Putin Sochi-2014 bilan Rossiya imidjini yaxshilamoqchi, ammo...

Image copyright AFP

SSSR rahbari Leonid Brejnev Moskvadagi Markaziy Lenin maydonida Yozgi Olimpiada O‘yinlarini ochib berganida 1980 yil iyuli edi.

Ammo, Temir Parda ortida katta dabdabalar ostida o‘tgan ilk Olimpiadaning ochilishida so‘zlagan Brejnev janoblari bir narsani - necha yilgina oldin ushbu butunboshli loyihadan voz kechishga uringani haqida og‘iz ochmagandi.

1975 yil Kommunistik Partiya Bosh kotibi politbyurodagi hamkasbiga maktub yozib, Olimpiadaning Moskvada o‘tkazish xarajatlaridan shikoyat qilgan va ehtimoliy mojarolardan ogohlantirgandi.

"Ba‘zi o‘rtoqlar menga bundan kichik miqdorli jarima bilan qutilib qolishimiz mumkinligini maslahat berishdi", deb aytgan o‘shanda janob Brejnev.

Vladimir Putin esa, Olimpiada O‘yinlariga o‘zgacha yondashdi.

Sarf-xarajatlaru mojarolar

Prezident Putin, avval boshidanoq, "Sochi-2014" uchun sa‘y-harakatlarga jiddiy bosh qo‘shdi. O‘yinlarni Rossiyaga olib kelish masalasida Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasini o‘ziga og‘irdirishdan tortib, qurilish ishlarini shaxsan nazorat qilish, boringki, yaqinda qurib bitkazilgan sport inshootlarini sinovdan o‘tkazishgacha Putin janoblari bosh-qosh bo‘ldi.

Sochi uning Rossiyani dunyodagi yirik qudratlardan biri, o‘zini esa, buyuk yo‘lboshchi qilib ko‘rsatishga qaratilgan sevimli loyihasidir.

Hayratlanarlisi shundaki, Leonid Brejnevni qo‘rqitgan ikki narsa - ko‘kka o‘rlovchi sarf-xarajatlar va mojarolar - bugun Vladimir Putin Olimpiada O‘yinlarining ajralmas qismi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, olimpiada inshootlari va qo‘shimcha infratuzilma uchun qariyb $50 milliard sarflangan. Sochi eng qimmatga tushgan Olimpiada O‘yinlari sifatida ta‘riflanmoqda.

G‘arb matbuotida bosh sarlavhalarga aylangan janjallaru mojarolar ro‘yxati esa, Sochidagi chang‘i uchish qiyaliklari kabi uzun deyish mumkin.

Korruptsiya ayblovlari, qurilish ishchilariga maosh to‘lamaslik, Rossiyadagi jinsiy ozchiliklar yuzasidan xavotirlar hamda xavfsizlik qo‘rquvlari shular jumlasidandir.

"Rossiya Olimpiadasining o‘zi - borib turgan mojaro", deydi Moskvada joylashgan Karnegi markazi siyosiy tahlilchisi Liliya Shevtsova.

"Korruptsiya, samarasizlik, mantiqsizlik, o‘taketgan manmanlik va megalomaniya uning ajralmas qismi. Bu - oddiy insonlar risoladagidek turmush kechirishga qurbi yetmaydigan mamlakat uchun behuda pul sarflash. Mazkur holat menga Mussolini va Chausheskuni eslatadi. Ular ham hozir bema‘nilik timsoliga aylangan yaltir-yultur loyihalarni amalga oshirishgandi", deydi u.

Rossiya rasmiylari esa, Olimpiada jamg‘armalari boshboshdoqlik bilan sarflangani yo-da, o‘g‘irlangani borasidagi ayblovlarni rad etishadi.

"Rossiya Hisob palatasi va Soliq Xizmati Sochi bilan bog‘liq hech qanday korruptsiya holatni topishgani yo‘q", deydi Rossiya Olimpiya qo‘mitasi rahbari Aleksandr Jukov.

Jukov janoblari, shuningdek, infratuzilma loyihalari qiymatini Olimpiada xarajatlariga qo‘shib xisoblash ham xato ekanini aytadi.

"Sochida bittagina yo‘l bor edi. Hozir 20ga yaqini qurildi. U yerda yangi oqava suvlar tizimi, yangi quvvat stantsiyasi va yangi gaz quvurlari barpo etildi. Biroq, bu Olimpiada xarajatlari emas. Sochi kabi shaharlar sayyohlarni jalb etish uchun bu kabi infratuzilmaga ega bo‘lishi kerak. Alal-oqibat, bu - Rossiyaning asosiy oromgohi", deya qo‘shimcha qiladi Aleksandr Jukov.

