Shahodat Ulug‘. Jayhun epkinlari - roman. 4-qism

Shahodat Ulug‘ (Ulug‘ova) – 1970 yilda Nurota shahrida tug‘ilgan.

O‘rta maktabni tamomlagach, ToshDU jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Bir necha nasriy kitoblar muallifi.

Yozuvchining e‘tiboringizga havola etayotganimiz – Xorazmshohlar saltanati tarixidan, ulug‘ sarkarda Jaloliddin Manguberdining jasoratlarga to‘lug‘ hayotidan hikoya etuvchi romani adabiyot ixlosmandlari tomonidan iliq qarshi olinmoqda.

Aziz mushtariy, jozibali uslubda bitilgan ushbu asarni Sizga ham sog‘indik, uni mutolaa qilish barobarida Siz ham yurtimizning shavkatli o‘tmishiga yana bir karra oshno bo‘ling.

44. Muhim tilov

Keng va muazzam koshonaga quyosh nurlari sirg‘alib tushgan chog‘ eshik og‘asining qalqoni yarqirab ketdi. O‘ktam qadam eshitildi. Xosnavkar daf‘atan sergak tortdi. - Shahzodam! – Eshik og‘asi boshini egib, - qadamlariga hasanotlar bo‘lsin! - dedi tavoze ichida. Jaloliddin mamnun bosh silkib: - Tilagim shahanshohimizni ko‘rmoqdir! - dedi. - Angladim, shahzodam! - Eshik og‘asi ta‘zim qilib, keyin koshona eshigini ochib, ichkariga kirdi. Taxtda o‘tirgan Xorazmshoh ichkariga kirgan xos navkarga qaradi. - Onhazratim! - Ta‘zim qildi eshik og‘asi. - Yaqinlash! Navkar yaqinlashib, quyi egilgan boshini biroz ko‘tarib so‘zlandi: - Shahanshohim! - Co‘zla! - Shahzoda Jaloliddin huzuringizga kirmoq tilagidadir! - Chorla, kirsin! Qulliqda boshi egik xosnavkar ortiga tisarilib, tashqariga chiqdi. Fursat o‘tib, ichkariga shahzoda Jaloliddin kirdi. U shahanshoh buzrukvori yoniga tavoze ichida qulliq qilib to‘xtadi, so‘ng tiz cho‘kib, qiblagohining etagidan o‘pdi: - Onhazrat qiblagohim! - Shahzodam, marhabo, xush kelding! - Xorazmshoh yonidagi o‘rindiqqa ishorat etib o‘g‘liga dedi,- qani, marhabo! - Qulliq, shahanshohim! Biroz qulliqda chekingan shahzoda, o‘rindiqqa borib o‘tirdi. - Omonmisan, shahzodam?!- Hol-ahvol so‘ragan bo‘lib savol qotdi sulton. - Inshaolloh, omonman!- Minnatdor ohangda javob qaytardi u. So‘ng o‘ng qo‘lini tizzasiga olib borib, indamay qoldi. - Holi o‘yingdin angladimki, nimanidir gapirmoq ilinjidasan, ammo so‘zlamoqqa jur‘at topmayotirsan.- Xorazmshoh unga teran nigohlarini qadadi. Shahzoda shahanshohga dedi: - Bir masalada shahzoda o‘g‘lingiz sizning duoyi yo‘llovingizni istab, huzuringizga bosh urib kirmish! - Duolarim sengadir! - Qulliq. - Ammo ne tilovligin bilmayotirman! - Ma‘lumingiz, Yettisuv Go‘rxon qo‘linda parokandadir. Erta-indin siz zoti oliyning lashkarlari u yonga qo‘shin tortish niyatindadir! - Ma‘lum! - Bul mujodalada shahzoda o‘g‘lingiz ham ishtiroq etmoq niyatinda hukmi oliyning farmoniga shaydir. Xorazmshohning avval tepa ko‘tarilgan qoshlari chimirilib, so‘ng o‘rtasiga quyuq chiziq tortildi. Uning bu holi shahzoda tilovini o‘ylab ko‘rmoqlikka bir ishorat edi. Sulton taxtdan pastga tushdi. Jaloliddin o‘tirgan joyidan turib, buzrukvoriga qulliqda bosh egdi. Xorazmshoh o‘g‘lining ko‘rkam yelkasiga qo‘lini olib borar ekan, bilagiga kuch, tafakkuriga aql inganiga ishonch hosil qildi. Keyin o‘ziga boqib turgan farzandiga qarab aytdi: - Shahzodam, bul bir muhim tilovdir! - Na qaroringiz bo‘lsa, amr eting, shahanshohim! - Qani, sinov maydoniga marhabo unda! Shahzodaning shodlikdan ko‘zlari chaqin chaqdi. - Buyuring, shahanshoh! - Chorbog‘ maydoniga o‘tgaymiz! Chorbog‘ga o‘tilgach, bahodirlar orasida o‘zaro kurashlar avjiga chiqdi va Xorazmshohning dilini yayratib, Jaloliddin barcha raqiblarini yengib, shahanshohning chinakam vorisi ekanini buzrukvori ko‘z o‘ngida to‘kis isbotladi.

45. "Kimdan qo‘rqursan?!"

Oradan ikki kun o‘tgach, Xorazmshoh huzuriga shahzodalarni chorladi. Shunda shahzodalar uning qabuliga bittadan kiritildi. - Shahzodam Jaloliddin! - Xorazmshohning ovozi jaranglab, shiftlarga urilib qaytdi. - Buyuring, shahanshohim! Xorazmshoh taxtdan tushib, quyiga odimladi. U baayni otasi shavkatli Tekish nigohlari muhrlangan teran ko‘zlarini shahzodaga tikib, yonidagi qilichini to‘g‘irlagancha savol qotdi: - Cavash maydonida kimdan qo‘rqursan! - Ollohdan qo‘rqurman! - Ofarin! - Qulliq, shahanshohim! Xorazmshoh barmog‘idagi sariq la‘l ko‘zli uzukni chiqarib, arjumandiga tutdi. Shahzoda shoh qarshisida tiz cho‘kib, uning etagini o‘pdi. So‘ng o‘rnidan turib, shavkatli padarining teran boqquchi ko‘zlariga g‘ururlanib qaradi. Xorazmshoh tutqazgan uzuk Jaloliddin barmog‘ida yarqirab, ko‘zni qamashtirdi. - Sharaf tuydim, shahanshoh! - U g‘ururlanib boz qayta Xorazmshohdan azmoyish oldi, so‘ng biroz ortiga chekinib, – Mamnunmen, minnatdormen! - dedi. - Shahzodam, ruxsat senga! So‘ng qolgan shahzodalar birin-ketin sulton huzurida hozir bo‘ldi. - Shahzodam Qutbiddin O‘zloqshoh! - Chorlovingizga ko‘ra huzuringizda hozirmen, Shahanshohim! Xorazmshoh taxti ravonda viqor bilan o‘tirar ekan, farzandiga savol nazari bilan boqdi. - Yaqinlash. - Amr etganingizdek. - O‘zloqshoh, senga savolim bordur! O‘zloqshoh quyi egilgan boshini xiyol ko‘tarib, nigohlarini padariga qadadi. - Savol eting, Shahanshohim! - Cen kimdan qo‘rqursan?! - Og‘am Jaloliddindan! Endigi gal shohning huzuriga shahzoda G‘iyosiddin Pirshoh kiritildi. - Shahzodam Pirshoh! - Amringizga muntazirman, Shahanshoh! - Shahzodam, ayt, san-da kimdan qo‘rqursan! - Og‘am Jaloliddindan! So‘ng shoh huzuriga Oqshoh, Rukniddin, Gursanjti, Hurshoh kiritildi. Shahzodalarning barchasi Xorazmshohning "Kimdan qo‘rqursan?", degan savoliga "Og‘am Jaloliddindan" degan javob qaytardi.

46. Yorqin xabar tarqaldi

Hisobsiz qo‘shin Yettisuv tomon yo‘naldi. Yettisuv uchun boshlangan jang beayov kechdi. O‘shanda Jaloliddin muhoraba maydonida mislsiz jasorat ko‘rsatib, muzaffariyat bayrog‘ini quchib qaytdi. So‘ng Xurosonda ko‘tarilgan boshboshdoqlikni bartaraf etmoq uchun Afg‘on zaminiga yo‘l oldi. Xurosonda osoyishta hayot o‘rnatilgach, Jaloliddin tag‘in Movarounnahrga qaytdi. Mujodala maydonida baayni sher hamlasini qo‘llagan Jaloliddin g‘animlari ko‘ngliga tahlika va qutqu solib, jangga shiddat ila beomon kirishi tillarda doston bo‘ldi. Mankburni tashqaridan salomxonaga sirg‘alib tushgan bir tutam zarif ziyoga nigohini qadadi. U o‘rnidan turib, koshonani bir aylanib chiqdi. Atrof osoyishta, faqat saroy mahramlari o‘z yumushlari bilan tinmay kuymalanar edi. * * * Nishopur yangi kunga yuz tutgan, bu muborak juma kunduzi edi. Sulton Jaloliddin qudratga kelgan kun edi bu kun! Yorqin xabar tarqaldi. Saroy a‘yonlari hamda Xuronson beklari, amiru noyiblari Movarounnahr Sultoni Jaloliddin Mankburniga sodiq xizmat etmoq uchun uning huzurida hozir edi. Jarchi shirali va bag‘oyat maftunkor ovozda jar soldi: - Diqqatli bo‘ling, Sulton Jalal ad Dunya va-Din Abdul Muzaffar Mankburni ibn Muhammad onhazratlari! Jarchi navkarning shirali ovozi saroyni tutib ketdi. Barcha hushyor tortib, qulliqda tek qotishdi. Sulton Jaloliddin Mankburni Xorazmshoh qadamlari zarbidan saroy larzaga keldi. Sulton shamshod qaddiga yarashiqli, xorazmshohlarga xos viqor bilan taxtga borib o‘tirdi. Jarchining jarangdor ovozi tag‘in yangradi: - Shahanshohim, butun Movarounnahr hamda jumlayi Xuroson, Eron Siz zoti oliylarini muborakbod etib, Sizga sodiq xizmat etmoq uchun qasamyod etmoqqa shaydur! Sulton "ma‘qul" ma‘nosida bosh chayqadi. Jarchi yana jar soldi: - Shayxul Islom Abdul Ja‘far Muhammad hazratlari! Shayxul Islom Yaratgan Egamga hamd-sano o‘qib, so‘ng Sultonni muborakbod etdi. Taxtdan pastga tushib, quyiga qarab yo‘nalgan shahanshoh Shayxul Islom qarshisida to‘xtab, uning muborak qo‘lini yuziga surtdi. Keyin duoyi salomlar ichida yana taxtga borib o‘tirdi. Muborak juma kunduzi qilingan duolar ijobat bo‘lgusi onlar yaqinlashmoqda edi. Shayxul Islom xutbada Sulton Jaloliddin Xorazmshoh nomini o‘qib eshittirdi. Vaziri a‘zam Sultonning etagini o‘pib ont ichdi: - Qodir Ollohga ontkim, so‘nggi tomchi qonim qolgunga qadar ahdimga sodiq qolib, Siz zoti oliy va Movarounnahr uchun xizmat qilmoqqa qasamyod eturman! So‘ng birin-ketin saroy a‘yonlari, amirlar, hokimlar, Xuroson beklari Xorazmshoh Jaloliddin qarshisida tiz cho‘kib, buyuk Movarounnahr uchun sodiq xizmat qilmoqqa qasamyod etishdi. Sulton saroy a‘yonlari va barcha viloyat hokimlarini birdamlikka da‘vat etib, otashin nutq so‘zladi: - Ahli Movarounnahr va jumlai Xurosonu Eron! Tinglang, bukun butun Movarounnahr tahlika ichinda. Va bunda biz muzaffarlik tug‘ini sarbaland ko‘tarib, g‘olib chiqmoqlikni tajalli etishini Qodir Egamdan o‘tinib so‘raymiz. - Omin! – shafoatu qo‘llov so‘radi a‘yonlar. Xorazmshoh matlai saodat bilan nutqida davom etdi: - Modomiki butun mamlakat halokat yoqasida ekan, birlashib mo‘g‘ul tahlikasini bartaraf etgaymiz va zafar quchgaymiz. Qilichimiz kesgir bo‘lsin, qadamimiz zalvori esa g‘animlar ko‘ngliga qutqu, tahlika solsin! Bizkim Movarounnahrning asl vorislari Vatan uchun kurashib, Vatan uchun jon tikaylik! Bu savash maydonida ne-ne jo‘mard bahodirlar yurt uchun jon fido qilmagan? Ne-ne mard pahlavonlar qon to‘kib shahid bo‘lmagan? Bu jangu jadal tamoyilidur, kimdir savash maydonida halok bo‘lar, ammo Vatan uchun halok bo‘lmoqlik yigit uchun sharafdir! Qurbonlar xotirasi illo avlodlar qalbida mangu yashayajak, shahidlar nomi sharaf bilan albat tilga olinajak! Sulton da‘vati barchani to‘lqinlantirdi. Ona Vatan tuyg‘usi, yurt ozodligi, qadr-qimmat va sha‘nini himoya qilmoq hissi bilan yongan movarounnahrliklar chindan qo‘zg‘olgan edi. Hukmdor bir oy ichida ancha kuch to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Hirot voliysi – Aminal Mulk o‘n ming lashkari bilan kelib unga qo‘shildi. Viloyat hokimlari va amirlari kun sayin sarkarda Jaloliddin safini to‘ldirib bordi.

