"NewEurasia" sayti Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi adabiy tanlov e‘lon qildi

Yangi "Novellaziya"deb nomlangan bu tanlovda mualliflar adabiyotning kichik janr namunalari bilan qatnashish imkoniga egalar.

Tashkilotchilar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonlik ijodkorlarni tanlovda qatnashishga taklif qilmoqda.

"NewEurasia" sayti 2006 yilda faoliyatini boshlagan Markaziy Osiyogi ilk internet saytlaridan biri hisoblanadi. "Novellaziya"ga o‘xshagan adabiy-madaniy tadbirlar o‘tishiga bosh-qosh bo‘lib keladi.

Tanlov tashkilotchilaridan Kristofer Shvartsga ko‘ra, bu adabiy bellashuvda professional yozuvchilar bilan birga, yozganlari hali chop etilmagan qalamkashlar, blogger va jurnalistlar, hamda boshqa mualliflar qatnasha oladilar.

Bundan ko‘zlangan maqsad yangi iste‘dodlarni kashf qilish, asarlarini chiqara olmayotgan yoshlarga ko‘maklashish, adabiyot ixlosmandlarini ularning asrlaridan bahramand etishdir.

Ishtirokchilarning yoshi, jinsi, millati va boshqa tomondan cheklashlar yo‘q. Faqat ular o‘z fuqaroligini ko‘rsatishi lozim bo‘ladi.

""Novellaziya" adabiy tanlovida qatnashishni xohlovchilar o‘zlarining turli janrdagi- qissa, novella, hikoyalar to‘plami, maqolalar blogi va boshqa ishlarini jo‘natishlari mumkin. Shu bilan birga, yuborilgan ishlar albatta badiiy adabiyotga taluqli bo‘lishi kerak", deydi Kristofer Shvarts.

"Novellaziya" o‘tgan haftada e‘lon qilindi. Hozircha bizga asosan rus tilida yozilgan asarlar kelib tushdi. Biz Markaziy Osiyo tillarida yozuvchi ijodkorlardan ham asarlar yuboriladi, deb umid qilamiz. Chunki bu xalqlarda ajoyib iste‘dod vakillari bor", deb aytadi janob Shvarts.

Tanlovga faqat mualliflik asarlari qabul qilinib, bungacha boshqa hech bir ochiq manbalarda- internet va nashrlarda chop etilmagan bo‘lishi talab etiladi. Ular 30-100 sahifadan iborat bo‘lishi mumkin.

Tanlovning boshqa shartlari NewEurasia saytida batafsil berilgan. Ijodiy ishlar 2014 yilning 1 apreligacha yuborilishi kerak. G‘oliblar 1 mayda ma‘lum bo‘ladi.

Tanlov davomida 5 g‘olib aniqlab olinadi. Ularning har biri 300 yevro miqdorida mukofot bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, tanlovga topshirilgan asarlar ingliz tiliga tarjima qilinib, NewEurasia saytining "qissalar blogi"da chop etib boriladi.

Bundan tashqari, g‘oliblarning ijod namunalari elektron kitob shaklida ingliz va original tilda chiqariladi.

Boshqa qatnashchilarning ishlari tanlov tugagach, o‘z tilida chop qilinadi.