G‘arbga daricha

1980 yil SSSR Yozgi Olimpiada O‘yinlariga mezbonlik qilganida sho‘rolarning Afg‘onistonga bosqiniga norozilik bildirib 60dan ortiq mamlakat o‘yinlarda qatnashishdan bosh tortgandi.

Bu gal Prezident Putinning ziyofatiga soya soluvchi xalqaro boykotlar yo‘q. Shunga qaramay, ko‘plab G‘arb rahbarlari Sochiga bormaslikka qaror qilishgan.

"Agar barcha xalqaro rahbarlar Olimpiadada ishtirok etishsa ham g‘alati-da", deydi Rossiya Davlat telekanali boshlovchisi Vladimir Solovьyov.

"Ularning boshqa qiladigan tuzukroq ishlari yo‘qmi? Bu siyosat va siyosatchilarga bog‘liq emas. Bu sport. Agar Prezident Obama o‘yinlar ishtirokchisi, muz ustida uchish bo‘yicha bellashuvchi bo‘lsayu Sochiga kelmasa, unda ko‘ngilni xira qilgan bo‘ladi", deya yupatadi Solovьyov.

Juma kuni Rossiya Televizioni Vladimir Putinning Sochi Olimpiadasiga shaxsiy hissasi borasida hujjatli film namoyish qiladi.

Joriy hafta efirga uzatilgan traylda Prezident Olimpiya qishloqchasi uchun joyni shaxsan o‘zi tanlaganini bildirdi.

Bu esa, menga 300 yil oldin hukumronlik qilgan buyuk Pyotrni eslatdi. U ham o‘zining yangi poytaxti Sankt Peterburg uchun joyni o‘zi tanlagandi.

Shoh Pyotrning Moskvadan Sankt Peterburgga ko‘chishi Rossiyani Ovro‘poga yaqinlashtirishga urinish edi. Yangi shahar G‘arbga daricha sifatida ko‘rilgan.

Prezident Putin Sochi O‘yinlari "ko‘priklar o‘rnatish"ga ko‘mak beradi deya umid qiladi. Ammo, sportchilar zamonaviy Rossiyani G‘arbga yaqinlashtiradigan ko‘rinishmaydi.

"Putin o‘zni asrab qolishga qaratilgan doktrinani o‘zgartira olmaydi", deydi Liliya Shevtsova. Uning aytishicha, ayni mana shu doktrina Rossiyani G‘arbdan uzoqlashtirib turgan narsa. "Sochi hech narsani o‘zgartirolmaydi", deydi Liliya Shevtsova.

Men Moskva shimolidan bir necha chaqirimgina uzoqlikda joylashgan Mыtishchi shaharchasiga bordim. U yerda "Olimpiyskiy prospekt" deb nomlangan ko‘cha bor. Bu nom ko‘chaga 1980 yil berilgan.

Shahardada odatdagi hayot davom etmoqda - farroshlar yo‘laklarni muzlardan tozalashmoqda, yungli paltolarga o‘ranib olgan mahalliy odamlar esa, Sovet davrida qurilgan turar-joylaridan ishlariga va do‘konlarga shoshilishadi...

Men ularning ayrimlaridan Sochidagi mojarolarga qanchalar qiziqishlari haqida so‘radim.

"Men O‘yinlar boshlanishini sabrsizlik bilan kutyapman, ayniqsa, hokkeyni", deydi Viktor. "Ularga juda ko‘p pul sarflanganini bilaman... Ammo, balki bu arziydigan ishdir", deya qo‘shimcha qiladi u.

"Meni korruptsiya tashvishga solayotgani yo‘q", deydi Yelena. "Men ko‘proq sportchilarimiz qanday natijaga erishishlari haqida qayg‘urayapman. Pullar o‘g‘irlangani haqida eshitaverib qulog‘im o‘rganib ketgan. Bu biz uchun yangilik emas", deydi u.

Prezident Putin o‘z olimpiadachilari xorijda bahsu munozaralarni uyg‘otganidan xabardor. U ko‘plab G‘arb rahbarlari kelmayotganini ham yaxshi biladi.

Lekin, ayni paytda unga olimpiada payti juda ko‘p rossiyaliklar o‘z televizorlariga yelimdek yopishib olishlari va ular bu tantanalar uchun qancha pul sarflangani emas, balki mamlakat sportchilari qancha sovrinni qo‘lga kiritayotganlari yuzasidan ko‘proq qayg‘urishlari ham ma‘lum.