47. Qayg‘uli xabar

Eshik tuyqus ochilgach, Sulton ortiga burilib qaradi. - Shahanshohim! - Eshik og‘asi yaqinlashib, sultonga tavoze bilan bosh egdi. - Co‘zla. - Huzuringizga olis yo‘l bosib, Jaloyir O‘zloq kelmishdir! - Jaloyir O‘zloq?! - Shundoq, shahanshohim! - Darhol chorla, kirsin! - Amr etganingizdek onhazratim! - Eshik og‘asi ortiga tisarilib, tashqari chiqdi. Fursat o‘tib, ichkariga O‘zloq kirdi. - Shahanshohim! - Jaloyir O‘zloq hazratlari! Sulton yurib borib Jaloyir O‘zloq qarshisida to‘xtadi. Ammo qulliqda turgan O‘zloq boshini ko‘tarmay, hamon tek qotib turar edi. Sultonning nechundir ko‘ngli buzildi. Bir umr otasining xizmatida bo‘lgan bu zakiy, ahli donish inson Jaloliddin uchun chindan dilga yaqin, qadrli kimsaga aylangan edi. Xorazmshoh uni quchoqlab: - Boshingizni ko‘taring.- dedi. O‘zloq egik boshini ko‘tardi. Yuzi so‘lg‘in, nigohi esa vazmin, ko‘zlarining shishasi yoshdan namlangan edi. Sultonning tag‘in ko‘ngli buzildi. O‘zloq hasratli so‘zlandi: - Ko‘nglimda bir guduk bordur. Ichim-ichimga sig‘maydur! - Omondir? Xayrdir? - Xayrdan darak yo‘qdur! Ma‘zur tutgaysiz shahanshoh onhazratlari, sizga sovuq xabar keltirdim. Mankburnining shundog‘am g‘ash bo‘lgan ko‘ngli battar g‘ashlanib so‘radi: - Qandoq xabar emish? - Shahanshohimiz Sulton Alouddin Muhammad ibn Tekish onhazratlari Haqning muborak ismini tilida va dilida yod etib, pok ruhlari Xo‘ja Robbimning cheksiz rahmatiga qovushmishdir, illo! Sovuq xabar Mankburnini larzaga soldi. U g‘aflat ichida so‘radi: - Qachon? - Olti yuz o‘n yettinchi yil, shavvol oyining o‘ninchi, muborak juma kuninda. Bu chindan melodiy 1220 yil dekabrining 10-juma kunida sodir bo‘lgan edi.

Xorazmshoh yurib borib, koshona poyonida to‘xtadi. Uning ahvoli tang edi. Tobora siniqib ketayotgan yuziga nazar solgan Jaloyir hali ham turgan joyida tek qotgan edi. Endi uning ko‘ngli buzildi. Sultonning yuzi qum singari tusini yo‘qotdi. Uning nigohlari koshona ichida darbadar kezinardi. O‘rtaga bir mudhish parda tortilgan edi, sultonning ko‘zlari shu parda ortidan nariga alam va sitam ichida hasrat-la boqib turardi go‘yo. Jaloyir o‘zi keltirgan mudhish xabar so‘nggi Xorazmshohning huvillab yotgan darbadar qalbiga naqadar shafqatsiz ta‘sir etganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Jaloliddinning kulfati mislsiz edi. - Jaloyir hazratlari. - Buyuring, shahanshohim. - Buzrukvorimning jasadi qayerga ko‘mildi? - Ashur ada orolchasiga, shahanshohim. – O‘zloq og‘rinib yutundi. U peshonasida unib chiqqan terlarni sidirib artdi. Keyin g‘am ichida yana so‘zlandi. - Hasratda qoldim. Ammo bu Haqning hayot o‘lchovi edi. Jonsiz jasadni quchoqlab qoldim. Meni yolg‘iz tashlamang, deya nido etdim. Ammo javob olmadim. So‘ng noiloj shahanshohni tuproqqa topshirdim. Orolchaga ko‘mdim. "Bu yerga shohlar shohi ko‘milgan" degan bitikni qoldirdim. Motam ichida beayov yondim, Xorazmshoh Sulton Muhammad ibn Tekishni chorasiz, o‘zi kiyib yurgan kiyimida dafn etdim.- deya xotimaladi u. Sultonning mushti beomon tuguldi. Tishlarini tishlariga qo‘ygan chog‘ uning jag‘i bo‘rtib chiqdi. Kecha o‘zini dunyoga ustun bilgan Muhammad Xorazmshohning bu taqlid g‘arib zavoli o‘g‘li Jaloliddinni mislsiz g‘ussa komiga uloqtirgandi.

Nishopur saroyidan ot surib chiqqan Sulton xos lashkarlari qurshovida edi. Ahli Nushopur sultonga ta‘zimda bosh egib, ortda qoldi. Oldinda esa yana bir tuman olomon tek qotib, shahanshohga tavozeda egilishdi. Kimlardir devor osha, yana kimlardir eshik tirqishidan mo‘ralab, yana birovlar sulton va uning navkarlariga qulluq qilgan holida ortda qolib ketishdi.

48. Chingizxonning hiylasi

Shomon Turfon "Turfon dengiz" laqabini olgan. Bu afsungar sehr-joduni qo‘zg‘ashda ustasi farang shayton malaylaridan edi. U Chingiz chorloviga ko‘ra xon huzuriga yetib kelgandi. Jodu kitobini varaqlamoq bilan mashg‘ul bo‘lgan shomonga xon qisiq ko‘zlarini qadab amr etdi: - Cehr-joduingni ishga sol, Turfon! Magar Jaloliddin kuchini qirqib bersang, dasturxoning zardan, yegan taoming oltindan bo‘lgay. Umr bo‘yi rohat-farog‘atda yashagaysan! Turfon dengiz jodu sehrini qo‘zg‘ab, o‘rnidan turdi. Unga yalang‘och, faqat uyat joylari latta bilan to‘silgan, ko‘zlari suzik mo‘g‘uliy ayol kumush taboqda quyon suyagini tutdi. Turfon taboqni o‘tda aylantirib afsun o‘qidi. So‘ng tiz cho‘kib, taboqni Chingizxonga uzatdi. Xon o‘tirgan yerida qo‘zg‘almasdan suyaklarni olovi ko‘kka o‘rlayotgan gulxanga tashladi. Suyaklar olovda charsillab kuydi. Atrofda achimsiq kuyindi isi anqidi. Duddan nafas olgan xon ijirg‘anib burnini jiyirdi, so‘ng tobora alangalanayotgan gulxanga tik qaragan ko‘yi go‘yo bo‘lg‘usi savash maydonini ko‘z o‘ngida tasavvur etib, bor ovozida "xo-xo"lab kuldi. Olov atrofida shomonlar shayton kuyini chalib, raqs tushishdi. Ular qulochlarini ozod yoyib, "huv-huv"lagancha afsun qo‘shig‘ini aytdilar. Bo‘yniga qora, katta-katta shoda qahrabo munchoq taqqan Turfon yana oldinga chiqdi. Boshidagi temir qalpog‘iga qo‘ng‘iroqlar osib, jarang chiqarayotgan jodugar bu gal tosh kosadagi tuzni olovga sochdi. So‘ng gulxan tegrasida aylanib, yana muttasil afsun o‘qigach, bu gal olovga suv sepdi. Keyin tag‘in afsun o‘qidi...

Afsunlar jazavasiga sahna bo‘lgan yalanglikni tark etgan Xon o‘tov tomon yo‘naldi. Ketidan qulliqda bosh egib kirgan sipohga amr etdi: - Olib kiringlar! Fursat o‘tgach, o‘tovga xufya kirdi. - Ulug‘ xon, amringizga ko‘ra... - Co‘yla... - Jaloliddin Qandahorga otlanmish. Chingiz boshini qimirlatdi: tanqaygan puchuq burnining kataklari ochilib-yopilib, chuqur nafas oldi. - A‘lo!- Mamnun iljaydi xon. - Huzuringizga Yalavoch tavsiya etmish Shaybonni olib keldim. Chingiz "to‘xtab tur" degan ishorada o‘ng qo‘lini ko‘tardi. Bu xufya ma‘lumot yig‘ishda ustasi farang ayg‘oqchi edi, u xiyonatkor ko‘zlari bilan xonga tikilib, uning ishoratini uqib, tek qotdi. So‘ng ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: - Ishoratingizni uqdim, hukmdor.- degan ko‘yi ortiga tisarilib, eshik yonida to‘xtadi-da, yana bir bor qulliqda egilgach, tashqariga chiqib ketdi. - Zudlik bilan Jaloliddin ketidan hisobsiz lashkarni jo‘natgaysan! - Sovuq nigohlarini o‘g‘li To‘liyxonga qadab buyurdi xon. U yurib borib, eshik poyonida to‘xtadi, keyin ortiga qaytib, o‘tov ichini aylanib chiqdi. Nihoyat, To‘liyxon qarshisida to‘xtab, yana uqtirdi: - Yalavoch tavsiyasi hali bizga ko‘p asqotgay. Anga qo‘z-quloq bo‘ling. Ul bandayi shayton Jaloliddin lashkarlariga qora ajal urug‘ini sochgay! Va Mankburni lashkarlari bu ajal o‘tida beomon qovurilgay! To‘liyxon otasiniki kabi tanqaygan burnini jiyirdi. Xon atalmish otasidan u har ne kutsa-da, bu razillikni kutmagan edi. Axir bu xatarnok qora ajal o‘zlarini ham zaharlashi, o‘zlarini ham o‘lim to‘shagiga mixlashi mumkin-ku! Xufyalari unga yaqin kunlarda Dajla sohillarida qora ajal tarqaganini yetkazishgan, o‘lat bilan xastalangan kemiruvchilar o‘zlaridan ajal urug‘ini sochib, ko‘plarning yostig‘ini quritgandi. Kuni kecha Chingiz farmoniga ko‘ra Dajla bandargohidan sopol idishga qamalgan kalamush keltirgan xuyaflar bugun xon huzurida o‘zlarini qanday ajal kutayotganidan bexabar qolishdi. Oradan ikki kun o‘tdi. Sipoh olib kirgan xabar unga qamchi savalamoq fursati yetganiga bir turtki bo‘ldi. Xon huzurida turgan sipoh nigohini Chingizga qadadi. - Co‘zla! - Shaybon isitma otashida kuymoqda. Chingizning ko‘zga tashlanar-tashlanmas siyrak, malla qoshlari uchib, labi kibr-la burishdi. - Ya‘ni? - Boshi og‘rib, a‘zoyi badani qaqshayotganidan shikoyat etmish. Xon "xo-xo"lab soxtakor kuldi, keyin sipohga qarab: - A‘lo!-dedi. - Qo‘ltig‘i shishib, yarasi yiring boylaganini o‘z ko‘zlarim ila ko‘rdim! – dedi yana sipoh. - Darhol bul tahlikali mujdani Jaloliddinga jo‘natgaysizlar! Ul moxov qora ajal urug‘ini endi Mankburni huzuriga borib sochgay! Bu amrdan sipohlar oyoqqa turdi.

49. Qora ajal urug‘i

Afg‘on etagida joylashgan Qandahor bu kun tahlikadan holi, sukunat og‘ushida uyg‘ondi. Bu chindan hukmdorning Niso tahlikasidan keyin sokin va osoyish kechgan kunlaridan biri edi. Ammo shahanshohning osoyish ko‘nglini bir sovuq xabar vayron qilgandi. Eshik og‘asi sultonga hojib ul-kabir - Xonberdi Saruxon kirmoq uchun izn so‘rayotganini bildirdi. Saruxon Mankburniga xos navkarlardan biri vaboga chalingani haqida xabar yetkazdi.

