Kreml: "Putin Yanukovichga maslahat bermayapti"

Image copyright Reuters

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Ukrainadagi voqealarni davlat to‘ntarishi harakati deya qabul qilish mumkin.

Ukraina maxsus kuchlarining Kiyev Mustaqillik maydonida namoyish o‘tkazayotgan fuqarolarga qarshi yurishi va buning oqibatida kelib chiqqan qonli to‘qnashuvlar kamida 25 kishining o‘limi va yuzlab odamlarning jarohat olishi bilan yakun topgan.

Kiyevdagi fojeali voqealarga bog‘liqlikda Ovro‘po siyosatchilari Ukraina hukumatiga qarshi sanktsiyalar kiritish taklifini yana bir bor ko‘targanlar.

Ovro‘po Ittifoqining bosh diplomati Katrin Ashton a‘zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarini favqulodda majlisga chaqirgan. Majlisda aynan sanktsiyalar masalasi kun tartibidagi asosiy mavzu bo‘lishi aytiladi.

"Rossiya ma‘muriyati nuqta nazaridan qaralsa, Ukrainada yuz berayotgan voqealar uchun javobgarlik butunlay ekstremistik unsurlar bo‘ynidadir. Ularning qilmishlarini, bizning nazarimizda, davlat to‘ntarilishi harakati deya talqin qilish kerak", - deb aytgan Prezident Putinning matbuot kotibi.

Dmitriy Peskov Putin o‘z hamkasbi Viktor Yanukovich bilan o‘tgan tunda telefon orqali suhbatlashganini tasdiqladi, lekin suhbat tafsilotini ochiqlamadi.

"Bundan telefon suhbati haqiqatdan ham kecha tunda bo‘lib o‘tdi. Lekin bu suhbatning go‘yoki tarkibi deya chop qilinayotgan ma‘lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, ular soxta ma‘lumot", - dedi u.

Uning aytishicha, Putin o‘z ukrain hamkasbiga hech qachon nima qilish va qanday chora ko‘rish borasida maslahat bermagan va bermaydi.

"Prezident Putin fikrida, kim, qanday yo‘l bilan bu vaziyatni o‘nglashishga erishishi butkul Ukraina hukumatining ishidir", - dedi Peskov.

Avvalroq ba‘zi ukrain axborot vositalari Yanukovich seshanba oqshomida Putin bilan telefon orqali bog‘lanishga uringani, biroq Putin go‘yoki u bilan muloqot qilishni istamaganini yozishgandi.

Ukrainada o‘tgan bir kun ichida halok bo‘lgan odamlar xotirasiga motam e‘lon qilingan. Oxirgi ma‘lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni - 25 odam.

Your contact details
Disclaimer