O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi Nexia va Matizning Qozog‘istonga importi to‘xtatilgan

Uzdaewoo mashinalari Qozog‘istonda o‘tgan yil eng ommaboplardan bo‘lgan Image copyright bibi.uz
Image caption Uzdaewoo mashinalari Qozog‘istonda o‘tgan yil eng ommaboplardan bo‘lgan

Kolesa.kz portalininig ma‘lum qilishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan Nexiz va Matizlarni Qozog‘istonga olib kirishni cheklash Bojxona ittifoqining texnik reglamentiga o‘zgartirishlar kiritilishi ortidan ro‘y bergan.

Portal ushbu mashinalarni olib kirishga taqiq 2014 yilning 5 yanvarida kuchga kirganini yozadi.

BBC vaziyatni o‘rganish uchun Qozog‘istondagi bir necha avtasalonlarga murojaat qildi. Avtosalon xodimlari ayni vaqtda Uz Daewoo markasi ostida sotiluvchi Nexia va Matiz larning sotuvda yo‘qligini va qachon bo‘lishi noma‘lumligini bildirishdi. Ularga ko‘ra bunday holat oldin kuzatilmagan.

Koleso.kz sayti Uz Daewoo ning Qozog‘istondagi vakiliga iqtibosan yozishicha, ayni damda omborda qolgan mashinalar sotilmoqda.

"Daewoo Nexia va Daewoo Matiz avtomobillari Qozog‘istonga 2014 yilning 5 yanvaridan beri kiritilmayapti. Hozir omborda qolganlarini sotayapmiz. Ushbu markalar yana sotiladimi yo yo‘qmi hozircha bilmaymiz. Biroq zavod texnik talablar uchun mashinalarni qayta butlashga kirishmasa kerak. Balki Neksiyaning o‘rniga Gentra sedanini taklif qilarmiz".

Texnik reglamentga kiritilgan tuzatishlar bo‘yicha, Bojxona ittifoqiga kiritilmoqchi bo‘lgan avtomobilda hech bo‘lmaganda old xavfsizlik yostiqchasi bo‘lishi, tormoz tizimining bloklanib qolishini oldini oluvchi tizim, bolalar o‘rindig‘ini o‘rnatishga mo‘ljallangan qotirma va immobilayzer – o‘g‘irlashga qarshi elektron uskuna bo‘lishi shart.

Biroq Qozog‘istonda sotiladigan Uz Daewoo mashinalari bu talablarga javob bermaydi.

2013 yilda Qozog‘istonda 13 371 dona Uz Daewoo avtomobillari sotilgan. Neksiya o‘tgan yili eng ko‘p sotilgan mashinalar uchligiga kirgan va 10 mingdan ko‘proq sotilgan.

Qozog‘istonga import qilinadigan ayrim Rossiya mashinalari ham ushbu talablarga javob bermaydi. Biroq Bojxona ittifoqiga a‘zo davlatlarga texnik treglamentda ko‘rsatilgan talablar 2015 yildan boshlab qo‘yila boshlaydi.

Qozog‘iston mashhur Neksiya hamyonbopligi bilan xaridorlarning qiziqishini uyg‘otadi.

Boshlang‘ich komplektli Neksiyalar 8 800 dollardan boshlanadi.

Bojxona ittifoqining yana bir a‘zosi va o‘zbek mashinalarining katta bozori bo‘lmish Rossiyada Uz Daewoo avtomobillarining olib kirilishi cheklanmagan.

Rossiyadagi Uz Daewoo shirkatining mas‘uli BBC bilan suhbatda hozircha bu borada biror o‘zgarish bo‘lmaganini va o‘zbek mashinalari Rossiyaga muammosiz olib kirilayotganini bildirdi.

Your contact details
Disclaimer