O‘zbekiston: ko‘chalarni qor va loydan kim tozalaydi?

Image caption Toshkentda prezident o‘tadigan markaziy ko‘cha qordan tozalanmoqda

O‘zbekistonda fevral oyining boshida kirib kelgan qattiq sovuq oqimi, tinimsiz qor nafaqat gaz va elektr tanqisligini kuchaytirgan, qalin yoqqan qor transport harakatini ko‘p joylarda falajlab qo‘ygan.

Oldinroq respublikaning ko‘p joylarida maktab va bog‘chalar yopilgan edi.

Kunlar biroz iliy boshlagach, yana bir muammo - tozalanmagan ko‘chalardagi qor va muzlar erib, katta miqdorda loy uyumlar paydo bo‘lgan.

"Surxondaryoning tog‘li tumanlarida qor-muzlardan mashinalar harakati hali ham qiyin, Denov shahrida esa loy ko‘chalarda yurib bo‘lmay qoldi", deydi bozorda ishlaydigan tadbirkor ayol.

Ayni paytda bir qancha o‘quvchilar hatto poytaxt Toshkentda qator markaziy ko‘chalar kir qor va loyga to‘laligini aytib xat yozishgan.

"Faqat prezident trassasi tozalanadi. Qolgan ko‘chalarda mashinalar iflos suvni uchirib o‘tib ketishadi. O‘zingizni chetga ololmay qolasiz. Nahotki Toshkentda ko‘cha tozalaydigan mashinalar yo‘q", deb norozi bo‘ladi Sadriddin.

uforum.uz da internet foydalanuvchilarning Toshkent ko‘chalarida qorlarning uyulib yotgani, tozalanmayotgani haqida tanqidiy fikrlarini o‘qish mumkin.

Samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘z blogida yozishicha, Samarqandda ham ko‘chalar tozalanmayapti.

"Faqat yuqori lavozimli mehmonlar o‘tadigan aeroportga boradigan yo‘l qor tozalaydigan mashinalar bilan tozalanmoqda".

"Bizda ham qor tozalaydigan mashinalar bor ekanku", - deydi hayratini yashirmay jurnalist. Katta mehmon kelishiga ko‘chalar maxsus mashinalarga o‘rnatilgan shyotkalarda tozalanib, kirlari yuvildi. Maktab o‘quvchilari ham qishning ayozli kunlarida tozalash ishlariga jalb qilindi. Lekin bunday ishlar faqat katta ko‘chalarda olib borilayotganiga amin bo‘ldim".

"Bu nafaqat mening boshqa odamlarning ham e‘tiborini tortdi. Axir bizda tozalash mashinalari bor ekan, nega har doim ishlatmaymiz. Faqat mehmon kelganda ishlatamiz. Shaharning tozaligini faqat nufuzli mehmonlarga ko‘rsatish kerakmi, shaharliklarning o‘zi bunga loyiq emasmi? Boshqa tomondan olganda, oddiy kunlarda ham Samarqandda yuzlab xorijlik sayyohlar bo‘ladi, ko‘chalarimizni ko‘radiku. Kir ko‘chalar ularda qanday ta‘surot qoldirishi haqida nega o‘ylanmaydi?", deb xunob bo‘ladi samarqandlik jurnalist.

O‘zbekistonda har yilgidan qattiq kelgan qish rasmiylar gapirishni xushlamaydigan uy joy-kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi muammolarni yuzaga chiqardi.

Qishloqlarda odatiy bo‘lgan gaz va chiroq muammosi shaharliklarning ham tashvishiga aylandi.

O‘z kunini o‘zi ko‘rishga o‘rganib qolgan aholining gaz va chiroq o‘rnini bosadigan qo‘lbola moslamalari tufayli deyarli har yili yong‘inlar kelib chiqadi.

Fevral oyining o‘zida Navoiy va Samarqandda gaz ballondan foydalangan oilada yuz bergan yong‘in kamida olti kishining umriga zomin bo‘lgani aytildi.