Saudiya matbuotida ilk bor ayol bosh muharrir paydo bo‘ldi

Saudiya Arabistonidagi kundalik nashrlaridan biriga bosh muharrir etib ayol kishi tayinlangan.

Ingliz tilida chop etiladigan "Saudi Gazette" websahifasida e‘lon qilinishicha, Xolid Almainaning o‘rnini Sumayya Jabarti egallagan.

Gazetaning yakshanba kungi nashrida Xolid Almaina Jabarti xonimni qat‘iyatli va fidoiy jurnalist deya ta‘riflagan.

Jabarti xonim: "Shisha shiftda yoriq paydo bo‘ldi. Bundan men eshik yasalishiga umid qilyapman", deb aytgan.

Al-Arabiya Nyus bilan suhbatda Sumayya Jabarti o‘zida benihoya katta mas‘uliyat his qilayotganini tan olgan.

"Mening hatti-harakatlarimning saudiyalik ayollarga ta‘siri bo‘ladi", deydi u.

Shuningdek, u gazetada hech qanday jinsiy kamsitishga duch kelmaganini aytadi.

"Muxbirlarimizning aksari ayollar - bu bizning tarafkashlik qilganimiz va erkaklardan ko‘ra ko‘proq ayollarni tanlab olganimiz uchun emas. Ko‘p ayollar jurnalist bo‘lishga qiziqishadi va ko‘plab ayol jurnalistlar bor".

2011 yil "Saudi Gazette"ga ishga kelishi va bosh muharrir etib tayinlanishidan oldin Jabarti xonim raqib "Arab Nyus"da faoliyat olib borgan.

1982-1993 va 1998-2011 yillarda "Arab Nyus" muharriri bo‘lgan Xolid Almaina: "U qariyb 13 yildan beri hamkorlik qildi. Va men uzoq vaqtdan beri erkaklar ustunlik qiladigan bosh muharrirlik guruhiga saudiyalik ayolning kirib kelishini istaganman", deydi.

Janob Almainaga ko‘ra, Sumayya Jabartining ayni vazifaga tayinlanishi jinsi bilan emas, balki uning bunga loyiq ekani bilan bog‘liqdir.