O‘zbek qizlari nega xudkushlikka qo‘l urishmoqda?

Image copyright AFP
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Agar, mahalliy faollarning so‘zlariga tayanilsa, kambag‘allik, otasi tengi kishiga majburan uzatilish, erkak yaqinlari tomonidan tahqirlanish, do‘pposlanish, G‘arb qadriyatlari va urf-odatlarning to‘qnashuvi sabab. O‘zini o‘ldirgan qizlarning soni esa, o‘nlabdir.

So‘z o‘zbek qiz-juvonlari haqida ketayotgan bo‘lsa, bu kabi xavotirli vaziyat Afg‘onistonning shundoqqina biqinidagi shimoliy mintaqalarida kuzatilmoqda.

Agar, rasmiy xabarlarga tayanilsa ham, birgina o‘zbeklar zich yashovchi Jauzjon viloyatida o‘tgan ikki oyning o‘zida 30 ga yaqin xudkushlik holati qayd etilgan.

Mahalliy inson huquqlari faollari esa, haqiqiy raqamlarning rasmiysidan ancha yuqori ekanini taxmin etishadi.

Ustiga ustak, o‘z joniga qasd qilish hollarining aksariyat aholisi musulmon va islomiy bir jamiyatda yuz berayotgani hozir ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ygan.

"Kechki ovqat paytida yaxshigina o‘tiruvdi. Kulishib, boshqa qilib...Keyin uxlagani ketdik. Qizim turib Xufton namozini ham o‘qidi. "Ona, bizlar yotdik", - dedi. So‘ngra hammamiz kirib uxladik. Ertalab turib, namozimni o‘qib, uyga kirsam, onang o‘lsin bolam, shundoqqina osilib yotibdi. Bilmay qoldim, meni g‘aflatda qoldirib ketdi", - deydi yaqinda o‘smir qizi o‘z joniga qasd qilgan onaxon biz bilan suhbatida.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, mavjud holat bugun qo‘shni Afg‘onistonda ijtimoiy, iqtisodiy va maishiy muammolarning qanchalik jiddiy ekaniga dalolat qiladi.

Ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, xuddi ana shu qiyinchiliklar sabab, bugun ikki millionga yaqin afg‘on ayollari depressiyadan azob chekishadi.

Ammo, mavjud raqamlarning qanchalik yuqori ekaniga qaramay, ularga ruhiy madad ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xos markazlarning soni barmoq bilan sanarli.

Mutaxassislarga ko‘ra, bu kabi holat ularni o‘z jonlariga qasd qilishga moyil qilib qo‘yadi.

Agar, imkonli bo‘lgan ma‘lumotlardan xulosa qilinadigan bo‘lsa, xotin-qizlar osish, o‘t qo‘yish va zahar ichish bilan o‘z hayotlariga nuqta qo‘yishga urinishadi.

Ular o‘zlarini o‘ldirish uchun tanlayotgan usullarni tahlil etgan mutaxassislar esa, buni o‘sha xotin-qizlarning o‘zlari tushib qolgan sharoitga nisbatan bir isyoni sifatida talqin etishadi.

Ammo, mahalliy faollarga ko‘ra, xudkushlik hollarining aksariyati oxirigacha o‘rganilmaydi, birov nima bo‘ldi, deb qiziqib ham ko‘rmaydi va xotin-qizlarning o‘z joniga qasd qilishlariga bevosita sababchi bo‘lgan shaxslar deyarli javobgarlikki tortilmaydi.

Afg‘onistondagi maishiy zo‘ravonliklarning bugungi ko‘rinishi esa, so‘nggi yillarda erkaklarning o‘z xotinlarining burun, lablarini kesib tashlash, chopqi bilan chopib tashlash darajasiga yetgan.

Xotin-qizlarni turli ko‘rinishdagi maishiy zo‘ravonliklardan himoya etishi lozim bo‘lgan yangi tahrirdagi qonun loyihasi, oylarki, muhokamada. Haliyam kuchga kirmagan.

Mahalliy faollarning aytishlaricha, xudkushlik muammosining sabablari ozmuncha emasligi bois, unga yondashuv ham keng qamrovli bo‘lmog‘i lozim.

Odamlarning iqtisodiy ahvollarini yaxshilash, maishiy zo‘ravonlik hollariga chek qo‘yish, xotin-qizlarning huquqiy savodxonliklarini oshirish, ommaviy-axborot vositalari, ulamoyu masjidlarning ham yordamlaridan foydalanish taqozo etiladi.