AQSh: "Dron hujumlari O‘zbekistondan amalga oshirilishi mumkin"

Image caption Dronlar uzoq masofadan boshqarilishi mumkin

Amerika matbuotidagi xabarga ko‘ra, Obama ma‘muriyati agar AQSh qo‘shinlari yil oxirigacha butunlay Afg‘onistondan chiqib ketishlariga majburlansa, o‘zining dron hujumlarini O‘zbekistondan boshqarish ehtimolini ko‘rib chiqayapti.

Bu haqida xozircha rasmiy ma‘lumot yo‘q.

Dron uchoqlari uchuvchisiz harbiy uchoqlar bo‘lib, ular aniq nishonga havodan hujum qiladi. Afg‘on Prezidenti Homid Karzay va Pokiston hukumati esa bu hujumlar ko‘p hollarda oddiy aholini o‘ldirganidan norozi bo‘lib kelganlar.

Dron uchoqlari qo‘shinlar kirib borishi qiyin bo‘lgan Pokistonning shimoli-g‘arbidagi qabila hududlarida Al-Qoida va Tolibon jangarilariga qarshi tez-tez amalga oshiriladi, biroq yildan yilga bu kabi hujumlar soni kamayib bormoqda.

Xo‘sh, O‘zbekiston bu kabi ziddiyatli hujumlarni amalga oshirish uchun naqadar qulay mezbon? BBC bu haqida rossiyalik harbiy mutaxassis, Golos Rossii radiostantsiyasining harbiy sharhlovchisi Ilya Kramnikdan so‘radi.

Kramnik: Aslini olganda, buni amalga oshirish uchun texnik muammolar yo‘q. Chunki uchuvchisiz uchoqlar, ya‘ni dronlarni har qanday masofadan uchirsa bo‘ladi. Bu yerda asosiysi - shu dron bilan aloqaning bor yo yo‘qligi. Masalan, Pokiston yo Afg‘oniston uzra uchadigan dronni Nyu-Yorkda o‘tirib ham boshqarish mumkin. Ayni vaziyatni oladigan bo‘lsak, albatta, dronlarni Nyu-Yorkdan ko‘ra O‘zbekistondagi Xonoboddan boshqarish qulayroq, chunki qo‘mondonlik yaqinroq joylashgani maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu kabi rejalarning hisobga olinayotgani AQShning Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish yo‘lidagi tayyorgarliklariga bog‘liq. O‘zbekiston harbiy naqliyot uchun qulay, va u nisbatan past terror xavflariga ega. Shu jihatdan u mazkur vazifaga mos tushadi. Hozircha ochiq qolayotgan savol, O‘zbekiston va AQSh bu borada qanday kelishib oladilar? Va undan tashqari, bunga Rossiyaning munosabati qanday bo‘ladi?

Image copyright AFP
Image caption Pokistonda dron hujumlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib turadi

BBC: Bu kabi dron hujumlari AQSh qo‘shinlari O‘zbekistondan chiqarib yuborilishidan avval, ya‘ni 2005 yilgacha Xonobod bazasidan amalga oshirib kelingan ekan. Lekin, undan beri dron hujumlari ancha ziddiyatli ahamiyat kasb eta boshladi, ko‘p tanqidlarga uchradi. Shu jihatdan qaralsa, O‘zbekistondan dron hujumlarini boshqarish uchun joy ajratib berishni so‘rash qanchalar oson kechadi deb o‘ylaysiz?

Kramnik: Albatta, ular ko‘p qarama-qarshiliklarga sabab bo‘ladi. Lekin, kelishuvlarga keladigan bo‘lsak, afsuski, o‘zbek hukumati bu borada qanday fikrga ega ekanini bilmayman. Bu, albatta, O‘zbekiston tarafi o‘zi uchun qanday manfaatni ko‘zlashiga bog‘liq bo‘ladi. Menimcha, O‘zbekiston hukumati va xususan Islom Karimovni dron hujumlari naqadar mubohasali ekani, yoki bu boradagi mustaqil matbuotdagi qarashlar unchalik ham bezovta qilmaydi. G‘arbona andozalarni nazarda tutib aytadigan bo‘lsak, Karimov erkin saylovlarda g‘olib chiqishiga ham xojat yo‘q. Shunday ekan, Karimov janoblari omma fikriga qarab o‘tirmay, o‘zi uchun manfaatli deb ko‘radigan har qanday qarorni qabul qilishi mumkin. Agar yaqin kelajakda AQSh bilan yanada yaqinroq harbiy hamkorlik qilish uning o‘z qudrati uchun ko‘proq barqarorlikni ta‘minlab berishiga ishonch hosil qilsa, u dron hujumlariga yo‘l ochib berishi ehtimoli bor. Lekin, hali aytganimdek, bunga Moskvaning munosabati qanday bo‘lishi ham muhim jihat. Mana shu sohada Moskva va Vashington o‘rtasida qandaydir muvozanatga erishilishi lozim bo‘ladi.

BBC: Siz texnik jihatdan dron hujumlarini amalga oshirish qiyin emasligi, va uni har qanday masofadan, masalan Nyu-Yorkdan turib ham Pokistonda amalga oshirish mumkinligini aytdingiz. Lekin dron hujumlarining yerda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan jihatlari ham bor. Masalan Pokiston chegarasiga yaqin joylashgan AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi zobitlari pokistonlik ayg‘oqchilar bilan yuzma-yuz uchrashishlari kerak, ulardan ma‘lumotni qabul qilib olishlari kerak, yoki GPS moslamalarini nishon mashina yoki uyga borib yopishtirib qo‘yishni so‘rashlari kerak. O‘zbekistonda turib, bularni amalga oshirish oson bo‘lmasa kerak?

Kramnik: Bilasizmi, O‘zbekistonga hamma resurslar ko‘chirib o‘tiladi deb aytib bo‘lmaydi, chunki aftidan Markaziy Razvedkaning agentlari o‘z joylarida qoladilar, O‘zbekistonga esa dronlarni boshqaruvchi texnik va harbiy boshqaruv ko‘chirilishi mumkin, xolos. Ya‘ni dronlarning o‘zi va ularni texnik ta‘minlash O‘zbekistonda amalga oshirilishi mumkin. Ma‘lumot yig‘ish va dronni saqlash yo boshqarish bitta joyda bo‘lishi shart emas. Dronni boshqaruvchilar bir joyda, nishonni aniqlab beruvchilar esa nishon maydonida bo‘lishlari mumkin.

Your contact details
Disclaimer