Dahriy bilan "qabr" uchrashuvi yoki jazni "Qur‘on"ga tenglashtirib bo‘ladimi?

Image copyright BBC World Service

AQSh va Birlashgan Millatlar Tashkilotining "qora ro‘yxati"da ekaniga qaramay, izidan tushsangiz, Abubakir Sharif Ahmadni topish qiyin emas.

Ha, ishonavering, men buni o‘z tajribamdan kelib chiqib aytayapman.

Mombasaning Majengo mavzesiga borib, shunday odam qayerda yashaydi, desangiz, hamma sizga yo‘l ko‘rsatib yuboradi.

Faqat ijikilab so‘ramasangiz bo‘ldi, aks holda mahalliy aholida shubha uyg‘otasiz.

Lekin ko‘pchilik uni laqabi bilan bilarkan. Bir marta eshitsangiz, sizning ham xotirangizda muhrlanib qolishi tabiiy - "Makaburi". Svahilichada "Qabr", degani.

Ham AQSh va ham BMT Abubakir Sharif Ahmadni terrorchilikda qo‘li bor, deb gumon qiladi.

Keniyalik yosh musulmonlarni Somalida jang qilish uchun yollashda ayblaydi.

Abubakirning o‘zi ham Keniya politsiyasi bir kuni meni o‘ldiradi, degan o‘yda.

Shu sababdan ham, jonini o‘ylab, o‘ziga xos xavfsizlik choralari ko‘rishni ham unutmagan. Men o‘zim bunga guvoh bo‘ldim.

Uchrashuv

Image copyright AP

Biz u bilan Majengoning chang ko‘chalariga soyalar yastangan issiq va dim asr paytida uchrashishga kelishib oldik.

Kelishilgan paytda mashinamizda bizga aytilgan manzilga yetib ham keldik.

Ammo gulobi rangdagi ko‘pqavatli uyning hovlisiga kirib borganimda, birovning qorasi ko‘rinmasdi.

Kutilmaganda, avvaliga shippakning ship-ship tovushi qulog‘imga chalindi. Keyin futbol o‘ynayotgan bolalarning qiy-chuvlari eshitildi.

Ulardan birini bir chetga tortib, "Makaburini qayerdan topsam bo‘ladi?", desam, "Bilmayman", deb yelka qisdi.

Hafsalam pir bo‘lib, tashkariga chiqib, biroz kutishga qaror qildim.

Shu payt ko‘zim qarshidagi devorga yelkasi bilan suyanib turgan, allaqachon soqol qo‘yishga ulgurgan ikki o‘spirin yigitchaga tushdi.

Kel, ulardan ham so‘rab ko‘ray-chi, dedim-da, "Makaburini bilmaysizlarmi?", desam, ikkovi ham miq etib og‘iz ochmadi.

Shundan keyin, ancha vaqtgacha birov-birovimizga g‘ing demay, ko‘chaning shovqiniga quloq tutgancha qoldik.

Va nihoyat u paydo bo‘ldi...

"Makaburi"

Image copyright BBC World Service
Image caption Makaburining o‘zini qanday tutishi kishida yaxshi taassurot qoldirsa-da, e‘tiqod masalasida murosasiz ko‘rindi

Abubakir qorin qo‘ygan, tanasi anchayin zalvorli odam ekan. Yurishi ham sekin.

Ammo sizni ko‘rishi bilan yuziga kulgu berib, begonalar bilan tezda chiqishib ketadigan kishidek taassurot qoldirdi.

Bu esa, uning o‘ziga bo‘lgan ishonchidan darak beradi.

Biz u bilan o‘sha gulobi rangdagi ko‘pqavatli uyning to‘rtinchi qavatida suhbatlashdik.

Men ko‘chada ko‘rgan soqolli ikki o‘spirin ham xonada hozir edilar.

Ularning yuzlarida shubhayu gumon va yovqarashlik ifodasi shundoqqina zohir edi.

Makaburining o‘zini qanday tutishi kishida yaxshi taassurot qoldirsa-da, e‘tiqod masalasida murosasiz ko‘rindi.

Buyog‘i yaqin qoldi. Allohning askarlari sahrodan bosh ko‘tarishadi. Qora bayroqlarini hilpiratib kelishadi va butun dunyoda Islomiy xalifat o‘rnatishadi, deydi u menga.

Shunday derkan, Makaburi "Ash-Shabab" islomiy jangari guruhi uchun yosh musulmonlarni yollayotgani yoki o‘z tarafdorlarini jang qilish uchun Somaliga borishga da‘vat etayotganini ham rad etadi.

Uning aytishicha, agar Islom hujum ostida bo‘lsa, jihodga qo‘l urish har bir musulmon uchun farzdir.

"Islomni qabul qilsang-chi..."

