Prezident Karimovning Chexiyaga safari "kechiktirildi"

Image caption Janob Karimovning safari o‘zbek tomonining istagiga binoan kechiktirilgan

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Chexiyaga rejalangan safari "kechiktirilgan".

Bu haqda BBCga Chexiya Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Xinek Kmonichek (Hynek Kmonicek) ma‘lum qildi.

Janob Kmonichekning aytishicha, safarni kechiktirishni o‘zbek tomoni iltimos qilgan.

Unga ko‘ra, bu Prezident Karimov tashrifi kun tartibidagi o‘zgarish bilan bog‘liq.

Chexiya vakili tashrifning "bekor qilinmagani"ni urg‘uladi.

Chexiya Prezidenti so‘zchisining aytishicha, 21 fevralda boshlanishi kutilgan tashrif davomida ikki tomonlama aloqalarga doir 10 ta hujjat imzolanishi kutilgandi.

"Bu hujjatlarning har birini imzolash uchun belgilangan vaqt o‘zbek tomonining ish tartibiga to‘g‘ri kelmagan", deb aytdi janob Kmonichek.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif davomida Chexiya bosh vaziri Prezident Karimovga rasmiy ziyofat berishi rejalangan edi.

Ammo shu kunlari bosh vazir Pragada bo‘lmaydi.

"Shu bois o‘zbek tomoni safarni keyinroqqa surish ma‘qul ekanini bildirdi", - deb aytdi Chexiya Prezidentining vakili.

U Prezident Karimovning tashrifi qachon amalga oshishi hozircha noma‘lum ekanini aytdi.

Avvalroq bir guruh xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Prezident Milosh Zemanga murojaat yo‘lab, uni "o‘z mamlakatida avtoritar tuzum o‘rnatgan" Prezident Karimov bilan uchrashuvdan voz kechishga chaqirishgandi.

Janob Zeman huquq faollarining murojaatini keskin bir shaklda rad etgan.

Chexiya Prezidenti O‘zbekiston rahbarini Chexiyaning avvalgi prezidenti Vatslav Klaus taklif etganini aytib, o‘tmishdoshining taklifnomasini hurmat qilishini aytgan.

Milosh Zeman Prezident Karimovning Vashington va Bryusselga safarlari bu kabi norozilikka sabab bo‘lmaganini ta‘kidlab, huquq faollarini "ko‘proq ma‘lumotga ega bo‘lish va ikkiyuzlamachilik qilmaslik" ka chaqirgan.