O‘shanda navkar sherigining holsizlanayotganini ko‘rib: - Og‘am, isitmang borga o‘xshaydur, betobmisan ?- deya hol so‘radi. Navkar sherigiga boshi og‘rib, a‘zoyi badani qaqshayotganidan shikoyat etdi: - Co‘rama! Boshim lo‘qillab og‘riyotir, magar a‘zoyi badanim qakshab ketayotganini tasavvur eta bilmassen. Og‘riq azobidan mijja qoqmay, tong otgunga qadar qaqshab chiqdim. - dedi zorlanib. U so‘l qo‘lini o‘ng qo‘ltig‘iga olib bordi. Bemorning og‘riq azobida yelkalari battar qisilib, yuzidagi ajinlari quyuqlashdi. - Bu kun tongda qo‘ltig‘im ostida shish paydo bo‘lmishdir, qo‘limni ko‘tarsam, zirqirab og‘riydi, ko‘tarmasam, yarasi battar achishadi!.. Azob ichida qoldim. Avvaliga bu qanday kulfat ekani hech kimsaning xayoliga-da kelmadi. Aslida bu qora ajal alomatlari edi. Bemor zudlik bilan saroy shifoxonasiga jo‘natildi. Kun peshinga qarab og‘di, ammo og‘riq azobidan halovat neligini unutgan xasta navkar butkul holdan toygan edi. U isitma otashida kuyib, najot istab tinmay ingranar edi. Islomni qabul qilgan yahudiy hakim bemor qoshiga yetib keldi. Xasta esa yotoqda hali ham holsizlanib yotar, azbaroyi isitma otashi kuchliligidan holsirab, peshonasida unib chiqayotgan terlarini zo‘rg‘a sidirib gapirdi: - A‘zoyi badanim zirqirab ketayotir! - Isitma qachondan chiqmish? - Kecha shomda boshlanmish, hakim hazratlari! - Him. Tag‘in ne hol yuz bermish? Bemor so‘l qo‘lini o‘ng qo‘ltig‘iga olib borib zorlandi. - Qo‘ltig‘imda bir shish bordur! Hakim yordamchilariga bemorning kiyimini yechishga buyurdi. Ko‘rdiki, chindan bemorning qo‘ltig‘i shishgan, ba‘zi qabariq shishlar yaraga aylanib, usti yiringli potos boylagan edi. Hakim bunda o‘zi xavotir ichida shubha qilgan xastalikning boshqa alomatlarini ham ko‘rdi: xususan, bemorning soni qorayib, oyoqlarida qora dog‘lar paydo bo‘lgandi. Bu shaksiz o‘lat alomatlari edi. - Darhol aning choralari ko‘rilsun! Boshqalarda ham bul alomat bormu-yo‘qligi aniqlansun. Xastalik bilan og‘rigan bemor shahardan chekka bo‘lgan kimsasiz go‘shaga olib borilsun! Toki bu o‘lat boshqalarga yuqmasin. Xorazmshoh xastalikka chalingan kimsa to o‘limiga qadar qora ajal ofatidan qutula olmasligini bilar edi. Zotan, bu xastalikning oldini olish choralari ko‘rilmasa, ajal urug‘i ko‘pning yostig‘ini quritishi tayin edi...

50. Shahzodaning o‘g‘irlanishi

Jaloliddin ketidan quvib, Qandahorga yetib kelgan mo‘g‘ullar qal‘a atrofini go‘yo o‘ljasiga qutqu solgan och quzg‘unlar kabi o‘rab olishdi. Qandahor qamal ichida qoldi. Va bu qamal beayov kechdi. Silliq tosh yo‘lakda tuyqus toyinib ketgan Safartosh zo‘rg‘a muvozanatini saqlab qoldi. U barcha orom olar mahal, sherigi Sorlochin bilan til biriktirib, yashirin yo‘llar orqali shahzoda Salohiddinni o‘g‘irlab, tashqariga olib chiqib ketgan edi. O‘g‘irlangan shahzoda va xufyalar sarbozlar qurshovida zudlik bilan Chingiz huzuriga jo‘natildi. Tunda zaharlangan joriyalar tongda hushiga kelgach, saroy og‘asini mash‘um voqeadan xabardor etishdi. Qal‘a ichidagilar asirga tushish naqadar ayanchli ekanini anglab yetgan, buning ustiga shahzoda Salohiddining g‘oyib bo‘lishi barchani dovdiratib qo‘ydi. Oshyona ichida darbadar kezingan volida Oychechak azbaroyi nima qilarini bilmay, mehrob qarshisida to‘xtadi. Uning aqli shoshgan edi. Volida qaltiragan barmoqlari bilan shashqator yoshlarini sidirdi. Ichkariga yurak hovuchlab kirgan bekachi malikaga qulluq qilib, tavoze bilan bosh egdi. U past ovozda malikadan izn so‘radi: - Volidam, Elto‘riq huzuringizga kirmoq uchun izn so‘ramoqda. - Darhol kirsin! - Oychechakbegim toqatsizlanib o‘rnidan turdi. Eshik ochilib, volida Oychechak ortiga burilib qaradi. Elto‘riqning qorasi ko‘rindi. - Malikam! - Co‘zla! - Barchasi ma‘lum bo‘lmish! Shahzoda Salohiddin eshik og‘alari Holidposhsho va Tarxon tomonidan o‘g‘irlanmish! Alarga Safartosh va Sorlochin ko‘makda bo‘lgan. Oychechak Sultonbegim titradi. So‘ng qaltiroq qo‘llarini og‘riqli peshonasiga olib borib, "Ey vohlar bo‘lsin!" deya nido etdi. - Ul xiyonatkorlarni darhol huzurimga chorlang! - Ul sotqinlar izsiz yo‘qolmishlar! - Qayga izsiz yo‘qolmishlar?! - G‘oyib bo‘lmishlar! - Bekalar-chi? - Tunda har ikkisi ham zaharlanmishlar! - O‘g‘irlanmish, bekachilar zaharlanmish! - Zarda qildi malika. Elto‘riq tili kesilib, jimib qoldi. Unga nigohlarini qadab turgan malika tag‘in zardali ovozda baqirdi: - Cen qay yumush ila mashg‘ulsan?! - Bir qoshiq qonimdan keching, malikam! - Shahzodamni qo‘rimoq sening zimmangdamasmu edi? - Mening, mening zimmamdadur! Qo‘riy bilmadim! Bir qoshiq qonimdan keching. - Casingni kes! Bir qoshiq qoning aslo kechilmagay! Elto‘riq malika qarshisiga kelib tiz cho‘kdi. U najot istab nola qildi: - Malikam, mening bir qabohatim yo‘qdur. Magar boshimga og‘ir nimarsa tekkanini bilurman, boshqa voqeadin xabarim yo‘qdur! Hushimga kelsam, eshik yopiq. Ichkariga mo‘ralasam, bekachining har ikkisi og‘anab yotmishdur! Shahzodam, shahzodam deya chaqirgan ko‘yi g‘aflatda qolib ketdim. Nola qildim! Ammo shahzodadan darak bo‘lmadi. Shahzoda Salohiddin o‘g‘irlanmishdur! Mening ul sharhriyorga bir qabohatim yo‘qdur! - Tek tur, sasingni kes, deyman. Sening yuragingni qo‘portirgum! Oychechak eshik og‘alarini chaqirdi: - Og‘alar! Eshik narida shay turgan og‘alar ichkariga kirishdi. Malika ularga qarab amr etdi: - Olib keting! – u jirkangan kabi ijirg‘anib, nigohlari bilan Elto‘riqni ko‘rsatdi. Olib keting shuni ko‘zimdan! - deya buyruq berdi.

Tashqarida esa beayov jang kechmoqda edi. Bu savash maydoni edi: bu urush maydoni shuni taqozo qiladi - kimdir yer tishlaydi, kimdir zafar quchadi. Mujodala yakuni qanday xotima topishini hech kimsa oldindan belgilab bera olmasdi. Sulton qorong‘u zulmat tunni bedor o‘tkazgan, zotan atrofida sodir bo‘layotgan voqealar uni uyg‘oqlikka mubtalo etgandi. Shuhratparast momosi Chingizxonga kalaka bo‘ldi! Cinglisi achchiq qismatga giriftor etildi! Qattol qo‘lida joni qonagan shahzoda inilarining qonli zavoli uni battar siquvga oldi. Buzrukvori Xoarzmshoh halokati-chi? So‘ng jigarbandi Salohiddinning g‘oyib ketishi... o‘g‘irlanishi... Bularning barchasi uning ko‘nglida dahshat va vahshat shamolini qo‘zg‘adi. Ammo bu ko‘rguliklar kechmish hodisaning ko‘ngilda yashirin kechgan aksi edi, xolos! "Curindim, ammo yiqilmadim!" - dedi sulton o‘ziga-o‘zi. "Yo‘q, yiqilding!" - nogahoniy ovoz Sulton quloqlari ostida muallaq qotib, muttasil yangrab turdi. "Yo‘q, - deya na‘ra etdi u. - Surindim, ammo kuchli bo‘lib oyoqqa qalqdim. Yiqildim, ammo qudratli bo‘lib o‘rnimdan turdim. Men davomiy Anushteginiy, men xonadoni xorazmshohlarning yettinchi vakili Jaloliddin Mankburni, yovni shaksiz yengajam! Qirg‘iy changalim ila yovni bo‘g‘ajam!" U mehrob qarshisida to‘xtadi. "Yog‘iyni qirg‘iy changalim ila yanchib tashlajam! So‘ng ozod o‘lajam! Eshit, tebranayotgan dunyo, qalqigan olam! Yovni Xorazmshoh qirg‘iy changalim birla yanchib tashlajam, so‘ng hayqirib ozod o‘lajam!" - Og‘alar! - chaqirdi Xorazmshoh. Zulmat chimmatiga o‘ralgan qarolig‘ kechada, bir qo‘lida qilich, bir qo‘lida qalqon tutib bedor turgan og‘alar ichkariga jonsarak kirishdi. - Barcha oyoqqa tursin! Va darhol huzurimda hozir bo‘lishsin!

51. Boyo‘g‘lining hasratli nolasi

Tun ikkinchi yarmiga qarab og‘ar mahal boyo‘g‘lining hasratli nolasi eshitildi. Xosnavkar boyo‘g‘li tilida tinim bilmay nola qilardi. Bu harbiy hushyorlikka chorlov chaqirig‘i edi. Lashkarboshilar, beklar, amirlar va jamiki saroy a‘yonlari sultonning huzurida hozir bo‘lishdi. Tun zulmatida sulton huzuri shamlar yog‘dusida za‘faron edi. - Dushmanning hamlasi kuchimizni aslo qirqolmagay! Jonimiz shul ojiz vujud ichra omonat qamalgandir! Va biz barchamiz bir kun o‘lgaymiz, vale ozod ruhimiz illo Haqning rahmatiga qovushgay! O‘lsak - qurbon o‘laylik! Vatan uchun qon to‘kaylik! Jihod! – deya hayqirdi u. - Jihod! - jo‘r bo‘ldi jamiki saroy dasturi. Bu subhi sodiq jangning uchinchi tongi edi. Atrofda to‘zg‘igan mo‘g‘ullarning ola-tasiri olamni tutib, yana ular quzg‘un kabi qal‘ani o‘rab olishdi. - Bir zarbimiz ila daf qilgaymiz! Jihod! Jihod! Jihod! - deya hayqirdi sarkarda. - Jihod! - shamshirni ozod ko‘targan sarbozlar hayqirig‘i Xuroson zaminini titratdi. Sher na‘rasi mo‘g‘ul shoqollarini hushyor tortirdi. Ulkan temir darvozalar ochilib, sarkarda Jaloliddin boshliq otliq lashkarlar qo‘llarida olov tutib, tashqariga otildi. Sarkarda va uning sarbozlari sher kabi o‘kirib, yog‘iylar ustiga beomon tashlandi. Sultonning chap qanotida turgan Aminalmulk sarbozlari to‘zon kabi dushman ustiga hujumga o‘tdi. O‘ng qanotda esa Sohibi Jayish ularni quvvatlab turdi. Savash maydoni sulton lashkarlari hayqiriqlariga to‘lib ketdi. Mo‘g‘ullar sarosima ichida ortiga chekina boshladi. Hal qiluvchi onlar yaqinlashgandi. Jaloliddinning so‘nggi shiddatli zarbiga dosh bera olmagan mo‘g‘ullar butkul tor-mor etildi. Jaloliddin va qaynotasi Aminalmulk ishtirokidagi Qandahor qamali shu tariqa yakun topdi. Jaloliddin chindan Muhammad Xorazmshoh arslonlari ichidagi sher edi. Bu sher hamlasi shoqollar raqsini bir zarbda daf etib, ularni ortga uloqtirib tashlagan edi. Shu tariqa osmon dengizida bir charog‘on harb yulduzi charaqlab chiqdi.

