Angela Markel Ovro‘poni AQSh josusligidan himoyalashni taklif qildi

Image copyright AFP
Image caption Barak Obama josuslik amallari haqida xabari bo‘lmaganini aytib, Markeldan uzr so‘ragandi

Olmoniya kantsleri Angela Markel shaxsiy ma‘lumotlarni Amerika maxfiy xizmatlaridan himoya qilish uchun yagona Ovro‘po aloqa tizimi yaratish kerakligini aytgan.

Ushbu loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, ovro‘polik foydalanuvchilarning raqamli ma‘lumotlarini kuzatishdan saqlash imkonini beradi.

Markel xonim bu taklifini Frantsiya Prezidenti Fransua Olland bilan uchrashuvda muhokama qilmoqchi.

Amerika josuslik xizmati sobiq tahlilchisi Edvard Snouden tomonidan AQSh xavfsizlik xizmatlari ittifoqchi mamlakat rahbarlari doxil, millionlab internet foydalanuvchilar ma‘lumotlari va telefon qo‘ng‘iroqlarni eshitgani oshkor qilinishi Ovro‘poda ko‘plarni darg‘azab qilgandi.

Telefon so‘zlashuvlari uzoq muddat Amerika tomonidan eshitib kelingan Angela Markel AQSh bilan ovro‘polik hamkorlari o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zgarishlar zarurligini ta‘kidlagan.

Angela Markelga ko‘ra, Facebook va Google internet tarmoqlarining vakolatxonalari shaxsiy ma‘lumotlar himoyasi qoniqarli darajada bo‘lmagan mamlakatlarda amal qilishi, ayni paytda bu yirik internet shirkatlar xavfsizlik choralari yuqori mamlakatlarda biznes olib borishi nomutanosibdir.

"Birinchi navbatda biz fuqarolarimizning xavfsizligini ta‘minlovchi Ovro‘po provayderlari haqida o‘ylashimiz lozim. Bu maqsadda Ovro‘po ichkarisida kommunikatsion tizim paydo qilish mumkin", deydi Markel xonim.

Xabarlarga qaraganda, rasmiy Parij Olmoniya kantslerining taklifini quvvatlash niyatida.

Mamlakatlar o‘rtasida josuslik xizmatlari amal qilishi aslida yangilik emas.

Xususan Olmoniyaning o‘zida fashistlar tuzumi davrida ham, kommunistlar hukmronligida ham keng foydalanilgani hujjatlardan ma‘lum.

Olmoniya rahbarlarining shaxsiy telefon so‘zlashuvlari eshitilgani ayon bo‘lgach, Berlin va Vashington munosabatlari ancha yomonlashgan.

Bundan oldin AQSh rahbari Barak Obama josuslik amallari haqida xabari bo‘lmaganini aytib, buni boshqa qaytarilmaligini bildirgandi.

Biroq Olmoniya rasmiylariga ko‘ra, Vashington bilan josuslik qilmaslik borasidagi ikki tomonlama kelishuv urinishlari natijasiz qolmoqda.