Qozog‘iston prezidenti: xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish kerak

Image copyright Reuters
Image caption Qozog‘iston xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha dunyoda ilg‘or 20 davlat orasida 19 o‘rinni egallagan

Qozog‘iston internet nashrlariga ko‘ra, Prezident Nursulton Nazarboyev mamlakatda "xorijiy investorlar uchun jannat" sharoit yaratib berishni talab qilgan.

Nazarboyev xorijiy sarmoyadorlar jalb qilinmas ekan, hukumatni iste‘foga chiqarishini bildirgan.

"Ko‘p gapdan foyda yo‘q. Agar biz aytadiganimizdek, investorlar uchun jannatiy sharoit yaratishni istar ekanmiz, kelinglar qilaylik", - deb aytgan janob Nazarboyev Sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Aset Isekeshevga qarata hukumat majlisida.

"Sen aniq masala to‘g‘risida juda ko‘p gapirasan, moliya vazirini mamlakatda tushunishlari uchun ezop tilida emas, tabiiy inson tilida gaplashish kerak", deb tanqid qiladi Nazarboyev Moliya vaziri Yerbo‘lat Do‘sayevni.

Nazarboyev mamlakatda to‘qqizta maxsus iqtisodiy hudud mavjudligini eslatar ekan, shu yerda investorlar uchun qulay sharoit paydo qilish mumkinligini ta‘kidlaydi.

"Sanoatlashtirish qachonki transmilliy shirkatlar kirib kelganida bo‘lishi mumkin va ular bilan birga yirik ishlab chiqarishni ocha olamiz. Biz investorlar bilan umumiy til topishimiz lozim. Bizda xorijliklar bilan ularning tilida gaplashadigan mutaxassislar yo‘q, hamma muammo shunda. Agar siz buni qilmas ekansiz, buni hukumatning boshqa tarkibi amalga oshiradi. Men sizni ogohlantiraman. Bu biz uchun juda muhim. Bizda bu borada boshqalarga qaraganda ustunlik bor, lekin undan oxirigacha foydalana olmayapmiz", deb aytadi janob Nazarboyev.

O‘tgan yilda Qozog‘iston xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha dunyoda ilg‘or 20 davlat orasida 19 o‘rinni egallagandi.