52. Zo‘raki maktub

Ittifoqo, o‘g‘irlangan shahzoda Chingiz huzuriga olib kelindi. Ammo uning ketidan xufyalari xonga tag‘in shum xabar yetkazishdi. Sulton Jaloliddin Qandahor qamalidan omon chiqib, mo‘g‘ullar galasini tutdek to‘kmish edi. Jaloliddinning Qandahordagi g‘alabasi xonni benihoya darg‘azab etdi. Mankburnining bu jasorati Jo‘jining popugini pasaytirib qo‘ygan, u ichida "Movarounnahr bundan badtar bo‘lar edi. Jaloliddinsiz botqoq ichiga tamom botib, aftodahol qolar edi. Ammo Jaloliddin, ammo u har qadamda mo‘g‘ul oyoqlariga tushov solmoqdadir", deya ijirg‘andi. Bu gal u harir pardalar bilan o‘ralib, nurga cho‘milgan bir muazzam o‘tovni ixtiyor etdi. Junun asosiga tayangan Jo‘ji keyingi paytlarda ko‘ngli nimani tusasa, shuni qilishga odatlangan edi. Mana, u qo‘llarida zarhal patnis tutib, turfa shirinliklar olib kirgan Xon Sultondan ko‘z uzmay, unga suq tikilib qoldi. Zaifa shirinliklarni dasturxonga tortiq etdi. Ketar mahal Jo‘ji uning nozik bilagidan tutdi va o‘ziga qarata tortib, dedi: - Man bilan birga qol! Xon Sulton qaytib dasturxon atrofiga cho‘kdi. Ular birga taomlanishdi. Jo‘ji ojizaning nozik barmoqlarini dag‘al qo‘llari bilan silab, qisiq ko‘zlariga surtdi. Dasturxon to‘la shirinliklarga ko‘z yugurtirib, ichidan oftobda xo‘b toblanib pishgan uzum bandidan bir dona uzib, Xon Sultonning yoqut labiga olib bordi. Uzumdan totingan Xon Sultonning inja kipriklari ko‘tarildi. Achchiq qismatiga ko‘nikkan Xon Sulton yemak bilan mashg‘ul ekan, Jo‘jining botinida kechayotgan holdan mutloq bexabar qoldi. Jo‘ji qovurdoqni yeb bo‘lgach, yog‘li qo‘llarini artib, Xon Sultonga qaradi. - Culuv, mudom rohatda yashamoqni istasang, mening dediklarimga quloq os! Xon Sultonning ko‘zlari mo‘g‘ulga qadaldi. Jo‘ji esa tag‘in gapida davom etdi: - Magar og‘ang Jaloliddinga maktub bitib, ani bizim birlan hamkorlikka ko‘ndirsang, shahzoda Salohiddinga aslo ozor yetmagay. Sening esa davlating ziyoda bo‘lgay! Xon Sulton Jo‘jining dediklarini azob ichida tingladi. Xorazmshohlar halokati kamlik qildimi? Kutilmagan taklif endi uni omon qo‘ysinmi? U sukut ichida qoldi. Bu tahlikali sukut edi. Xon Sultonning bu holi Jo‘jini dag‘azab etdi: - Nadin bu holing xazin? - Co‘yladiklaringizni...- u boshqa gapirmoqqa o‘zida jur‘at topa bilmay, yana jimib qoldi. - So‘yladiklarimda ne? Xon Sulton chorasiz, ovoz chiqarmay uh tortib, chuqur nafas oldi. Jo‘ji shahzoda Salohiddin hamda Xon Sulton xorazmshohlar xonadoni uchun qadrli ekanini bilardi. U saltanat ayni inqiroz yoqasida turgan tahlikali soniyalarda fitna o‘yinini boshlagan edi. Xonbachchaning razil niyatda o‘ylangan rejasi Jaloliddin erkiga mutloq to‘g‘ri kelmasa-da, baribir u allaqanday ilinjdan umidvor edi. Qanchadan-qancha obod shaharlar xarob bo‘ldi. Ulkan saltanat halokat yoqasiga yetib kelgandi. Jaloliddin-chi? Qachon uni taslim etadi? Mutloq g‘oliblik nash‘idasini qachon suradi? Qachon? Ilinju umidi ne uning asli? Yo, otasidan so‘ng buyuk dorulsaltanat barpo etib, jumlai jahon alqagan buyuk Iskandar Zulqarnaynga tenglashishmidi? Bu chog‘ botinida yolqinlanayotgan ko‘ngil to‘lg‘amalarini u hali tog‘u toshlarga o‘yib yozdirajak. Bu yoziqlarni u shu zaifaning nozik va inja barmoqlari ila yozdirajak! Yo Rab! Shuhrat va shahvat uni qay holga solmish? U ikki ummon ishqiga g‘arq bo‘lgan yirtqichga aylanib qolmadimi? - Xo‘sh? - chaqchaygan nigohini Xon Sultonga qadagan Jo‘ji savoliga javob kutib, ijirg‘andi. - Shahzoda Salohiddin! - Xon Sulton mung to‘la ko‘zini Jo‘jiga qadab, - bul dilgirlik meni qayg‘uga solmish! - dedi og‘rinib. - Shahzoda menim ta‘minotim ostida bo‘lgay. Sen esa maktub bit, magar og‘ang Jaloliddin bizim shartimizga ko‘nsa, shahzodaning biror tukiga ham zarar yetmagay. Illo, Jaloliddin biz birlan hamkor bo‘lsa, keng Xuroson tag‘in aning hukminda bo‘lg‘ay, saning esa ko‘zingdan nam, dilingdan g‘am ketgay. Boshing aslo xam bo‘lmagay. Xon Sulton nogahon titrab, ko‘zini bir nuqtaga qadagan ko‘yida uzoq turdi. - Xo‘sh? - betoqat javob kutdi xonbachcha. Nihoyat, Xon Sultonning barmoqlari qalam tutdi.

53. Muhoraba tadorigi

Anushteginiylar davomchisi Jaloliddin bu bir fitna o‘yini ekanini anglab yetgandi. Bu oshkora razil o‘yin Jo‘ji uchun g‘alabalik nashidasini surishning yagona yo‘li edi, xolos. Va shu yo‘sinda Jo‘ji yog‘iy deb atagani - xorazmshohlarning o‘z qurolini o‘zlariga qarshi ishlatmoq uchun makr maydonida shayton nag‘masini chalish bilan mashg‘ul edi. Jaloliddin behudud dashtlari buzruk quyosh nurlaridan tavob olgan yurt - Xuroson tomon tobora oldinga siljidi. Kunni jangovar hushyorlik bilan boshlagan Eldegiz xos lashkarlarni bir chiziqqa tizib chiqqandi. Mahoratini oshirmoq uchun harb mashg‘uloti bilan band bo‘lgan lashkarlarning ola-tasiri butun dashtni larzaga soldi. Halaj qabilasi sardori Sayfuddin Ig‘roq, Balx voliysi A‘zam Malik, yana bir tuman afg‘onlar yetakchisi Muzaffar Malik hamda qarluqlar sardori Hasan Qarluq Jaloliddin atrofida birlashdi. Ularning har birida o‘ttiz ming lashkar bor edi. Xurosonning naq qovurg‘asida joylashgan Valiyon bu kun huzur neligini unutdi. - Qal‘a jangga shay tursin! Bu barchaga jo‘natilgan farmon edi. Sulton Jaloliddin harb salohiyati va mahoratini oshirib, shaxsan o‘zi harbiy mashg‘ulotlarga rahnamolik qildi. Sarkarda bo‘lajak jang boshlanishida piyodalarga dam berib, asp yurish qilgan shatranjboz kabi noyob harb usulini qo‘lladi.

54. Navbatdagi mashvarat

U Qandahor g‘alabasidan so‘ng lashkarboshilarini to‘rtinchi bor harbiy mashvaratga chaqirdi. - Bu gal yog‘iy ko‘zi qonga to‘lgani aniqdir. Jangu jadal tinkamizni quritgani ham rost! Ammo Vatan uchun jon fido qilmoq, sha‘nini qo‘rimoq yigit uchun sharafdur! – u teran boqquchi ko‘zlarini lashkarboshilariga qadadi. Barcha sukut ichida edi. - Alarning hujumini yoppasiga bir hamla birlan muhosara etib, daf qilgaymiz.- Bu qat‘iyat bilan aytilgan qaror, jangovar buyruq edi aslida. Sulton lashkarlari orasida temirdek qattiq va mustahkam intizom o‘rnatdi. Qo‘mondon qo‘shinni besh qismga bo‘ldi. - Qo‘shin besh pog‘onaga bo‘linib harakat qilg‘ay! Haros - maxsus qismdir, - ta‘kid etdi sarkarda. O‘rtaga ho‘kiz terisiga chizilgan harb xaritasi yozilgan edi. Barcha xaritaga ko‘z tikib, sultoning dediklariga quloq osgandi. Xorazmshoh xaritaga yaqinlashdi, u shamshirining uchi bilan bir nuqtani nuqib, gapida davom qildi: - Yigirma ming nafar sara lashkar bul nuqtada joylashgay, alar eng ilg‘or qurol-aslaha - manjaniq, nayza va kamonlar bilan ta‘minlangay. Sarkarda xaritadan o‘mganini ko‘tardi. U qilichini qiniga solmay, qo‘lida tutgan ko‘yi lashkarboshisiga buyurdi: - Qandahor jangidin so‘ng qo‘lga kiritilgan manjaniqlar ham Haros - maxsus qism ixtiyoriga topshirilsun! - Uqdim, shahanshohim!- lashkarboshi Eldegiz Xorazmshohga boshini quyi egib, ta‘zim bajo keltirdi. Sulton yerga yozilgan xaritani bir aylanib chiqqach, yana atrofdagilarga yuzlandi: - Avang‘or – bul ilg‘or qism - muhim qism sanalur! - Uqdim, onhazratlari! - A‘lo! – dedi Culton minnatdor ohangda Eldegizga qarab, keyin gapida davom etdi,-alar qo‘shinlarni to‘ldirib, quvvatlab turgay. Mang‘uloy – qo‘shinning markaz qismi hisoblanib, bu qism yigirma ming qo‘shindan iborat edi. - Ma‘lumingiz, Mang‘uloy markaz qism hisoblangusi! - Shundoqdur. - Sulton fikrini tasdiqladi atrofidagilar. - Bul qismni boshqarmoq uchun yangi sarkor tayin etmoq joizdur! U lashkarboshilariga qaradi.Ular sukut saqlab turishar, ammo bu sukutlarida "Kim tayin etilur?" degan savol yashirin edi. Kimsadan sas chiqmagach, Sulton yurib borib Eldegizning yonida to‘xtadi. - Og‘abegi! - Buyuring, onhazratim! Amringizga muntazir qulingiz sizni tinglagay! - dedi. - Bul masalada sening fikring mening uchun muhimdur! - Ma‘qul ko‘rsangiz, shahanshohim, Aminalmulkni tavsiya etgum! Sulton atrofdagi lashkarboshilariga savol nazari bilan boqdi. - Ma‘qul! - Og‘abegining tavsiyasini ma‘qulladi qolganlar. Chindan bu loyiq tavsiya edi. Aminalmulk harb san‘atini mukammal bilgan bahodir, mard kimsa edi. - Ma‘qul! - Culton yana xarita yonida to‘xtab, barchaga qarata dedi: - Zahiradagi yigirma ming sarboz "mang‘uloy"ga qo‘shilgay! Aminalmulk! - Amringizga muntazirman, shahanshohim! - Hushyor bo‘lgaysan! - Fikringizni uqdim, shahanshohim! - Illo, savash maydonida mo‘g‘ullarning so‘l tomonidan hamlaga o‘tib, keyin Harosga qo‘shilgaysizlar! - Uqdim, illo dediklaringiz qulog‘imga qo‘rg‘oshin misol o‘rnashmish! Sulton tag‘in qilichini xaritaga olib bordi. U shamshir uchini bu gal qizil chiziqlar bilan belgilangan qismga nuqidi: - To‘rtinchi qism piyodalardan tashkil topgandir. Alar mang‘uloyga qo‘shilib, qal‘a atrofidan quvilgan yog‘iylarga qarshi hujumga o‘tmog‘i darkordur!.. Sulton o‘mganini xaritadan ko‘tarib, keyin Muzaffar Malikni da‘vat etdi: - Muzaffar Malik! - Buyuring, shahanshohim! - Alarg‘a sen sardor bo‘lgaysan! - Onhazratim, sharaf tuydim! Culton minnatdor bosh silkidi. Beshinchi qismi Xos lashkar, deb ataldi. Sulton Jaloliddinning shaxsan o‘zi ushbu qismga qo‘mondonlik qilmoqni zimmasiga oldi. Shahanshoh lashkarboshilariga yana amr etdi: - Mudofaada sobit turing! Yog‘iy hujumi daf etilib, alarning kuchi butkul qirqilgach, qal‘a atrofidan quvilgan mo‘g‘ullarga yoppasiga hamlaga o‘tgaymiz. - Mo‘g‘ullarning harbiy mahoratidan xabardor bo‘lgan sulton tag‘in lashkarboshi va sarbozlariga uqtirdi: - Ataylab chekinayotgan mo‘g‘ullarning hiylasiga hushyor bo‘lgaysizlar. O‘ng tomondan Haros, so‘l tomondan Aminalmulk, ya‘ni avang‘or tashlanurlar. Keyin Mang‘uloy, keyin piyodalar... G‘animlar qal‘a atrofidan quvilgach, pistirmaga tushirilur. Yakunida manim qo‘shinim -Xos lashkar hamlaga o‘tgay.

