Tolibon vaziri bilan uchrashgan O‘zbek hikoyasi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Mavlaviy Abdul Raqib Afg‘onistondagi sobiq Tolibon tuzumining O‘zbek vaziri bo‘lgan

Sarlavhani o‘qiboq, "Tolibon vaziri bilan?! O‘zbek?!", deya savollarni qatorlashtirib tashlashingiz tayin.

Ha, Tolibonning yagona O‘zbek vaziri kecha dushanba kuni Pokistonning Peshovar shahrida suiqasd qurboni bo‘lgan Mavlaviy Abdul Raqib bo‘lsa, u bilan ko‘rishgan O‘zbek BBC Markaziy Osiyo Xizmatining rahbari Abdulhamid Ismoil bo‘ladi.

Ayon bo‘lishicha, hammasi qo‘shni Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qudratda bo‘lgan va Mavlaviy Abdul Raqib toliblarning Shahidlar, Nogironlar hamda Qochinlar masalalari bo‘yicha vaziri sifatida ishlagan 90-yillar oxirlarida yuz beradi.

"Tolibon qudratga kelgandan keyin BBC Afg‘on Xizmati ularning hukumati tarkibida bir O‘zbek borligini aytib qoldi. O‘sha O‘zbekni qidira boshladik. Oxiri topdik va telefon orqali gaplashdik. Uning ismi Mavlaviy Abdul Raqib, o‘zi asli taxorlik o‘zbeklardan ekan", - deydi o‘sha kunlarni xotirlarkan Abdulhamid aka.

U kishi bilan suhbatimiz tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, ilk telefon suhbati ortidan Mavlaviy Abdul Raqib tashabbusni o‘z qo‘liga oladi va o‘zini qayta-qayta Tolibon Afg‘onistonga taklif etishni boshlaydi.

"Keling, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring. Tolibon haqida turli yolg‘on-yashiqlar yuribdi. Mana, siz G‘arb jurnalisti ekansiz, keling-da, bir ko‘rib keting dedi. Uning ana shu da‘vatidan so‘ng 99-yillar oxiri 2000 yillar boshlarida Tolibon Afg‘onistonga safar qilganman", - deydi u kishi.

Uchrashuv

Image copyright b
Image caption Abdulhamid Ismoil Mavlaviy Abdul Raqib o‘zida hokisor va sulhparvar insondek taassurot qoldirganini aytadi

Qo‘shni Afg‘onistonda 1996-2001 yillar oralig‘ida qudratda bo‘lgan, ammo hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmagan Tolibon tuzumi tashqi dunyoda o‘zining shafqatsizligi va qattiqqo‘lligi bilan nom chiqargan.

Suhbatdoshimiz birgina uchrashuvi ortidan, butun Tolibon harakatiga aniq baho bera olmasligi, ammo Mavlaviy Abdul Raqib o‘zida, "juda hokisor va xalqchil inson sifatida taassurot qoldirgani"ni aytadi.

"Masalan, esimda bor, uni ko‘rgani vazirligiga borganimda, oldida bir 30-40 tacha odam, ergashib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning xonasiga kirib ketishgan. O‘sha nogironlar, mayiblar, shahidlarning oilalari...Ularning orasida aralashib-quralashib yurgan bir odam edi", - deydi Abdulhamid aka.

U kishi o‘z ish tajribasidan kelib chiqib, o‘zi bo‘lgan dunyoning aksariyat davlatlari vazirliklarida bu kabi holatga duch kelmaganligini ham e‘tirof etadi.

Mavlaviy Abdul Raqibning Tolibon mulozimi sifatida o‘sha paytdagi g‘oyalari, qarashlariga to‘xtalarkan, suhbatdoshimiz u o‘zida bir O‘zbek sifatida sulhparvar odamdek taassurot qoldirganini alohida ta‘kidlaydi.

Uning o‘sha paytda menga aytishicha, aynan o‘zbeklarning g‘amini yegani uchun ham toliblar safiga kirgan, ularning orasida o‘sib, ulg‘aygan, deydi Abdulhamid aka.

Suhbatdoshimiz Mavlaviy Abdul Raqibning suiqasd qurboniga aylanishiga ham aynan sulhparvarligi sabab bo‘ldi, degan fikrda.

Pokistondan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Mavlaviy Abdul Raqib so‘nggi kunlarda qator Tolibon liderlari bilan harakat rahbari Mulla Muhammad Umarning buyrug‘iga zid bir ravishda Afg‘oniston Tinchlik Oliy kengashi vakillari bilan Do‘bayda muzokaralar olib borish harakatida bo‘lgan.

Tanazzul

Image copyright AFP
Image caption Tolibon harakati 2001 yil Amerika boshchiligi ostidagi ittifoq kuchlari tomonidan ag‘darilgandi

Abdulhamid aka Ismoilov Tolibon harakatini ichdan shaxsan o‘zi ko‘rgan inson sifatida ularning tanazzuliga siyosiy g‘o‘rliklari sabab bo‘ldi, deydi.

"Ular menda bir siyosiy o‘smirlar sifatida taassurot qoldirishdi. Siyosiy o‘smirlar, odatda, juda idealist bo‘lishadi. O‘zlarining g‘oyalarini hayotdan ham yuqoriroq qo‘yishadi. Hayotning o‘zining pragmatik haqiqatlari bor. Ular ana shu haqiqatlarga ko‘p ham bo‘ysinishgani yo‘q. O‘zlarining g‘oyaviy dunyolarini yerda o‘rnatishmoqchi bo‘lishdi. Shu nuqtai nazardan, albatta, ular yutqazishga mahkum bo‘lishgan", - deydi suhbatdoshimiz o‘z so‘nggida.

Afg‘onistondagi hokimiyati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmasligi ortidan, "Al-Qoida" jangari tarmog‘iga Afg‘onistondan joy berib, ular bilan yaqin ittifoqchilikka kirishgan Tolibon harakati 2001 yil Amerika boshchiligi ostidagi ittifoq kuchlari tomonidan ag‘darilgandi.

O‘shandan buyon harakat rahbari Mulla Muhammad Umar va boshqa yuqori martabali mulozimu qo‘mondonlarining qo‘shni Pokistonda jon saqlab yurganliklari ishoniladi.

Ammo oradan 13 yil o‘tib, Tolibon harakati yana Afg‘onistonning qator mintaqalarida faollashishga muvaffaq bo‘lgan.

G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari ortga ommaviy safarbarliklarini boshlagan bir manzarada Tolibon yana Afg‘oniston to‘qnash kelib turgan yirik tahdid ekani bugun barcha davralarda birdek e‘tirof etiladi.