Sochi 2014: "Dilxiroj" ham, "Tom boshida tog‘ora" ham bo‘lmaydi

Image copyright Reuters

Ha, o‘zbekistonlik ko‘plab sport ishqibozlarining ham, qator internet nashrlarining ham umidlari o‘zini oqlamaydigan ko‘rinadi.

Sochidan olingan so‘nggi xabarlarga tayanilsa, Iceberg muz saroyida O‘zbekning xonatlasi ham yal-yal yonmaydigan, dillarni o‘ynatib "Dilxiroj"i yoki "Tom boshidagi tog‘orasi..." ham yangramaydiganga o‘xshaydi.

Rossiyaning Sochi shahrida 7 fevral kuni rasman ochilgan bu yilgi Qishki Olimpiada O‘yinlari arafasida O‘zbekistonning qator internet nashrlarida muz ustida figurali uchish bo‘yicha rossiyalik raqs juftligi Yelena Ilinix va Nikita Katsalapov yana "Dilxiroj"dan tortib, "Tom boshida tog‘ora"yu, "Andijon polka"gacha raqsga tushisharmish, degan xabarlar paydo bo‘lgandi.

Bunga Rossiya Olimpiya milliy terma jamoasi a‘zolari bo‘lgan ikkovlonning o‘tgan yil yakunida bo‘lib o‘tgan Rossiya chempionatida ijro etgan qisqa dasturlari sabab bo‘lgandi.

Rossiyalik bu yosh raqs juftligi birlari zarbof "to‘nda", boshqasi etaklari tizzasini yopib turgan xonatlas ko‘ylakda muz ustida paydo bo‘lishgan va bir-biriga ulanib ketgan sof o‘zbekona o‘ynoqi ohanglar ostida, hammani tom ma‘noda lolu hayron qoldirib, raqsga tushib berishgandi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ularning ushbu ijrosi hozir Sochi Qishki Olimpiada O‘yinlarining muz ustida figurali uchish bellashuvlariga mezbonlik qilayotgan "Aysberg" arenasida olqishlar bilan kutib olishgan, raqs juftligi yakunida Rossiya chempionatining kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishgandi.

Ammo...

Image copyright AP
Image caption O‘zbekistonlik taniqli sozandaga ko‘ra, muz ustida ijro etilishi mumkin bo‘lgan O‘zbek milliy raqslari ozmuncha emas

9 fevral kuni poyoniga yetgan jamoaviy bellashuvlar ortidan, o‘zbekistonliklarning umidlari o‘zini oqlamadi.

Yelena Ilinix va Nikita Katsalapov Rossiya Olimpiya milliy terma jamoasi O‘yinlarda o‘zining ilk oltin medalini qo‘lga kiritgan musobaqalarda faqat erkin dasturda chiqish qilib berishdi.

Sochidagi muxbirimiz Rafael Saakovning muz ustida figurali uchish bo‘yicha Rossiya Olimpiya milliy terma jamoasi matbuot xizmatidan olgan ma‘lumotlariga tayanib aytishicha esa, ikkovlon 16 fevral kuniga rejalangan yakka bahslarda ham qisqa dasturlarini O‘zbekonasi emas, butkul boshqa kompozitsiya ostida ijro etishmoqchi.

Agar, O‘zbekistondagi qator internet nashrlari keltirgan ma‘lumotlarga tayanilsa esa, so‘nggi Rossiya chempionatida raqs juftligiga sovrinli o‘rinlarni ta‘minlagan O‘zbekonasini tayyorlashda hozir AQShda yashayotgan o‘zbekistonliklar ham o‘z hissalarini qo‘shishgan.

Xabarlardan ayon bo‘lishicha, Toshkent konservatoriyasi bitiruvchisi Eduard Qalandarov "Andijon polkasi" ohanggi ostida yangi kuy yozadi, Qrim Avtonom Respublikasida Xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli baletmeyster va Nyu-Yorkdagi "Qrim afsonasi" qrim-tatar ansambli rahbari Dinara Faizova qisqa dasturni tayyorlash jarayonida o‘zining maslahatlarini darig‘ tutmaydi.

Ayni o‘rinda shuni ham qayd etib o‘tish kerakki, Nikita g‘irt moskvalik bo‘lsa, 19 yoshli Yelena asli Qozog‘istonning Aktau shahridan.

Toshkentdan munosabat va umidlar

Image caption "Agar raqsning "hidi" kelib tursa, milliy ekaniga qaramay, istagan xalqning dilini zabt eta oladi"

Taniqli sozanda Shavkat Mirzayev muz ustida figurali uchish bo‘yicha rossiyalik raqs juftligining O‘zbekona dasturiga munosabat bildirarkan, buning juda yaxshi ish bo‘lganini aytadi.

"Tabriklasa bo‘ladi. Demak, o‘zbek milliy musiqasining jozibasi yoqibdiki, har tomonlama shunga ma‘qul kelibdiki, ular shuning asosida raqs tayyorlashipti", - deydi u kishi.

Agar, O‘zbekona qisqa dastur Nikita va Yelenaga muvaffaqiyat keltirgani nazarda tutilsa, bir xalq milliy raqsiyu kuy-qo‘shig‘i boshqasining ko‘nglini qay bir jihatdan zabt eta oladi?

Taniqli sozanda suhbatdoshimiz aynan "Dilxiroj" misolida bu savolimizga javob berarkan, bu raqs nomining o‘ziyoq insonning dili o‘ynashi, raqsga tushishini anglatishi, sur‘ati, harorati, raqsning "hidi" kelib turishiga qarab, hamma xalq ham qabul qilishini aytadi.

O‘z navbatida, Shavkat aka Mirzayevning ta‘kidlashicha, raqqos figuristlar muz ustida ijro etishlari mumkin bo‘lgan bundan boshqa O‘zbek milliy raqslari ham ozmuncha emas. Chunki O‘zbek milliy musiqalarining o‘zi raqsbop, deydi suhbatdoshimiz.

Taniqli sozanda hozir Sochi Qishki Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni namoyon etayotgan Misha Ge ham, agar yuragiga o‘tirsa, O‘zbek musiqasidan olib o‘ynasa, juda katta yutuqqa erishadi, degan fikrda.

Agar, Misha uchun shunday bir kompozitsiya tayyorlab bering, degan taklif bilan chiqishsa, nima qilardingiz, degan savolimizga esa, Shavkat aka, buning uchun "uning bundan avval o‘ynagan raqslari va imkoniyatlari bilan tanishib chiqishi kerakligi, buning shunchaki to‘satdan hal qilinadigan ish emasligi"ni aytadi.

Sochi Qishki Olimpiada O‘yinlarining muz ustida figurali uchish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi qisqa dastur bellashuvlari bugun 13 fevral kuni boshlanadi.