55

Kechagi savashda tumtaraqay bo'lib, har yonga to'zg'igan mo'g'ullar qorong'u tun zulmatida bir fursat orom olib, keyin yana jamlanishdi. Tong otib quyosh chiqishini kutgan yog'iylar g'imirlab qolgandi. Quyosh chiqar tomonda devorlari tosh terib ko'tarilgan Niso qal'asi mustahkam qal'a edi. Ammo hisobsiz otilayotgan to'plar zarbi qal'a devorlarini titratdi. Lashkarlar yog'iy o'zlariga qarata otayotgan to'plar zarbini beomon qaytarib turishdi, lekin manjaniqlarda olov selini purkayotgan g'animlar to'pi tosh qal'ani qo'pormoqqa qasd etgandek tinim bilmasdi. Nihoyat mo'g'ullar biroz tinchib qolishdi. Keyin ma'lum bo'ldi: ular hali qurimagan terak novdalariga o'tkir temir tishlar o'rnatib, katta aravalarga ortishdi. Keyin xodalarni aravalarga arqon bilan jips bog'lab, ulkan darvozaga qarata hujumga shay qilib qo'yishdi. - Alarning ustiga qizdirilgan yog', so'ngra o't qo'yilsin! - Amr etdi sulton. Buyruqni kutib turgan lashkarboshi zudlik bilan amrni bajarmoqqa kirishdi. Mo'g'ullar hozirlangan aravalarni shiddat bilan itarib, qal'a darvozasi tomon yaqinlasha boshladi. Mana, qal'a darvozasini bir zarbi bilan qo'pormoqqa qasd etgan mo'g'ullar manzil tomon etib kelishdi. Darboza qo'porilishiga bir bahya qolgan chog' ularning ustiga qizdirilgan yog' quyildi. So'ng olov yoqilib, pastga tashlandi. Mo'g'ullar jahannam olovida kuyib, ortiga chekina boshladi. Olatasir qiy-chuv, hasratli oh–voh olamni tutib ketdi. Jon talvasasida beomon to'zg'igan g'animlar ortiga qarab qocha boshladi.

56

- Darbozalar ochilib, yoppasiga hamlaga o'tilsin! – Amr etdi sarkarda. - Olg'a! Oldinga olg'a! – Hayqirdi shovvozlar. Sulton lashkarlari qal'a darvozasidan chiqib, olamni buzgulik hayqiriqlari bilan tobora orqaga chekinayotgan dushmanning ustiga hujumga o'tishdi. Ular yovvoyi mo'g'uliy galalarini shahar tashqarisiga qadar quvib borishdi. Yalanglikka etgan chog' sulton lashkarlari bu savashga yakun yasadi; ular dushmanning o'ng va so'l qanotini yorib chiqishgach, mo'g'ullar batamom yakson etildi. Bu beomon savashda sulton Jaloliddin shaksiz g'alaba qozondi.

57

Ot choptirib, bag'ri qonab yotgan yalanglikni ortda qoldirgan yovqur sarkarda gujumzor yonida to'xtadi. U so'nggi bor ortiga boqdi; huv narida savashda jon bergan lashkarlar er quchoqlab yotardi. Bu urush tamoyilidir - kimdir er tishlab qoladi, kimdir baralla ovozda zafar quchadi. Sarkarda Jaloliddin ortiga - shahidlarga qadagan nigohini to'g'riga burdi. Uning ko'z o'nggida bosilajak va chunon adoqsiz yo'l turar edi. Zafar quchgan hukmdor Jaloliddin lashkarlari qurshovida Nishopurga qarab yo'l oldi. U – yovqur Jaloliddin, buyuk Xorazmshohlar dorulsaltanasining ettinchi sultoni yalovbardor hukmdor Abdul Muzaffar Mankburni edi. Movarounnahr sultoni Alouddin Muhammad Xorazmshoh, hamda turkmanlardan bo'lgan Oychechak Sultonbegimning to'ng'ich farzandi-arjumandi Jaloliddin Mankburni edi... Islomiy to'liq ismi Jalal ad Dunya va-d Din Abdul Muzaffar Mankburni ibn Muhammaddir. Yuzida mank, ya'ni xoli bilan tug'ilgan shahzodaga turkiy ism ravo ko'rildi. Unga Mankburni nomi berildi. Jaloliddin saroy tamoyillariga ko'ra shahzodalar tarbiyasi bilan shug'ullanuvchi xos murabbiylar qo'lida oliy maqomda tarbiya ko'rib, savod chiqardi. Qachonki Mankburni to'qqiz yoshga to'lganida din, riyoziyot, Qur'on tafsiri hamda Hadisi sharifni mukammal o'rgandi. Barcha islomiy va dunyoviy bilimlar, hamda harb san'ati sirlarini mukammal egallab, voyaga etgan shahzodani buzrukvori sulton Muhammad Horazmshoh G'azna, Bomiyon, G'ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston qadar yoyilgan sarhadsiz hududlarga hokim etib tayinladi. Otasining harb yurishlarida ishtiroq etgan shahzoda, jang maydonida o'z mahoratini oshirdi. Savash chog'ida sher hamlasini qo'llab, shoqollar raqsini batamom enggan Jaloliddin muarrix Nasafiy nazmida “Muhammad Xorazmshoh arslonlari ichidagi sher” degan nomni oldi. Shoqollar zarbini daf etib, sher kabi g'animini enggan Jaloliddin muhoraba maydonida yog'iy qalbiga mislsiz g'ulu solib, qudratli zarbi bilan ularni yo'qlik qa'riga uloqtira olardi. U muarrix Nasafiy ta'biricha, chindan Muhammad Xorazmshoh arslonlari ichidagi sher edi.

58

Tun ustidan qora chimmat echib olingach, oydin kun tajalli etildi. Bu tong juda erta uyg'ongan shahzoda bugungi harb mashg'ulotini Jayhun etagida o'tkazmoqni mo'ljallagan edi. Shunga ko'ra Sohibjahon Eldegiz saroyda uni kutib turardi. Movarounnahr uzra qahrli qish poyoniga etib, ko'klam nimjon oyoq tashladi. Xush yoquvchi billur tomchilari bilan alaflarni siylagan nayson tezda tinib, ko'kda quyosh chiroy ko'rsatdi. Borliq uyg'onib, Jayhun qayirida kurtak yorib chiqqan nihollar bahor ellarida inja chayqaladi. Tepalik to'shida esa jiydazor yastangan, ular ko'klam kelgan esa-da, hali qish uyqusida mudroq yotardi. Tufroq yorib, bosh ko'targan maysalar quyoshning zarif jilosida ajib tovlanadi... Ko'pdan bunday so'lim bahorni sog'ingan Jaloliddin ko'klam havosidan simirib, Jayhun tomon ot choptirib o'tdi. Uning ketidan harb san'atining usta-piri Eldegiz va xos navkarlar ot surishdi. Suvoriylar daryo qayiridagi butazorlarni ortda qoldirib, so'qmoq yo'lga chiqishdi. Bu so'qmoq suvoriylarni sohil labiga etakladi. Shahzoda egardan tushib, otining tizginini navkarga tutdi. Shundoq poyida, qirg'oqqa urilib, so'ng taralib ortga qaytayotgan to'lqinlar mavji uning ko'zlarini qamashtirdi.

Shams nurlariga cho'milgan shahzoda, ro'parasida erga jips qotgan ulkan harsang tosh ustiga bir hatlab chiqdi, so'ng yana nigohlarini shaffof suvlar mavjiga qadadi. To'lqinlar qimir-qimir mavjlanib, qirg'oqqa urilgan chog' shahzoda yuragida cheksiz bir zavq-ishtiyoq his etdi. Ko'nglida ajib ruhiy g'alayon qo'zg'aldi. Zam-zama, muzdek huzurbaxsh hovur shahzodaning yuz-ko'zini chayib o'tdi. U harsang tosh ustidan quyiga sakrab tushdi, so'ng huv narida ot tizginini tutib turgan xos navkarning yoniga etib keldi. Torg'il ot egasiga belgi berib, tumshug'ini ko'tarib kishnadi, so'ng ko'kka sapchidi. Ot surgan shahzoda bir doira hosil qilib, o'zini kutib turgan Eldegiz qarshisida to'xtadi. - Shahzodam! - Eldegiz Jaloliddinga lutf ichida so'zladi.-Ixtiyor etsangiz mashg'ulotni boshlasak! Jaloliddin tavozeda bosh egib: - Ma'qul!-dedi. - Bukun chapdastlikda kuch sinashgaymiz! -Uqdim! - Qani unda yalanglikka o'tgaymiz. Ular maysalar sabza urib chiqqan yalanglikka etib to'xtadi. Qilichini qinidan chiqargan shahzoda ro'parasida turgan ustoziga ta'zim qilib mashg'ulotga kirishdi. Kesgir shamshir quyosh jilolarida ko'zni qamashtirib, dami havo oqimini kesdi. - Shahzodam so'ldan, so'ldan harakat qiling. - Uqdim. - Qilichboz ham o'ng qo'lida, ham chapdastida qilich o'ynatmoqni bilmog'i darkordur! Chap qo'lida qilich tutgan shahzoda raqibini mo'ljalga olib yaqinlashdi. Ammo Eldegiz qo'lidagi shamshir naq mo'ljaliga borib tegdi. Raqib zarbi tezda uning shamshirini qayirdi. So'ng qilichbozlar yana qilich qayratib, savash maydonida kezinishdi. - Avval mo'ljalga oling. Mo'ljalga oling, shahzodam! Usta ortiga tisarildi. Jaloliddin Eldegiz tomon enib harakat qildi. - To'g'ri va baayni vaqtida olingan mo'ljal savash maydonida muhim omil bo'lgay.- uqtirdi usta qilichboz. Chap dastida qilich tutgan shahzoda daf'atan Eldegizning qilichini qayirib, quyiga egdi, ammo o'zini o'nglab olgan ustoz qilichini yana havoda o'ynatdi. Jaloliddin so'nggi shiddatli zarbi bilan raqib qilichning damini kesib, qayirdi. - A'lo! – Olqishladi ustoz.- Endi hamlaga o'tgaysiz. Baayni vaqtida mo'ljalga olib harakat qilgan shahzoda o'zining qilichiga qarata qadalgan shamshir damini so'nggi zarbi bilan qayirdi, endi hujumga o'tmog'i darkor edi. Ayni bu chog', ro'parasida qalqon ko'targan Eldegiz shahzodaning naq ko'ksiga qilich tiramoq payiga tushdi. Jaloliddin qilich zarbini qaytardi. - Ofarin!- Olqishladi usta. So'ng yana qilichlar havoda o'ynadi. Jaloliddin raqibini mo'ljalga olib, hujumga o'tdi. - Bale, bale shahzodam! Mo'ljal baayni vaqtida olindi! Bu gal qilichboz shamshirini Eldegizning naq ko'ksiga tiradi. Usta tishlarini tishlariga qo'ydi. Shunda uning jag'i bo'rtib chiqib, peshonasi tirishdi. Yuzidagi ajinlari quyuqlashib, o'zini himoya qilmoqqa kuch topa bilmadi. So'ng ko'zlarida sanoqsiz yulduzchalar chaqnab chiqdi va u chorasiz erga quladi. Ko'rdiki, shogirdining bilagida yoshlik shijoati qaynab toshayotir. Angladiki, bu bilagi yo'g'on qilichboz endi bu hamlasini jonli savashda qo'llasa arzirdi. Raqib qilichini qayirib, shiddatli kuchi bilan nariga uloqtirgan shahzoda nafasini rosladi. Eldegizning bo'sh qo'llari esa havoni sermalar edi. - Ofarin! Shahzodam, olqishlarim sizgadir. Shogird ustani engmish! Illo bu hamlani endi harb yurishlarida qo'llagaysiz! Qilichingiz mudom kesgir, zarbingiz shiddatli bo'lsin, shahzodam! - Omin!