Image copyright BBC World Service

Suhbatimizni yakunlab, uyining tomiga chiqqan paytimizda ancha salqin tushib qolgan edi.

Ikkovimiz yonma-yon o‘tirarkanmiz, Makaburi kutilmaganda labida tabassum bilan, "Islomni qabul qilsang-chi", deb qoldi.

Men ham unga javoban kulimsiragancha, "Afsuski, men dahriyman-da", deb javob berdim.

Bu javobimdan so‘ng Makaburi yuzini endi kaptarlar solingan qafasga suyangancha, bizni kuzatib turgan boyagi soqolli ikki o‘spirin yigitchaga burdi.

"Mana bu ikki yigitchaga qara. Uchovimiz ham Keniyaning har xil qavmlaridanmiz. Biroq aynan Islom dini tufayli bir-birimiz bilan birodarmiz. Demoqchimanki, din bizning boshimizni birlashtirgan", - deydi u menga so‘ngra.

Men esa, bugun o‘zim tayyorlayotgan dasturdan qachonlardir qulog‘imga chalingan bir voqea bilan javob bermoqchi bo‘ldim.

90-yillar boshlarida Bolqon urushi borayotgan payt...Bosniyada bo‘lgan Bi-bi-si muxbiri keksa bir otaxondan, "Siz xorvatmisiz yoki musulmon?", deb savol beradi.

Otaxonning o‘shanda muxbirimizga "Men musiqachiman", deb bergan javobi meni larzaga solgan. Din ayro tushgan joyda odamlarni musiqa birlashtiradi, derkanman, Makaburining yuzidagi bir tuki o‘zgarmadi.

Ammo, "Qayerda musiqa bo‘lsa, o‘sha yerda kufr bo‘ladi", - dedi qisqa qilib.

Suhbatimizning bu qadar jonlanib ketayotganidan zavqlanib, "Kufr nima degani?", - dedim men ham uzoq kuttirmay.

Shunda Makaburi menga o‘zi tanigan bir dengizchining hikoyasini aytib berishga tushdi.

Hikoya

Image copyright BBC World Service

Uning hikoyasidan ayon bo‘lishicha, musulmon bo‘lgan o‘sha dengizchi yuk kemasida uzoq safarga chiqadi.

Musulmon emasmi, har gal hojatini chiqargach, tahorat olishi kerak.

Bora-bora tahorat jarayonida tevarak-atrofga sachragan suv qolgan yo‘ldoshlarining shikoyatlariga sabab bo‘ladi.

Ular, "qilayotgan ishing tozalikka to‘g‘ri kelmaydi, tahoratingni bas qilsang-chi", deya musulmon dengizchiga o‘z noroziliklarini izhor etishadi.

Shu gapdan so‘ng, ular nonushta qilgani o‘tirishadi. Makaburining do‘sti stolda turgan shakar bilan quyultirgan sutni oladi-da, yo‘ldoshlaridan birining qo‘liga surtadi.

"Endi, mana bu qog‘oz sochiqni ol-da, qo‘lingni artib tashla. Keyin esa, xuddi o‘sha joyini tiling bilan yalab ko‘r-chi, quyultirilgan sutning ta‘mi qolganmikan yo yo‘q,", - deydi.

Yo‘ldoshi xuddi u aytgandek qilgach, quyultirilgan sutning mazasi ketmaganini e‘tirof etadi.

Qog‘oz sochiq bilan qayta-qayta artsa ham, baribir, uni butkul ketkizishga muvaffaq bo‘lmaydi.

Keyin musulmon dengizchi yo‘ldoshiga endi borib, qo‘lining xuddi o‘sha yerini suv bilan yuvib tashlashni tavsiya qiladi.

Quyulgan sutdan esa, asar ham qolmaydi. Shunda qolgan yo‘ldoshlari musulmon dengizchining nima demoqchi bo‘lganini anglab yetishadi.

"Lekin bitta shu voqeaning o‘zi qat‘iy bir qarorga kelishga asos bermaydi", - deya men ham qaysarlik qilishda davom etaman.

"Albatta", - deya Makaburi ham mening e‘tirozimni xayrixohlik bilan qabul qiladi.

Ammo shu onning o‘zida, "U holda senga "Qur‘oni Karim"ni beray, o‘qib, o‘zining bir xulosaga kel", - deydi.

Men unga faqat bir shart bilan sening taklifingga rozi bo‘laman. Sen ham men yoqtirgan jaz xonandalarining ashulalarini tinglab boqasan va u haqdagi fikringni menga ochiq aytasan, dedim.

Makaburining aftlari burishib ketdi va "Hech qachon", dedi: "Men ashula eshitmaganimga o‘n yildan oshib ketdi".

Shu yerda bir murosaga kelmay, dahriy va islomchi o‘rtasidagi bahs ham yakun topdi.