Asqar Akayevning kuyovini Moskvada yana hibsga olishgan

Image copyright RIA Novosti
Image caption Akayevning kuyovi bir haftada ikkinchi marta Moskvada hibsga olingan

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Akayevning kuyovi Adil Toyganbayev Rossiya poytaxti Moskvada hibsga olingan.

Bunga 2005 yilda Qirg‘iziston hukumatining so‘rovi bilan Toyganbayevga nisbatan Interpol tizimi bo‘yicha qidiruv e‘lon qilingani sabab bo‘lgan.

Janob Toyganbayev oxirgi bir hafta mobaynida ikkinchi bor qo‘lga olingan.

9 fevral kuni u Moskvaning Sheremetevo aeroportida ushlangan, 48 soatdan keyin qo‘yib yuborilgan edi.

Qator Rossiya ommaviy axborot vositalariga Adil Toyganbayevning advokati Nikolay Polozov aytishicha, Qirg‘iziston sobiq prezidenti kuyovi avtomobil haydab ketayotganida yo‘lllarda harakatlanish xavfsizligi politsiyasi xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Haydovchi hujjatlarini tekshirish payti uning Interpol qidiruvida ekani ayonlashgan.

Qirg‘iziston prokuraturasi 2005 yil avgustida Adil Toyganbayevga xalqaro qidiruv e‘lon qilgan.

Image copyright YOSHIKAZU TSUNOAFPGetty Images
Image caption Qudratdan ag‘darilganidan keyin sobiq prezident Akayev va uning qarindoshlariga qarshi jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan

Unga firibgarlik, mulkni o‘g‘irlash va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash ayblovlari qo‘yilgan.

Adil Toyganbayev Asqar Akayevning qizi Bermet Akayevaning turmush o‘rtog‘i.

2005 yilda prezident Asqar Akayev qudratdan ag‘darilganidan keyin uning o‘zi va qarindoshlariga qarshi jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Janob Akayev boshqaruviga qarshi noroziliklar yuzaga kelishiga uning rafiqasi, o‘g‘li va boshqa qarindoshlarining noqonuniy amallari ham sabab bo‘lgan edi.

Akademik Asqar Akayev hozir Moskva Davlat universitetida o‘qituvchilik qilmoqda.

Uning kuyovi Adil Toyganbayevning Qozog‘iston fuqarosi ekani xabar qilinadi.

Janob Toyganbayev bundan oldin Qozog‘istonda ham hibsga olingan, uning doimiy yashash joyi Qozog‘istondir.