibicha...

6 fevralda ochiladigan Berlin Xalqaro kinofestivalida o‘zbekistonlik kinorejissyor Saodat Ismoilovaning "Chilla" deb nomlangan filmi namoyish etiladi.

"Chilla"da Markaziy Osiyo ayollarining to‘rt avlodi hayoti yo‘li va turmush tarzi aks ettirilgan.

"Filmda ushbu ayollarning sirli va o‘ta shaxsiy dunyosini tasvirlashga uringanman", deydi film direktori Saodat Ismoilova.

Qahramonlardan biri - Markaziy Osiyoning ovloq tog‘li qishloqlaridan birida yashovchi Bibicha kutilmaganda so‘zlashishdan bosh tortadi.

U 40 kun davomida qishloq ahli ko‘zidan yiroqda - buvisi Bibi Saodatning uyida qoladi.

Shu taxlit, chillaga kirgan Bibichaning o‘tmishi va kelajagi chinu ro‘yoga qorishib gavdalanadi.

"Uning hayoti yo‘li javoblardan ko‘ra ko‘proq savollarni uyg‘otadi", deydi Saodat.

Saodat Ismoilova hozir Parijda yashab, ijod qiladi. "Chilla" uning ilk badiiy filmidir

"Chilla" Xollandiyaning "Volya Films", Frantsiyaning "Petit Film", Olmoniyaning "Rohfilm" kino ishlab chiqaruvchi shirkatlari hamkorligida olingan.

6 fevral kuni ochiladigan Xalqaro Berlin kinofestivali sovrini uchun 18ta film tanlab olingan.

G‘oliblarga mukofot topshirish marosimi 15 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

Saodat Ismoilova ijodi va "Chilla" kinofilmi haqidagi videolavha keyinroq bbcuzbek.com dan o‘rin oladi.