Aksilhukumat namoyishchilar Kiyev shahri hokimligi binosini bo‘shatganlar

Image copyright Reuters

Ukraina poytaxti Kiyev shahri hokimligini bosib olgan aksilhukumat namoyishchilar binoni bo‘shatganlar.

"Shahar hokimligi deyarli butkul evakuatsiya qilindi", deb aytgan muxolifat faollaridan Ruslan Andriko.

Kiyev hokimligi binosini namoyishchilar ikki oydan ko‘proq vaqt mobaynida egallab turdilar.

Hukumat norozi namoyishchilardan bosib olgan hukumat binolarini bo‘shatib qo‘yishni va to‘sib olgan yo‘llarini ochishni talab qiladi, buning evaziga aksilhukumat namoyishlari payti xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olgan namoyishchilarga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinishi va‘dasi berilgan.

14 fevral kuni qo‘lga olingan 243 muxolifat dastaklovchisi hibsdan qo‘yib yuborilgan.

Ukraina Bosh prokurori Viktor Pshonka endi muxolifatdan bosib olgan binolarini bo‘shatib qo‘yishni va Grushevskiy ko‘chasidagi barrikadalarini ochishni talab qilgan.

Agar muxolifat bu talablarni bajarsa, hozircha uy qamog‘i sharoitiga o‘tkazilgan muxolifat dastaklovchilariga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bir oy mobaynida to‘xtatilishi aytilgan.

Kiyev shahri hokimligi binosini bo‘shatgandan keyin muxolifat transport qatnovi uchun to‘sib olgan ko‘chaning bir qismini ochishga rozi bo‘lgan.

Ukrainada norozilik namoyishlari 2013 yil noyabrida Prezident Viktor Yanukovich Ovro‘po Ittifoqi bilan yanada yaqinlashishni ko‘zda tutgan bitimni imzolashdan bosh tortganidan keyin boshlangan edi.