59

Jaloliddin quyosh jilolarida toblangan kesgir qilichi uchiga barmoqlarini olib bordi. Bu chog' qalbida muqaddas tuyg'u yuksaldi. Bu bobolari bunyod etgan Ona Vataniga so'ngsiz muhabbat, burch tuyg'usi edi. U qilichini sopiga solib, qirg'oq bo'yiga yo'naldi. Sohil labiga etib kelgan shahzoda eng shimarib, qo'lini oqayotgan suvga soldi. Muzdek suv oqimi uning hozirgina qilich tutgan qaynoq kaftiga kelib urildi. U pokiza ixlos bilan yuz-ko'zini Jayhun suvlari bilan chaydi. So'ng ortiga qaytib, o'ziga qulliqda bosh egib turgan xos navkarga qarata buyurdi: - Ot keltirilsin! Shahzoda Jayhun qayirining so'l etagiga qarab ot surdi. Bir muddat tizginsiz, ikki qulochini yoyib ot choptirdi. So'ng nihoyat otning tizginini qo'lida tutgan Jaloliddin o'ziga tikilib qolgan usta Eldegiz tomon qayrilib hayqirdi va tag'in ikki qulochini ozod yoyib, tizginsiz olislarga qarab ot surib ketdi. Bu uning qaytmasligidan dalolat edi. Jayhun etagida uni kuzatib qolgan Eldegizning qulog'i ostida tizginsiz, qulochlarini yoyib ot surgan Jaloliddinning ozod hayqirig'i muallaq qotdi:

“Alhamdulilloh! Alloh, Alloh!”

Jaloliddin baayni balog'atga etib, harb san'atini puxta va mukammal o'zlashtirgan edi. Endi bu mahoratini harb yurishlarida, jang mujodalalarida qo'llamog'i darkor edi.

60

Keng va muazzam koshonaga quyosh nurlari sirg'alib tushgan chog' eshik og'asining qalqoni yarqirab ketdi. O'ktam qadam eshitildi. Xosnavkar daf'atan sergak tortdi. - Shahzodam! – Eshik og'asi boshini egib,-qadamlariga hasanotlar bo'lsin!-dedi tavoze ichida. Jaloliddin mamnun bosh silkib: - Tilagim shahanshohimizni ko'rmoqdir! - dedi. - Angladim, shahzodam! - Eshik og'asi ta'zim qilib, keyin koshona eshigini ochib ichkariga kirdi. Taxtda o'tirgan Xorazmshoh ichkariga kirgan xos navkarga qaradi. - Onhazratim! - Ta'zim qildi eshik og'asi. - Yaqinlash! Navkar yaqinlashib, quyi egilgan boshini biroz ko'tarib so'zlandi. - Shahanshohim! - Co'zla! - Shahzoda Jaloliddin huzuringizga kirmoq tilagidadir! - Chorla, kirsin! Qulliqda boshi egik xosnavkar ortiga tisarilib, eshik tashqarisiga chiqdi. Fursat o'tib, ichkariga shahzoda Jaloliddin kirdi. U shahanshoh buzrukvori Xorazmshohning yoniga tavoze ichida qulliq qilib to'xtadi, so'ng tiz cho'kib, qiblagohining etagidan o'pdi: - Onhazrat qiblagohim! - Shahzodam! Marhabo, xush kelding!- Xorazmshoh yonidagi o'rindiqqa ishorat etib o'g'liga dedi,- qani, marhabo! - Qulliq, shahanshohim! Biroz qulliqda chekingan shahzoda, o'rindiqqa borib o'tirdi. - Omonmisan, shahzodam?!- Hol-ahvol so'ragan bo'lib savol qotdi sulton. - Inshaolloh omonman!- Minnatdor ohangda javob qaytardi u. So'ng o'ng qo'lini tizzasiga olib borib, indamay qoldi. - Holi o'yingdin angladimki, nimanidir gapirmoq ilinjidasan, ammo so'zlamoqqa jur'at topmayotirsan.-Xorazmshoh unga teran nigohlarini qadadi. Shahzoda shahanshohga dedi: - Bir masalada shahzoda o'g'lingiz sizning duoyi yo'llovingizni istab, huzuringizga bosh urib kirmish! - Duolarim sengadir! - Qulliq. - Ammo ne tilovligin bilmayotirman! - Ma'lumingiz, Ettisuv Go'rxon qo'linda parokandadir. Erta-indin siz zoti oliyning lashkarlari u yonga qo'shin tortish niyatindadir! - Ma'lum! - Bul mujodalada shahzoda o'g'lingiz ham ishtiroq etmoq niyatinda hukmi oliyning farmoniga shaydir. Xorazmshohning avval tepa ko'tarilgan qoshlari chimirilib, so'ng o'rtasiga quyuq chiziq tortildi. Uning bu holi shahzoda tilovini o'ylab ko'rmoqlikka bir ishorat edi. Sulton taxtdan pastga tushdi. Jaloliddin o'tirgan joyidan turib buzrukvoriga qulliqda bosh egdi. Xorazmshoh o'g'lining ko'rkam elkasiga qo'lini olib borar ekan, bilagiga kuch, tafakkuriga aql inganiga ishonch hosil qildi. Keyin o'ziga boqib turgan farzandiga qarab aytdi: - Shahzodam, bul bir muhim tilovdir! - Na qaroringiz bo'lsa, amr eting shahanshohim! - Qani, sinov maydoniga marhabo unda! Shahzodaning shodlikdan ko'zlari chaqin chaqdi. - Buyuring, shahanshoh! - Chorbog' maydoniga o'tgaymiz! Chorbog'ga o'tilgach, bahodirlar orasida o'zaro kurashlar avjiga chiqdi va Xorazmshohning dilini yayratib, Jaloliddin barcha raqiblarini engib, shahanshohning chinakam vorisi ekanini buzrukvori ko'z o'ngida to'kis isbotlagan edi.

63

Oradan ikki kun o'tgach, Xorazmshoh huzuriga shahzodalarni chorladi. Shunda shahzodalar uning qabuliga bittadan kiritildi. - Shahzodam Jaloliddin! -Xorazmshohning ovozi jaranglab, shiftlarga urilib qaytdi. - Buyuring, shahanshohim! Xorazmshoh taxtdan tushib, quyiga odimladi. U baayni otasi shavkatli Tekish nigohlari muhrlangan teran ko'zlarini shahzodaga tikib, yonidagi qilichini to'g'irlab savol qotdi: - Cavash maydonida kimdan qo'rqursan! - Ollohdan qo'rqurman! - Ofarin! - Qulliq, shahanshohim! Xorazmshoh barmog'idagi sariq la'l ko'zli uzukni sug'urib, arjumandiga tutdi. Shahzoda shoh qarshisida tiz cho'kib, uning etagini o'pdi. So'ng o'rnidan turib, shavkatli padarining teran boqquchi ko'zlariga g'ururlanib boqdi. Xorazmshoh tutqazgan uzuk Jaloliddin barmog'ida yarqirab ko'zni qamashtirdi. - Sharaf tuydim, shahanshoh!- U g'ururlanib boz qayta Xorazmshohdan azmoyish oldi, so'ng biroz ortiga chekinib, – Mamnunmen, minnatdormen!-dedi. - Shahzodam, ruxsat senga, endi keta bilursen!

64

So'ng qolgan shahzodalar birin-ketin sulton huzurida hozir bo'ldi. - Shahzodam Qutbiddin O'zloqshoh! - Chorlovingizga ko'ra huzuringizda hozirmen, Shahanshohim! Xorazmshoh taxti ravonda viqor bilan o'tirar ekan, farzandiga savol nazari bilan boqdi. Fursat o'tgach, gap boshladi. - Yaqinlash. - Amr etganingizdek. - O'zloqshoh, senga savolim bordur! O'zloqshoh quyi egilgan boshini xiyol ko'tarib, nigohlarini padariga qadadi. - Savol eting, Shahanshohim! - Cavash maydonida kimdan qo'rqursan?! - Jaloliddindan!

65

Bu gal shohning huzuriga shahzoda G'iyosiddin Pirshoh kiritildi. - Shahzodam Pirshoh! - Amringizga muntazirman, Shahanshoh! - Shahzodam ayt, muhoraba maydonida kimdan qo'rqursan! - Jaloliddindan! So'ng shoh huzuriga Oqshoh, Rukniddin, Gursanjti, Hurshoh kiritildi. Shahzodalarning barchasi Xorazmshohning “Savash maydonida kimdan qo'rqursan”, degan savoliga “Jaloliddindan” degan javob qaytardi.

66

Hisobsiz qo'shin Ettisuv tomon yo'naldi. Ettisuv uchun boshlangan jang beayov kechdi. O'shanda Jaloliddin muhoraba maydonida mislsiz jasorat ko'rsatib, muzaffariyat bayrog'ini quchib qaytdi. So'ng Xurosonda ko'tarilgan boshboshdoqlikni bartaraf etmoq uchun Afg'on zaminiga yo'l oldi. Xurosonda osoyishta hayot o'rnatilgach, Jaloliddin tag'in Movarounnahrga qaytdi. Mujodala maydonida baayni sher hamlasini qo'llagan Jaloliddin g'animlari ko'ngliga tahlika va qutqu solib, jangga beomon kirishar edi. *** Mankburni tashqaridan salomxonaga sirg'alib tushgan bir tutam zarif ziyoga nigohini qadadi. U o'rnidan turib, koshonani bir aylanib chiqdi. Atrof osoyishta, faqat saroy mahramlari o'z yumushlari bilan tinmay kuymalanar edi.

67

Nishopur yangi kunga yuz tutgan, bu muborak juma kunduzi edi. Sulton Jaloliddin qudratga kelgan kun edi bu kun! Yorqin xabar tarqaldi. Saroy a'yonlari hamda Xuronson beklari, amiru noyiblari Movarounnahr Sultoni Jaloliddin Mankburniga sodiq xizmat etmoq uchun uning huzurida hozir edi. Jarchi shirali va bag'oyat maftunkor ovozda jar soldi: - Diqqatli bo'ling, Sulton Jalal ad Dunya va-Din Abdul Muzaffar Mankburni ibn Muhammad onhazratlari! Jarchi navkarning shirali ovozi saroyni tutib ketdi. Barcha hushyor tortib, qulliqda tek qotishdi. Sulton Jaloliddin Mankburni Xorazmshoh qadamlari zarbidan saroy larzaga keldi. Sulton shamshod qaddiga yarashiqli, xorazmshohlarga xos viqor bilan taxtga borib o'tirdi. Jarchining jarangdor ovozi tag'in yangradi. - Shahanshohim, butun Movarounnahr hamda jumlayi Xuroson, Eron Siz zoti oliylarini muborakbod etib, Sizga sodiq xizmat etmoq uchun qasamyod etmoqqa shaydur! Sulton ma'qul ma'nosida bosh chayqadi. Jarchi yana jar soldi. - Shayxul Islom Abdul Ja'far Muhammad hazratlari. Shayxul Islom Yaratgan Egamga hamd sano o'qib, so'ng Sultonni muborakbod etdi. Taxtdan pastga tushib, quyiga qarab yo'nalgan shahanshoh Shayxul Islom qarshisida to'xtab, uning muborak qo'lini yuziga surtdi. Keyin duoyi salomlar ichida yana taxtga borib o'tirdi. Muborak juma kunduzi qilingan duolar ijobat bo'lgusi onlar yaqinlashmoqda edi. Shayxul Islom xutbada Sulton Jaloliddin Xorazmshoh nomini o'qib eshittirdi. Vaziri a'zam Sultonning etagini o'pib ont ichdi: - Qodir Ollohga ontkim, so'nggi tomchi qonim qolgunga qadar ahdimga sodiq qolib, Siz zoti oliy va Movarounnahr uchun xizmat qilmoqqa qasamyod eturman! So'ng birin-ketin saroy a'yonlari, amirlar, hokimlar, Xuroson beklari Xorazmshoh Jaloliddin qarshisida tiz cho'kib, buyuk Movarounnahr uchun sodiq xizmat qilmoqqa qasamyod etishdi. Sulton saroy a'yonlari va barcha viloyat hokimlarini birdamlikka da'vat etib, otashin nutq so'zladi: - Ahli Movarounnahr va jumlai Xuroson, Eron! Tinglang, bukun butun Movarounnahr tahlika ichinda. Va bunda biz muzaffarlik tug'ini sarbaland ko'tarib, g'olib chiqmoqlikni tajalli etishini Qodir Egamdan o'tinib so'raymiz. - Omin! – shafoatu qo'llov so'radi a'yonlar. Xorazmshoh matlai saodat bilan nutqida davom etdi: - Modomiki butun mamlakat halokat yoqasida ekan, birlashib mo'g'ul tahlikasini bartaraf etgaymiz va zafar quchgaymiz. Qilichimiz kesgir bo'lsin, qadamimiz zalvori esa g'animlar ko'ngliga qutqu, tahlika solsin! Bizkim Movarounnahrning asl vorislari Vatan uchun kurashib, Vatan uchun jon tikaylik! Bu savash maydonida ne-ne jo'mard bahodirlar yurt uchun jon fido qilmagan? Ne-ne mard pahlavonlar qon to'kib shahid bo'lmagan? Bu jangu jadal tamoyilidur, kimdir savash maydonida halok bo'lar, ammo Vatan uchun halok bo'lmoqlik yigit uchun sharafdir! Qurbonlar xotirasi illo avlodlar qalbida mangu yashayajak, shahidlar nomi sharaf bilan albat tilga olinajak. Sulton da'vati barchani to'lqinlantirdi. Ona Vatan tuyg'usi, yurt ozodligi, qadr-qimmat va sha'nini himoya qilmoq hissi bilan yongan movarounnahrliklar chindan qo'zg'olgan edi. Hukmdor bir oy ichida ancha kuch to'plashga muvaffaq bo'ladi. Hirot voliysi – Aminal Mulk o'n ming lashkari bilan kelib unga qo'shildi. Viloyat hokimlari va amirlari kun sayin sarkarda Jaloliddin safini to'ldirib bordi.

