O‘zbekiston: 1 million ish o‘rni va million ishsizlar

Image caption Qishloq joylaridagi ishsizlik yoshlarni katta shaharlardan ish qidirishga majburlaydi

O‘zbekistonda har yili millionga yaqin ish o‘rinlari yaratilgani haqida hisobotlar yangraydi. Biroq real hayotda vaziyat o‘zgacha ekani aytiladi.

Qog‘ozda yaratilayotgan bunday ish o‘rinlari jamiyatdagi ishsizlik muammosiga barham bermayotgani, yoshlar muammoni o‘z bilganicha hal qilayotgani ta‘kidlanadi.

Avazjon (ismi o‘zgartirilgan-tahr.) Jizzax viloyatidagi paxta zavodlarning birida master bo‘lib ishlaydi. Kollejda moliya mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan Avazjon bu kasbda ish topolmagan.

O‘qigan kollejiga esa diplom olish uchun ishlayapti degan qalbaki ma‘lumotnoma olib kelib bergan, hozirgini ishini topguncha ikki yil sarson bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan. Hozirda paxta zavodida ishchilarning ishlash samaradorligini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi.

Avazjon zavoddan olayotgan maoshi kamligini aytadi.

"Oyiga 80-90 ming berib turadi. Yana 2 kilodan olma, go‘sht berib turadi. Hamma xalq shunga rozi bo‘lib ishlayapti".

Suhbatdoshimizning aytishicha, qog‘ozda bir oylik maosh 700 ming so‘m yoki 250 dollar yoziladi. Biroq ushbu summa na plastik kartochkaga tushadi va na qo‘lga tegadi.

"Pullarimiz turadi, lekin qachongacha turadi va qachon olamiz, bilmaymiz. Masterlar sheluxa olamiz", - deydi Avazjon.

Chigit sheluxasi mollar uchun yem sifatida ishlatiladi. Zavod ma‘muriyati ayrim ishchilariga qog‘ozda oylik o‘rniga 2 tonnadan sheluxa beradi. Lekin shu yerda ham o‘yin bor. Rahbariyat sheluxani o‘zini bermaydi, balki davlat narxidagi bahosini hisoblab pulini beradi. 2 tonna sheluxani 250 ming so‘mlik ish haqqimga oldim, degan mazmunda ishchilardan qo‘l qo‘ydirib oladi. 2 tonna sheluxaning bozordagi narxi esa 2 million so‘mdan kam emas.

"Sheluxani qo‘limizga bermaydi, biz uni ushlamaymiz. 2 tonna oldi, dengan qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib oladi. Keyin pulini berib qo‘yadi".

Mana shu yo‘l bilan zavod ma‘muriyati o‘z ishchilari haqqidan mo‘maygina daromad orttirib olishi mumkin. Biroq mahsulot cheklanganligi bois ishchilarga sheluxa berish tadbiri bir necha oyda bir marta amalga oshiriladi.

Sharoitlar ishlash va yashash uchun qulay bo‘lmasa ham tuman yoshlari bu kabi zavodlarga kirish uchun navbatda turishadi. Oraga tanish bilish va porani ishga solishadi.

"Bizga choy taklif qilib ishga kiradiganlar bor-da. Meni ishga ol, senga 50 ming so‘mga choy beraman yoki o‘sha pulni qo‘lingga beraman, deydiganlar bor. Lekin zavodda tayinli oylik bermaydi", - deydi Avazjon.

Viloyatdagi ishsizlik yoshlarni maoshi kun o‘tkazish uchun yetmasa ham bu kabi zavodlarga ishga kirishga majbur qilmoqda. Ishchida zavodga kirib moliga yem olish imkoniyati va har kuni maxsus tikilgan cho‘ntaklarga 2 kilocha chigit solib o‘g‘irlik qilish imkoni bo‘ladi.

"Zavodga ishga kirib moliga yem oladi. Har oy yoki bir yarim oyda plastikka 80 yoki 100 ming so‘m pul tashlab berishadi, shuni oladi. Borib kelib kuni o‘tadi. Ikki kilo chigit olib chiqib sotsa, bir-ikki kilo kartoshka oladi. Shunday qilib qishni o‘tkazadi".

Avazjonning o‘zi hozirgi ishini topguncha bir necha joyda ishlashiga to‘g‘ri keldi. Kollejga ishga kirdi, deb soxta ma‘lumotnoma olib borib diplomini olganidan so‘ng ish izlab Qozog‘istonga ketdi.

Qozog‘istondagi og‘ir mehnat va arzimas pulga sheriklari dosh berolmadi. Qaytib kelib, Toshkent viloyatidagi poliz ekinlari yetishtiruvchi issiqxonalarda ishladi.

Shularning ichidan unga eng ma‘qul kelgani hind tadbirkori tomonidan Toshkent shahri chetida yuritilgan pishiq g‘isht ishlab chiqarish tsexi bo‘lgan.

"Oldin men ishlagan joy yopilib ketdi. Hindistonlik odam yuritardi. Nimaga yopildi, sababini bilmayman", - deydi u.

Korxonada 100 ga yaqin odam ishlagan. Avazjonning atishicha, bir oyda yaxshi ishlasa naqd 1 million so‘mgacha yoki 350 dollar topish mumkin bo‘lgan. Biroq o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ham bo‘lgan. Qizib turgan pechkaga g‘isht taxlash va olib chiqishga yozning jaziramasida har kim ham chiday olmagan.

Avazjonning bildirishicha, tengdoshlarining oldida Rossiyaga borib ishlab kelish imkoniyati ham bor. Ammo Rossiyaga borish uchun biroz mablag‘ kerak bo‘lgani va bu 50 ga 50 tavakkal ish bo‘lgani uchun har kim ham boravermaydi. Bundan tashqari o‘rtadagi odamlar ko‘payib ketganligidan ishchining haqqi kamayib ketaveradi.

"Misaol uchun, men O‘zbekistondan 5 ta bolani olib, ketdik ish bor deyman. Zo‘r ish, uyga shunchadan yuborasizlar deyman. Borib ish topib beraman, ular ishlayveradi. Qiladigan ishiga 1000 dollar berishadi, lekin ular qo‘liga 300 dollar oladi. Lekin ularning ustidan menga o‘xshab ishlamasdan olib yotadiganlari bo‘ladi. 3-4 kishi".

Suhbatdoshimizning aytishicha, u yashab turgan joyda Rossiyada 5 yil ishlab bir tiyin ham ololmasdan qaytib kelgan yoshlarni ham uchratish mumkin.

Avazjon kunlar isishini kutayapti. Kunlar isishi bilan poytaxt Toshkentga qarab ish izlab ketadi. U yerda har qalay hozircha maoshni olma, go‘sht bilan berayotgani yo‘q.Naqd pul ishlab topish imkoni bor...