Ukrainadagi aksilhukumat namoyishlari payti yana 3 kishi nobud bo‘lgan

Image copyright Reuters

Ukraina poytaxti Kiyevda namoyishchilar va politsiya o‘rtasida zo‘ravon to‘qnashuvlar kechgan. Ukraina muxolifati manba‘lariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda kamida 3 kishi nobud bo‘lgan.

Politsiya parlament binosi tarafga yurgan minglab namoyishchilarni to‘xtatish uchun rezina o‘qlar va karaxt qiluvchi granatalar qo‘llagan.

Parlamentda siyosatchilar konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish masalasini mubohasa qilishlari kutilayotgan bo‘lgan. O‘zgartirishlar Prezident Viktor Yanukovichning qudratini chegaralashga qaratilgan.

Muxolifat qayta-qayta zaruriy sa‘y-harakatlarga qo‘l urilmasa, ommaviy aksilhukumat namoyishlar yanada kuchayishi mumkinligidan ogohlantirgan. Mazkur hodisalar muayyan muddat davom etgan osoyishtalik ortidan kuzatilmoqda.

Ukrainadagi notinchliklar noyabr oyidan boshlangan. O‘shanda Yanukovich janoblari Ovro‘po Ittifoqi bilan hamkorlik va erkin savdo shartnomasini imzolashdan bosh tortgan va buning o‘rniga Rossiyadan yirik miqdorda qarz olishga rozi bo‘lgandi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri so‘nggi zo‘ravonliklar "G‘arb siyosatchilarining maxfiy ijozati bilan" bo‘layotganini aytgan.

Moskva Ukrainani Rossiya yetakchiligidagi bojxona ittifoqiga qo‘shilishini istaydi. Mazkur ittifoqqa sobiq Sho‘ro davlatlaridan Belorus va Qozog‘iston ham kirgan.

Ovro‘po Ittifoqi va Rossiya bir-birini Ukraina ichki ishlariga aralashishda ayblaydi.