68

Eshik tuyqus ochilgach, Sulton ortiga burilib qaradi. - Shahanshohim! - Eshik og'asi yaqinlashib, sultonga tavoze bilan bosh egdi. - Co'zla. - Huzuringizga olis yo'l bosib, Jaloyir O'zloq kelmishdir! - Jaloyir O'zloq?! - Shundoq, shahanshohim! - Darhol chorla, kirsin! - Amr etganingizdek onhazratim! - Eshik og'asi ortiga tisarilib, tashqariga chiqib ketdi. Fursat o'tib, ichkariga O'zloq kirdi. - Shahanshohim! - Jaloyir O'zloq hazratlari! Sulton yurib borib Jaloyir O'zloq qarshisida to'xtadi. Ammo qulliqda turgan O'zloq boshini ko'tarmay hamon tek qotib turar edi. Sultonning nechundir ko'ngli buzildi. Bir umr otasining xizmatida bo'lgan bu zakiy, ahli donish inson Jaloliddin uchun chindan dilga yaqin, qadrli kimsaga aylangan edi. Xorazmshoh uni quchoqlab: - Boshingizni ko'taring.-dedi. O'zloq egik boshini ko'tardi. Yuzi so'lg'in, nigohi esa vazmin, ko'zlarining shishasi yoshdan namlangan edi. Sultonning tag'in ko'ngli buzildi. O'zloq hasratli so'zlandi: - Ko'nglimda bir guduk bordur. Ichim-ichimga sig'maydur! - Omondir? Xayrdir? - Xayrdan darak yo'qdur! Ma'zur tutgaysiz shahanshoh onhazratlari, sizga sovuq xabar keltirdim. Mankburnining shundog'am g'ash bo'lgan ko'ngli battar g'ashlanib so'radi: - Qandoq xabar emish? - Shahanshohimiz Sulton Alouddin Muhammad ibn Tekish onhazratlari Haqning muborak ismini tilida va dilida yod etib, pok ruhlari Xo'ja Robbimning cheksiz rahmatiga qovushmishdir, illo! Sovuq xabar Mankburnini larzaga soldi. U g'aflat ichida so'radi: - Qachon? - Olti yuz o'n ettinchi yil, shavvol oyining o'ninchi, muborak juma kuninda. Bu chindan melodiy 1220 yil dekabrining 10-juma kunida sodir bo'lgan edi.

69

Xorazmshoh yurib borib koshona poyonida to'xtadi. Uning ahvoli tang edi. Tobora siniqib ketayotgan yuziga nazar solgan Jaloyir hali ham turgan joyida tek qotgan edi. Endi uning ko'ngli buzildi. Sultonning yuzi qum singari tusini yo'qotdi. Ko'zlari esa atrofga vazmin boqardi. Uning nigohlari koshona ichida darbadar kezinardi. O'rtaga bir mudhish parda tortilgan edi, sultonning ko'zlari shu parda ortidan nariga alam va sitam ichida hasrat-la boqib turardi go'yo. Jaloyir mudhish xabar so'nggi Xorazmshohning huvillab yotgan darbadar qalbiga naqadar shafqatsiz ta'sir etganini o'z ko'zlari bilan ko'rdi. Jaloliddinning kulfati mislsiz edi. - Jaloyir hazratlari. - Buyuring, shahanshohim. - Buzrukvorimning jasadi qaerga ko'mildi? - Ashur ada orolchasiga, shahanshohim. – O'zloq og'rinib yutundi. U peshonasida unib chiqqan terlarini sidirib artdi. Keyin g'am ichida yana so'zlandi.- Hasratda qoldim. Ammo bu Haqning hayot o'lchovi edi. Jonsiz jasadni quchoqlab qoldim. Meni yolg'iz tashlamang, deya nido etdim. Ammo javob olmadim. So'ng noiloj shahanshohni tuproqqa topshirdim. Orolchaga ko'mdim. “Bu erga shohlar shohi ko'milgan” degan yozuvni qoldirdim. Motam ichida beayov yondim, Xorazmshoh Sulton Muhammad ibn Tekishni chorasiz, o'zi kiyib yurgan kiyimida dafn etdim.- deya xotimaladi u. Sultonning mushti beomon tugildi. Tishlarini tishlariga qo'ygan chog' uning jag'i bo'rtib chiqdi. Kecha o'zini dunyoga ustun bilgan Muhammad Xorazmshohning bu taqlid g'arib zavoli o'g'li Jaloliddinni mislsiz azob komiga uloqtirgandi.

70

Nishopur saroyidan ot surib chiqqan Sulton xos lashkarlari qurshovida edi. Ahli Nushopur sultonga ta'zimda bosh egib ortda qoldi. Oldinda esa yana bir tuman olomon tek qotib, shahanshohga tavozeda egilishdi. Kimlardir devor osha, yana kimlardir eshik tirqishidan mo'ralab, yana kimlardir sulton va uning navkarlariga qulliq qilgan holida ortda qolib ketishdi.

71. Jayhun epkinlari

Shomon Turfon “Turfondengiz” laqabini olgan. Bu afsungar sehr-joduni qo'zg'ashda ustasi farang shayton malaylaridan biri edi. U Chingiz chorloviga ko'ra xon huzuriga etib kelgandi. Jodu kitobini varaqlamoq bilan mashg'ul bo'lgan shomonga xon qisiq ko'zlarini qadab amr etdi: - Cehr-joduingni ishga sol, Turfon! Magar Jaloliddin kuchini qirqib bersang, dasturxoning zardan, egan taoming oltindan bo'lgay. Umr bo'yi rohat-farog'atda yashagaysan! Turfondengiz jodu sehrini qo'zg'ab, o'rnidan turdi. Unga yalang'och, faqat uyat joylari lattada to'silgan, ko'zlari suzik mo'g'uliy ayol kumush taboqda quyon suyagini tutdi. Turfon taboqdagi quyon suyaklarini o'tda aylantirib afsun o'qidi. So'ng afsungar tiz cho'kib, taboqni Chingizxonga uzatdi. Xon o'tirgan erida qo'zg'almasdan suyaklarni olovi ko'kka o'rlayotgan gulxanga tashladi. Suyaklar olovda charsillab kuydi. Atrofda achimsiq kuyindi isi anqidi. Duddan nafas olgan xon ijirg'anib burnini jiyirdi, so'ng tobora alangalanayotgan gulxanga tik qaragan ko'yi go'yo kelajak savash maydonini ko'z o'ngida tasavvur etib, so'yloq tishlarini ko'rsatib “xo-xo”lab kuldi. Olov atrofida shomonlar shayton kuyini chalib, raqs tushishdi. Shomonlar qulochlarini ozod yoyib “huv-huv”lab afsun qo'shig'ini aytdilar. Bo'yniga qora, katta-katta shoda qahrabo munchoq taqib olgan Turfon yana oldinga chiqdi. Boshidagi temir qalpog'iga qo'ng'iroqlar osib, jarang chiqarayotgan jodugar bu gal tosh kosaga solingan tuzni olovga sochdi. So'ng gulxan tegrasida aylanib, muttasil afsun o'qigach, olovga suv sochdi. Keyin tag'in afsun o'qidi...

72

Yalanglikni tark etgan Xon o'tov tomon yo'naldi. Ketidan qulliqda bosh egib kirgan sipohga amr etdi: - Olib kiringlar! Fursat o'tgach, o'tovga xufya kirdi. - Ulug' xon, amringizga ko'ra... - Co'yla... - Jaloliddin Qandahorga otlanmish. Chingiz boshini qimirlatdi: tanqaygan puchuq burnining kataklari ochilib-yopilib, chuqur nafas oldi. -A'lo!- Minnatdor iljaydi xon. - Huzuringizga Yalavoch tavsiya etgan Shaybonni olib keldim. Chingiz “to'xtab tur” degan ishorada o'ng qo'lini ko'tardi. Xufya ma'lumot yig'ishda ustasi farang ayg'oqchi edi, u xiyonatkor ko'zlari bilan xonga tikilib, uning ishoratini uqib, tek qotdi. So'ng ikki qo'lini ko'ksiga qo'yib: - Ishoratingizni uqdim, hukmdor.- degan ko'yi ortiga tisarilib, eshik yonida to'xtadi-da, yana bir bor qulliqda egilgach, tashqariga chiqib ketdi. - Zudlik bilan Jaloliddin ketidan hisobsiz lashkarni jo'natgaysan! - Sovuq nigohlarini o'g'li To'liyxonga qadab buyurdi xon. U yurib borib, eshik poyonida to'xtadi, keyin ortiga qaytib, chayla ichini aylanib chiqdi. Nihoyat, To'liyxon qarshisida to'xtab yana uqtirdi: - Yalavoch tavsiyasi hali bizga ko'p asqotgay. Anga qo'z-quloq bo'ling. Ul bandayi shayton Jaloliddin lashkarlariga qora ajal urug'ini sochgay! Va Mankburni lashkarlari bu ajal o'tida beomon qovurilgay! To'liyxon otasiniki kabi tanqaygan burnini jiyirdi. Xon atalmish otasidan u har ne kutsa-da, bu razillikni kutmagan edi. Axir bu xavfli qora ajal o'zlarini ham zaharlashi, o'zlarini ham o'lim to'shagiga mixlashi mumkin-ku! Xufyalari unga yaqin kunlarda Dajla sohillarida qora ajal tarqalganini etkazishdi. Dajla bandargohida xastalangan kemiruvchilar o'zlaridan ajal urug'ini sochib, ko'plarning yostig'ini quritgandi. Kuni kecha Chingiz farmoniga ko'ra Dajla bandargohidan og'zi berk katta sopol ko'za ichiga qamalgan kalamush olib kelgan xuyaflar bugun xon huzurida o'zlarini qanday o'lat kutayotganidan bexabar qolishdi. Oradan ikki kun o'tdi. Sipoh olib kirgan xabar unga qamchi savalamoq fursati etganiga bir turtki bo'ldi. Xon huzurida turgan sipoh nigohini Chingizga qadadi. - Co'zla!- Taxtda o'tirgan xon o'ktam ovozda xitob etdi. - Shaybon isitma otashida kuymoqda. Chingizning ko'zga tashlanar-tashlanmas siyrak, malla qoshlari uchib, labi kibrla burishdi. - Ya'ni? - Boshi og'rib, a'zoyi badani qaqshayotganidan shikoyat etmish. Xon “xo-xo“lab soxtakor kuldi, keyin sipohga qarab: - A'lo!-dedi. - Qo'ltig'i shishib, yarasi yiring boylaganini o'z ko'zlarim ila ko'rdim!-Ma'lumot berdi sipoh. - Darhol bul tahlikali mujdani Jaloliddinga jo'natgaysizlar! Ul moxov qora ajal urug'ini endi Mankburni huzuriga borib sochgay! Bu amrdan sipohlar oyoqqa turdi.

