Davra suhbati: Sho‘rolaru G‘arbdan qanday Afg‘oniston qolayapti?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Tolibon AQShni boshiga sobiq Sho‘rolar Ittifoqining kuni tushishi bilan ogohlantirayotgan bir manzarada xorijiy qo‘shinlarning ommaviy safarbarliklari ortidan, qo‘shni Afg‘onistonda insoniy fojea yuz berishiga oid xavotirlar ham yangramoqda.

Sho‘ro qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishganiga roppa-rosa chorak asr bo‘lgan bir yilda 13 yillik hozirliklari ortidan G‘arb harbiylari ham ortga qaytishmoqda.

Ammo yirik ikki tashqi kuchning uzoq yillik hozirliklariga qaramay afg‘on mojarosi hamon o‘z yechimini topmagan:

O‘zbekistonning shundoqqina biqinida qurolli va isyonchi guruhlar hanuz faol, mamlakat Tolibon tahdidi qarshisida.

Berilgan va berilayotgan milliardlab dollarlik tashqi yordamlarga qaramay, Afg‘onistonning iqtisodi haliyam abgor.

Davlatning butunboshli byudjeti va yillik Yalpi Ishlab Chiqarishi butunlay xorijiy donor davlatlarga qarab qolgan.

Ichki ishlab chiqarish deyarli rivojlanmagan, korruptsiya va ishsizlik chuqur ildiz otgan.

Afyun ishlab chiqarish sur‘atiyu ko‘lami o‘sha-o‘sha - dunyoda eng peshqadam mavqe‘da.

Aksariyat aholisi qashshoq. Odamlarning maosh va nafaqalari ham berilayotgan xalqaro yordamlar hisobidan.

Xullas, dunyoning eng old davlatlarining 13 yillik harbiy, iqtisodiy va moliyaviy ko‘maklari ortidan Afg‘oniston bugun ham har jihatdan yordamu himoyaga muhtoj.

Bularning ustiga ustak, AQSh va rasmiy Kobul o‘rtasida muhim xavfsizlik bitimi ham hanuz imzolanmagan:

Qo‘shni Afg‘onistonda bu yilgi ommaviy safarbarlik ortidan xorij harbiylari qolish-qolmasliklari, mamlakat o‘ta muhtoj tashqi moliyaviy yordamlarning taqdiri nima bo‘lishi ma‘lum emas.

Iqtisodining butkul parokanda bo‘lishi esa, Afg‘onistonning davlat sifatida tanazzulga yuz tutishi ehtimolini kuchaytiradi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu nafaqat Afg‘onistonning o‘zi, balki butun mintaqada vaziyatning izdan chiqib ketishiga olib keladi.

Ular Pokiston, Hindiston va Eron kabi mintaqadagi yirik o‘yinchi davlatlar manfaatlarining ehtimoliy qayta to‘qnashuvi vaziyatni yanada taranglashtirishi istiqbolidan ham xavotir bildirishadi.

Bularning barchasi manzarasida nafaqat Afg‘onistonga qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari, balki ularga nisbatan qudratli, deb e‘tirof etiluvchi Rossiya va Xitoy ham tashvishda.

Ular Tolibon muammosi o‘z yechimini topmagan bir vaziyatda mintaqada islomiy fundamentalizm kuchayishi, Afg‘oniston fuqarolar urushi girdobiga botishi, ekstremistlar va bangivor moddalar uyasiga aylanishidan xavotirdalar.

Shunday ekan, chorak asrlik noqonuniy va qonuniy "ishg‘ol" ortidan ham qo‘shni Afg‘oniston mojarosi hanuz o‘z yechimini topmadi. Ulardan Afg‘onistonga qanday foyda bo‘ldiyu, qandayin ziyon? Endi Afg‘onistonga nima bo‘ladi?

Turkiyadan siyosiy tahlilchi Abdusalom Osim va O‘zbekistonga bevosita qo‘shni Afg‘oniston shimolilik ziyoli Muhammad Basir Muqimiy bilan uyushtirgan davra suhbatimiz xuddi shu savollar atrofida bo‘lgan. Siz ham tinglang.