Futbol: Vadim Abramov yana "Lokomotiv"ga qaytmoqchi

Bu haqda taniqli murabbiy hozirgina BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida bildirdi.

Vadim Abramovning aytishicha, Toshkent jamoasining xuddi shunday taklifiga, "Ha", deb javob bergan.

Unga ko‘ra, hozir "Lokomotiv" bilan bu xususdagi muzokaralari davom etmoqda va halicha rasman shartnoma imzolanmagan.

Agar, tomonlar rasman bir to‘xtamga kelishsa, bu – Vadim Abramovning Toshkent jamoasiga ikkinchi bor Bosh murabbiy etib tayinlanishi bo‘ladi.

Vadim aka bundan avval 2006-2010 yillar oralig‘ida "Lokomotiv"ga boshchilik qilgan.

"Lokomotiv" joriy paytda O‘zbekistonning eng old jamoalaridan biri sanaladi va so‘nggi mavsumni sovrinli ikkinchi o‘rin bilan yakunlagan.

"Men shu klubdan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Bosh murabbiylikka ketganman. Shu sababdan ham, bu jamoa menga begona emas. O‘yinchilarini ham yaxshi bilaman. Klub hayotida faol ishtirok etganman", - deydi Vadim aka BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida.

Suhbatdoshimiz, "qadrdon jamoasiga qaytayotganidan mamnun ekani, chunki "Lokomotiv" o‘z oldiga barcha turnirlarda g‘alaba qozonish kabi jiddiy vazifa qo‘ygani, o‘zini joriy paytda aynan xuddi shu narsa qiziqtirayotgani"ni aytadi.

"Men milliy terma jamoaga ketgan paytimda, "Lokomotiv" birinchi o‘rinda edi. Yana o‘sha o‘ringa qaytishni xohlardik, albatta. Ya‘ni, futbol ishqibozlarini xursand qilish uchun qo‘limdan kelgan ishni qilardim".

Suhbatdoshimiz "Lokomotiv"da yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgani, jamoa tarkibi yaxshi ekani, o‘tgan yilgi mavsumda O‘zbekiston milliy chempionatida ikkinchi o‘rinni olib, katta mehnat qilgan o‘zidan avvalgi insonlardan minnatdor ekanini ham ta‘kidlaydi.

Vadim Abramov o‘tgan yil noyabr oyida Qozog‘istonning uchta kuchli jamoasidan bittasi bo‘lgan "Ostona"ga Bosh murabbiy etib tayinlangan, ammo klub prezidentining kutilmagan iste‘fosi ortidan, oradan ikki hafta o‘tib, o‘z vazifasidan ketishga qaror qilgandi.

Toshkentning "Lokomotiv" jamoasi rasmiy web sahifasida chop etilgan rasmiy bildirishnomada aytilishicha esa, "Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqish vazifasi bajarilmagandan so‘ng, klub rahbariyati amaldagi Bosh murabbiy Hakim Fuzaylovni o‘z lavozimidan ozod etishga qaror qilgan".

"Lokomotiv" shu hafta boshida Osiyo Chempionlar Ligasining pley-off bosqich uchrashuvini Quvayt jamoasiga yirik hisobda boy bergandi.

Vadim Abramov 2010-2012 yillar oralig‘ida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga murabbiylik qilgan.

Shuning barobida O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasini ham boshqargan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan birga tarixiy natija qayd etib, ilk bor Osiyo Kubogining yarim finaligacha ko‘tarilgan.

Jamoani 2014 yilgi jahon chempionati saralash bosqich bellashuvlarining yakuniy bosqichiga olib chiqqan.

Vadim Abramov o‘z murabbiylik faoliyatini Farg‘onaning "Neftchi" klubida Bosh murabbiy yordamchisi sifatida boshlagan.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning "NBU-Osiyo", "Traktor" va "Lokomotiv" klublarida ishlagan.