73

Afg'on etagida joylashgan Qandahor bu kun tahlikadan holi, sakinat og'ushida uyg'ondi. Bu chindan hukmdorning Niso tahlikasidan keyin sokin va osoyish kechgan kunlaridan biri edi. Ammo shahanshohning osoyish ko'nglini bir sovuq xabar vayron qilgandi. Eshik og'asi sultonga hojib ul-kabir - Xonberdi Saruxon kirmoq uchun izn so'rayotganini bildirdi. O'shanda Saruxon Mankburniga xos navkarlardan biri moxov kasalligiga chalingani haqida xabar etkazdi.

74

O'shanda navkar sherigining holsizlanayotganini ko'rib : - Og'am, isitmang borga o'xshaydur, betobmisan ?- deya hol so'radi undan. Navkar sherigiga boshi og'rib, a'zoyi badani qaqshayotganidan shikoyat etdi: - Co'rama! Boshim lo'qillab og'riyotir, magar a'zoyi badanim qakshab ketayotganini tasavvur eta bilmassen. Og'riq azobidan mijja qoqmay, tong otgunga qadar qaqshab chiqdim.-dedi zorlanib. U so'l qo'lini o'ng qo'ltig'iiga olib bordi. Bemorning og'riq azobida elkalari battar qisilib, yuzidagi ajinlari quyuqlashdi. - Bu kun tongda qo'ltig'im ostida shish paydo bo'lmishdir, qo'limni ko'tarsam, zirqirab og'riydi, ko'tarmasam, yarasi battar achishadi!.. Azob ichida qoldim. Avvaliga bu qanday kulfat ekani hech kimsaning xayoliga-da kelmadi. Aslida bu qora ajal alomatlari edi. Moxov kasalligiga chalingan bemor zudlik bilan saroy shifoxonasiga jo'natildi. Kun peshinga qarab og'di, ammo og'riq azobidan halovat neligini unutgan xasta navkar butkul holdan toygan edi. U isitma otashida beomon kuyib, najot istab tinmay ingranar edi. Islomni qabul qilgan yahudiy hakim bemorning qoshiga etib keldi. Xasta esa yotoqda hali ham holsizlanib yotar, azbaroyi isitma otashi kuchliligidan, holsirab, peshonasida unib chiqayotgan terlarini zo'rg'a sidirib gapirdi. - A'zoyi badanim zirqirab ketayotir! - Isitma qachondan chiqmish? - Kecha shomda boshlanmish, hakim hazratlari! - Him. Tag'in ne hol yuz bermish? Bemor so'l qo'lini o'ng qo'ltig'iga olib borib zorlandi. - Qo'ltig'imda bir shish bordur! Hakim yordamchilariga bemorning kiyimini echishni buyurdi. Ko'rdiki, chindan bemorning qo'ltig'i shishgan, ba'zi qabariq shishlar yaraga aylanib, usti yiringli potos boylagan edi. Hakim bunda yuqumli moxov xastaligining boshqa alomatlarini ham ko'rdi: xususan, bemorning soni qorayib, oyoqlarida qora dog'lar paydo bo'lgandi. Bu shaksiz moxov kasalligining alomatlari edi. - Darhol aning choralari ko'rilsun! Boshqalarda ham bul alomat bormu-yo'qligi aniqlansun. Xastalik bilan og'rigan bemor shahardan chekka bo'lgan kimsasiz go'shaga olib borilsun! Toki bu o'lat boshqalarga yuqmasin. Xorazmshoh xastalikka chalingan kimsa to o'limiga qadar qora ajal ofatidan qutula olmasligini bilar edi. Zotan, bu xastalikning oldini olish choralari ko'rilmasa, ajal urug'i ko'pning yostig'ini quritishi tayin edi...

75

Jaloliddinning ketidan quvib, Qandahorga etib kelgan mo'g'ullar qal'a atrofini go'yo o'ljasiga qutqu solgan och quzg'unlar kabi o'rab olishdi. Qandahor qal'asi qamal ichida qoldi. Va bu qamal beayov kechdi. Silliq tosh yo'lakda tuyqus toyinib ketgan Safartosh zo'rg'a muvozanatini saqlab qoldi. U barcha orom olar mahal, sherigi Sorlochin bilan til biriktirib, yashirin yo'llar orqali shahzoda Salohiddinni o'g'irlab, tashqariga olib chiqib ketgan edi. O'g'irlangan shahzoda va xufyalar sarbozlar qurshovida zudlik bilan Chingiz huzuriga jo'natildi. Tunda zaharlangan joriyalar tongda hushiga kelgach, saroy og'asini mash'um voqeadan xabardor etishdi. Qal'a ichidagilar asirga tushish naqadar ayanchli ekanini anglab etgan, buning ustiga shahzoda Salohiddining g'oyib bo'lishi barchani dovdiratib qo'ydi. Oshyona ichida darbadar kezingan volida Oychechak azbaroyi nima qilarini bilmay, mehrob qarshisida to'xtadi. Uning aqli shoshgan edi. Volida qaltiragan barmoqlari bilan shashqator yoshlarini sidirdi. Ichkariga yurak hovuchlab kirgan bekachi malikaga qulliq qilib, tavoze bilan bosh egdi. U past ovozda malikadan izn so'radi: - Volidam, Elto'riq huzuringizga kirmoq uchun izn so'ramoqda. - Darhol kirsin!-Oychechakbegim toqatsizlanib o'rnidan turdi. Eshik ochilib, volida Oychechak ortiga burilib qaradi. Elto'riqning qorasi ko'rindi. - Malikam! - Co'zla! - Barchasi ma'lum bo'lmish! Shahzoda Salohiddin eshik og'alari Holidposhsho va Tarxon tomonidan o'g'irlanmish! Alarga Safartosh va Sorlochin ko'makda bo'lgan. Oychechak Sultonbegim titradi. So'ng qaltiroq qo'llarini og'riqli peshonasiga olib borib, “Ey vohlar bo'lsin!” deya nido etdi. - Ul xiyonatkorlarni darhol huzurimga chorlang! - Ul sotqinlar izsiz yo'qolmishlar! - Qayga izsiz yo'qolmishlar?! - G'oyib bo'lmishlar! - Bekalar-chi? - Tunda har ikkisi ham zaharlanmishlar! - O'g'irlanmish, bekachilar zaharlanmish! - Zarda qildi malika. Elto'riq tili kesilib, jimib qoldi. Unga nigohlarini qadab turgan malika tag'in zardali ovozda baqirdi. - Cen qay yumush ila mashg'ulsan! - Bir qoshiq qonimdan keching, malikam! - Shahzodamni qo'rimoq sening zimmangdamasmu? - Mening, mening zimmamdadur! Qo'riy bilmadim! Bir qoshiq qonimdan keching. - Casingni kes! Bir qoshiq qoning aslo kechilmagay! Elto'riq malika qarshisiga kelib tiz cho'kdi. U najot istab nola qildi. - Malikam, mening bir qabohatim yo'qdur. Magar boshimga og'ir nimarsa tekkanini bilurman, boshqa voqedin xabarim yo'qdur! Hushimga kelsam, eshik yopiq. Ichkariga mo'ralasam, bekachining har ikkisi og'anab yotmishdur! Shahzodam, Shahzodam deya chaqirgan ko'yi g'aflatda qolib ketdim. Nola qildim! Ammo shahzodadan darak bo'lmadi. Shahzoda Salohiddin o'g'irlanmishdur! Mening ul sharhriyorga bir qabohatim yo'qdur! - Tek tur, sasingni kes deyman. Sening yuragingni qo'portirgum! Oychechak eshik og'alarini chaqirdi: - Og'alar! Eshik narida shay turgan og'alar ichkariga kirishdi. Malika ularga qarab amr etdi - Ketiring! – u jirkangan kabi ijirg'anib, nigohlari bilan Elto'riqni ko'rsatdi. Ketiring, olib keting shuni ko'zimdan!- deya buyruq berdi.

76

Tashqarida esa beayov jang kechmoqda edi. Bu savash maydoni edi: bu urush maydoni shuni taqozo qiladi - kimdir er tishlaydi, kimdir zafar quchadi. Mujodala yakuni qanday xotima topishini hech kimsa oldindan belgilab bera olmasdi. Sulton qorong'u zulmat tunni bedor o'tkazgan, zotan atrofida sodir bo'layotgan voqealar uni uyg'oqlikka mubtalo etgandi. Shuhratparast momosi Chingizxonga kalaka bo'ldi! Cinglisi achchiq qismatga giriftor etildi? Qattol qo'lida joni qonagan shahzoda inilarining qonli zavoli uni battar siquvga oldi. Buzrukvori Xoarzmshoh halokati-chi? So'ng jigarbandi Salohiddinning g'oyib ketishi... o'g'irlanishi... Bularning barchasi uning ko'nglida dahshat va vahshat shamolini qo'zg'adi... Ammo bu ko'rguliklar kechmish hodisaning ko'ngilda yashirin kechgan aksi edi, xolos! “Curindim, ammo yiqilmadim!” - Dedi sulton o'ziga-o'zi. “Yo'q, yiqilding!” - Nogahoniy ovoz Sulton quloqlari ostida muallaq qotib, muttasil yangrab turdi. “Yo'q,- deya na'ra etdi u. - Surindim, ammo kuchli bo'lib oyoqqa qalqdim. Yiqildim, ammo qudratli bo'lib o'rnimdan turdim. Men davomiy Anushteginiy, men xonadonu Xorazmshohlarning ettinchi vakili Jaloliddin Mankburni yovni shaksiz engajam! Qirg'iy changalim ila yovni bo'g'ajam!” U mehrob qarshisida to'xtadi. “Yog'iyni qirg'iy changalim ila yanchib tashlajam! So'ng ozod o'lajam! Eshit, tebranayotgan dunyo, qalqigan olam! Yovni Xorazmshoh qirg'iy changalim birla yanchib tashlajam, so'ng hayqirib ozod o'lajam!” - Og'alar!-Chaqirdi Xorazmshoh. Zulmat chimmatiga o'ralgan qarolig' kechada, bir qo'lida qilich, bir qo'lida qalqon tutib bedor turgan og'alar ichkariga jonsarak kirishdi. - Barcha oyoqqa tursin! Va darhol huzurimda hozir bo'lishsin! Tun ikkinchi yarmiga qarab og'ar mahal boyo'g'lining hasratli xonishi eshitildi. Xosnavkar boyo'g'li tilida tinim bilmay nola qilardi. Bu harbiy hushyorlikka chorlovchi chaqiriq edi. Lashkarboshilar, beklar, amirlar va jamiki saroy a'yonlari sultonning huzurida hozir bo'lishdi. Tun zulmatida sulton huzuri shamlar yog'dusida za'faron edi. - Dushmanning hamlasi kuchimizni aslo qirqolmagay! Jonimiz shul ojiz vujud ichra omonat qamalgandir! Va biz barchamiz bir kun o'lgaymiz, va le ozod ruhimiz illo Haqning rahmatiga qovushgay! O'lsak qurbon o'laylik! Vatan uchun qon to'kaylik! Jihod! – deya hayqirdi u. - Jihod!-Jo'r bo'ldi jamiki saroy dasturi. Bu subhi sodiq jangning uchinchi tongi edi. Atrofda to'zg'igan mo'g'ullarning olatasiri olamni tutib, yana ular quzg'un kabi qal'ani o'rab olishdi. - Bir zarbimiz ila daf qilgaymiz! Jihod! Jihod! Jihod!-deya hayqirdi sarkarda. - Jihod!-Shamshirni ozod ko'targan sarbozlar hayqirig'i Xuroson zaminini titratdi. Sher na'rasi mo'g'ul shoqollarini hushyor tortirdi. Ulkan temir darvozalar ochilib, sarkarda Jaloliddin boshliq otliq lashkarlar qo'llarida olov tutib, tashqariga otildi. Sarkarda va uning sarbozlari sher kabi o'kirib, yog'iylar ustiga beomon tashlandi. Sultonning chap qanotida turgan Aminalmulk sarbozlari to'zon kabi dushman ustiga hujumga o'tdi. O'ng qanotda esa Sohibi Jayish ularni quvvatlab turdi. Savash maydoni sulton lashkarlarining hayqiriqlariga to'lib ketdi. Mo'g'ullar sarosima ichida ortiga chekina boshladi. Hal qiluvchi onlar yaqinlashgandi. Jaloliddining so'nggi shiddatli zarbiga dosh bera olmagan mo'g'ullar butkul tor-mor etildi. Jaloliddin va qaynotasi Aminalmulk ishtirokidagi Qandahor qamali jangi shu tariqa yakun topdi. Jaloliddin chindan Muhammad Xorazmshoh arslonlari ichidagi sher edi. Bu sher hamlasi shoqollar raqsini bir zarbda daf etib, ularni ortga uloqtirib tashlagan edi. Shu tariqa osmon dengizida harb yulduzi charaqlab chiqdi.

Davomi bor.