Ukrain inqirozi: Qrim tatarlari kim tomonda?

Image caption Mustafo Jamilo‘g‘li Qrim tatarlarining tan olingan yo‘lboshchisidir

Ukrainadagi siyosiy bo‘hron davom etarkan, rus aholisi ko‘pchilikni tashkil etuvchi Qrim muxtor jumhuriyatida Ukrainadan ajralib chiqish borasidagi gap-so‘zlar kuchaygan.

Qrim parlamenti voizi Vladimir Konstantinov Ukrainadagi vaziyat yanada yomonlashsa, Qrim Ukrainadan ajralib chiqishi mumkinligini aytgan.

Janob Konstantinov bu haqda Moskvada, rossiyalik deputatlar bilan uchrashuvdan so‘ng gapirgan.

Ukrainadagi bo‘lginchilik masalasiga e‘tibor qaratgan Financial Times ro‘znomasi "Rossiya Qrimdagi rus aholisi va o‘zining harbiy-dengiz flotini himoya qilish uchun urushishga tayyor", deb yozadi.

Ayni paytda AQShlik taniqli senator Jon MakKeyn Twitterdagi sahifasida Qo‘shma Shtatlar va jahon hamjamiyati Qrim doxil, Ukrainaning hududiy yaxlitligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi kerakligini yozgan.

BBC Qrim tatarlari lideri, Ukraina parlamentining deputati Mustafo Jamilo‘g‘li bilan bog‘lanib, avvaliga Qrim parlamenti voizining bayonotiga munosabatini so‘ragan.

Mustafo Jamilo‘g‘li: Qrim tatarlarining Majlisi Konstantinovning so‘zlarini Ukrainaning hududiy yaxlitligiga tajovuz va jinoyat deb baholaydi. Bugun Qrim muxtor jumhuriyati parlamentining favqulodda sessiyasi rejalangan edi va mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra, janob Konstantinovning favqulodda holat va Qrimning Ukrainadan ajralib chiqishiga qaratilgan qandaydir tadbirlar haqida e‘lon qilishi rejalangan edi. Ammo aftidan, u buning o‘zi uchun yomon tugashini anglab yetgan va hozirda menga ma‘lum bo‘lishicha, parlamentda o‘z fraktsiyasi - Mintaqalar partiyasining yig‘ilishini o‘tkazayapti.

BBC: Kiyevdagi markaziy hukumat Qrim parlamenti voizining bayonotiga munosabat bildirganmi?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Bungacha ajralib chiqish haqidagi har-xil bayonotlar yuzasidan Ukraina Bosh prokuraturasiga murojaat qilingan. Bosh prokuratura tekshiruv boshlagan. Ammo hozircha biron-bir jiddiy chora ko‘rilgani yo‘q. Hozir biz Ukraina parlamentida agar Qrim ajralib chiqish bo‘yicha qandaydir qadamlarni qo‘yadigan bo‘lsa, Qrim Oliy Radasini tarqatib yuborish masalasini muhokama qilayapmiz. Hozircha ajralib chiqish masalasi rasman Qrim parlamenti kun tartibiga qo‘yilganicha yo‘q, ammo Qrimning rus aholisi orasida bo‘lginchilik kayfiyatlari kuchli.

BBC: Qrim tatarlarining bu boradagi mavqeyi qanday?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Biz albatta ajralib chiqishga mutlaqo qarshimiz va Qrimni Ukrainaning ajralmas bir qismi, deb hisoblaymiz. Agar ajralib chiqish masalasi rasman kun tartibiga qo‘yiladigan bo‘lsa, Qrim tatarlari bu harakatlari qo‘llaridan kelganicha qarshilik ko‘rsatishadi. 23 fevral kuniga Qrim tatarlarining katta namoyishi rejalangan.

BBC: Konstitutsiya nuqtai nazaridan Qrim parlamenti Rossiyadan yordam so‘rab murojaat qilish huquqiga egami yoki ajralib chiqish haqida referendum o‘tkazilishi qonuniymi?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Yo‘q albatta. Bu kabi harakatlar Ukrainaning hududiy yaxlitligiga tajovuz deb qaralishi va jazolanishi kerak. Bu Ukraina Jinoyat kodeksida ko‘rsatilgan. Hududiy maqom bilan bog‘liq masala mahalliy referendumlarda hal qilinmaydi. Ya‘ni Qrimning ajralib chiqishiga qaratilgan har qanday referendum noqonuniydir.

BBC: Qrim parlamenti Moskvaga murojaat qildi ham deylik, Rossiya yordamga keladi, deb o‘ylaysizmi?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Albatta, bu nomaqbul bir qadam bo‘lgan bo‘lur edi, ammo hozirda hech narsani istisno qilib bo‘lmaydi. Chunki masalan, Rossiya Gurjistonni ishg‘ol qilishini kim ham xayoliga keltirgandi deysiz?. Ammo har holda Ukraina bu Gurjiston emas va qarshilik juda kuchli bo‘ladi. Mashhur rus shoiri aytganidek, "Rossiyani aql bilan tushunib bo‘lmaydi". Shuning uchun voqealarning har qanday rivojiga tayyor turishimiz kerak.

BBC: Qrim tatarlarining Maydondagi voqealarga munosabatlari qanaqa, ular kimning tarafidalar?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Qrim tatarlari Maydonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashadi. Ayni paytda ular qrim tatarlarining o‘zidan iborat alohida guruhlar tuzishayotgani yo‘q. Biz Ukrainaning Ovro‘po bilan yaqin integratsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki Ukraina Ovro‘po bilan yaqinlashsa, taraqqiy etgan bir davlatga aylanadi va biz, qrim tatarlarining masalasi ham Ovro‘po andozalari bo‘yicha hal qilinadi.