"Qamoqxonadagi sil mahbuslarning hayotini saqlashga yordam bering"

Image caption O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan tutqunlarning ahvoli og‘ir

Shunday murojaat bilan chiqqan Inson huquqlari himoyachilari Alyansiga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida sil bilan og‘rigan mahbuslarning ahvoli og‘irligicha qolmoqda.

Shu maqsadda Alyans xalqaro hamjamiyatni, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan tutqunlarning ahvoliga e‘tibor qaratishga chaqiradi.

Alyans faoli Yelena Urlayevaning aytishicha, shunday mahbuslardan biri, Navoiydagi 36 qamoqxonada yotgan Sayfiddin Qurbonovning hayoti xavf ostida.

Yelena Urlayeva Sayfiddin Qurbonovning onasiga iqtibosan keltirishicha, og‘ir ahvoldagi o‘g‘li tekshirilganda, bir o‘pkasi rentgen suratida ko‘rinmagan.

To‘xtovsiz og‘riq, yuqori harorat, qon qayt qilayotganiga qaramasdan, qamoqxona shifokorlari unga shoshilinch yordam ko‘rsatishmayapti. Buning o‘rniga shifokorlar Sayfiddinning onasi Sayyora Qurbonovaga o‘g‘lining ahvoli yaxshiligini aytishgan.

Qamoqxonada o‘g‘lini ko‘rib qaytgan Sayyora Qurbonova silga chalingan mahbuslar "yotoq rejimi" o‘rniga nozirlar tomonidan har kuni yurishga, og‘ir yuklarni ko‘tarish, hojatxona tozalashga majburlanishi, bundan tashqari ularni ochlik va sovuq bilan qiynoqqa solinayotganini ma‘lum qiladi.

Sayyora Qurbonovaning so‘zlariga qaraganda, uning o‘g‘li qamoqxona nozirlari ko‘rsatmasi bilan boshqa mahbus tomonidan jinsiy zo‘rlanmoqchi bo‘lgan.

"Qamoqxonada silga chalingan shu qadar mahbus borligidan dahshatga tushdim. Ular ko‘p va juda og‘ir ahvolda. Mahbuslarning sog‘ligi yaxshi bo‘lishiga umuman harakat qilinmaydi. Aksincha ularning erta yoshda o‘lib ketishlari uchun ataylab harakat qilinyapti. Nozirlar tomonidan kaltaklangan mahbuslar "o‘zim yiqilib tushdim" deb majburlanganlar", deydi Sayyora Qurbonova.

Inson huquqlari himoyachilari Alyansi qamoqxonalardagi mahbuslarga qarshi qo‘llanilayotgan qiynoqlarga barham berishga chaqirib, Toshkentda Ichki Ishlar vazirligi va Jinoiy ishlari bosh boshqarmasi binolari odida piket uyushtirishmoqchi.