Qozog‘iston: tanganing qadrsizlanishidan senatorlar ham norozi

Image copyright Reuters
Image caption Prezident Nazarboyev qozoq tangasi boshqa tushmaydi, deb ishontirgan

Qozog‘istonlik senator Svetlana Jalmagambetova Milliy bank rahbari Qayrat Kelimbetovni tanganing qadrsizlanishi borasida Senatni chalg‘itganlikda ayblagan.

Senatning 20 fevral kuni o‘tgan majlisida Jalmagambetova xonim Qozog‘iston bosh bankirining kasbiy malakasini savol ostiga olgan.

"Siz nafaqat Qozog‘iston aholisini, balki davlat organi bo‘lmish Qozog‘iston senati deputatlarini ham chalg‘itdingiz. Siz deputatlarni aldab, o‘zingizga sherik qildingiz", - deya senatorning so‘zlaridan iqtibos keltiradi "Interfaks-Qozog‘iston" agentligi.

Jalmagambetova xonim qozoq tangasi bo‘yicha to‘lanadigan foiz stavkalarini ko‘tarishni taklif qilgan.

Senatorga ko‘ra, tanganing devalvatsiyasi moliyaviy qaror, ammo ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Keskin tushish

MDH hududidagi ikkinchi yirik pul birligi bo‘lgan qozoq tangasi o‘tgan hafta birdaniga 20 foizga qadrsizlangan.

Qozoq militsiyasi Olma-otada aholi vakillarining devalvatsiyaga qarshi norozilik chiqishlarini bostirgan.

Tanganing qadrsizlanishi ortidan mamlakatdagi yirik banklarning kasodga uchrashi haqida mish-mishlar tarqagan.

Mish-mishlar ortidan omonatlarni qaytarib olishga shoshilayotgan mijozlarni tinchlantirish uchun Milliy bank raisi jurnalistlar oldiga chiqib bayonot berishiga to‘g‘ri kelgan.

Qayrat Kelimbetov mish-mishlarni "yolg‘on, isbotlanmagan va ig‘vogarona" deb atab, ular Qozog‘istondagi bank tizimini beqarorlashtirishga yo‘naltirilganini" aytgan.

Prezident Nursulton Nazarboyev tanganing qadrsizlanishi alal-oqibat qozoq iqtisodi uchun foyda keltirishini aytgan, ammo shu bilan birga hukumatga inflyatsiyani jilovlash va xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga buyruq bergan.

Prezident "xavotirga o‘rin yo‘q, tanganing kursi boshqa tushmaydi", deb aytgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Prezident nazorati ostidagi Senatda Qozog‘iston Milliy banki rahbari sha‘niga yangragan tanqid mamlakat rahbariyati devalvatsiyaning oqibatlaridan unchalik ham amin emasligidan darak berishi mumkin.

Ayni paytda qozoq rasmiylari aholini tinchlantirishga urinishmoqda.

Ammo shu bilan birga hukumat asosiy mahsulotlar, jumladan, un narxi oshib ketmasligi uchun zarur choralarni ko‘ra boshlagan.

Non narxi oshib ketishining oldini olish maqsadida 509 ming tonna g‘alla avvaldan belgilangan narxda ichki bozorga yo‘naltirilishi ma‘lum qilingan.

Shuningdek, kommunal xizmatlar uchun tariflar 1 mayga qadar muzlatilgan va 1 apreldan e‘tiboran maosh, nafaqa va penisyalarning 10 foizga oshirilishi e‘lon qilingan.