Shahodat Ulug‘. Jayhun epkinlari - roman. 5-qism

Shahodat Ulug‘ (Ulug‘ova) – 1970 yilda Nurota shahrida tug‘ilgan.

O‘rta maktabni tamomlagach, ToshDU jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Bir necha nasriy kitoblar muallifi.

Yozuvchining e‘tiboringizga havola etayotganimiz – Xorazmshohlar saltanati tarixidan, ulug‘ sarkarda Jaloliddin Manguberdining jasoratlarga to‘lug‘ hayotidan hikoya etuvchi romani adabiyot ixlosmandlari tomonidan iliq qarshi olinmoqda.

Aziz mushtariy, jozibali uslubda bitilgan ushbu asarni Sizga ham sog‘indik, uni mutolaa qilish barobarida Siz ham yurtimizning shavkatli o‘tmishiga yana bir karra oshno bo‘ling.

77

Ittifoqo, o'g'irlangan shahzoda Chingiz huzuriga olib kelindi. Ammo uning ketidan xufyalari xonga tag'in shum xabar etkazishdi. Sulton Jaloliddin Qandahor qamalidan omon chiqib, mo'g'ullar galasini tutdek to'kkan edi. Jaloliddinning Qandahordagi g'alabasi xonni darg'azab etdi. Mankburnining bu jasorati Jo'jining popugini pasaytirib qo'ygan, u ichida “Movarunnahr bundan battar bo'lar edi. Jaloliddinsiz qurim to'la pechga aylanib qolar edi. Magar Jaloliddin, magar u yo'lda oyoqlarga tushov solmoqda”, deya ijirg'andi. Bu gal u harir pardalar bilan o'ralib, nurga cho'milgan bir muazzam o'tovni ixtiyor etdi. Junun asosiga tayangan Jo'ji keyingi paytlarda ko'ngli nimani tusasa, shuni qilishga odatlangan. Mana, u qo'llarida zarhal patnis tutib, turfa shirinliklar olib kirgan Xon Sultondan ko'z uzmay, unga suq tikilib qoldi. Zaifa shirinliklarni dasturxonga tortiq etdi. Ketar mahal Jo'ji uning nozik bilagidan tutdi va o'ziga qarata tortib dedi: - Man bilan birga qol! Xon Sulton qaytib dasturxon atrofiga cho'kdi. Ular birga taomlanishdi. Jo'ji ojizaning nozik barmoqlarini dag'al qo'llari bilan silab, qisiq ko'zlariga surtdi. Dasturxon to'la shirinliklarga ko'z yugurtirib, ichidan oftobda xo'b toblanib pishgan uzum bandidan bir dona uzib, Xon Sultonning yoqut labiga olib bordi. Uzumdan totingan Xon Sultonning inja kipriklari ko'tarildi. Achchiq qismatiga ko'nikkan Xon Sulton emak bilan mashg'ul ekan, Jo'jining botinida kechayotgan holdan mutloq bexabar qoldi. Jo'ji qovurdoqni eb bo'lgach, yog'li qo'llarini artib, Xon Sultonga qaradi. - Culuv, mudom rohatda yashamoqni istasang, mening dediklarimga quloq os! Xon Sultonning ko'zlari mo'g'ulga qadaldi. Jo'ji esa tag'in gapida davom etdi: - Magar og'ang Jaloliddinga maktub bitib, ani bizim birlan hamkorlikka ko'ndirsang, shahzoda Salohiddinga aslo ozor etmagay. Sening esa davlating ziyoda bo'lgay! Xon Sulton Jo'jining dediklarini azob ichida tingladi. Xorazmshohlar halokati kamlik qildimi? Kutilmagan taklif endi uni omon qo'ysinmi? U sukut ichida qoldi. Bu tahlikali sukut edi. Xon Sultonning bu holi Jo'jini dag'azab etdi. - Nadin bu holing xazin? - Co'yladiklaringizni...-U boshqa gapirmoqqa o'zida jur'at topa bilmay, yana jimib qoldi. - So'yladiklarimda ne? Xon Sulton chorasiz, ovoz chiqarmay uh tortib, chuqur nafas oldi. Jo'ji shahzoda Salohiddin hamda Xon Sulton xorazmshohlar xonadoni uchun qadrli ekanini bilardi. U saltanat baayni inqiroz yoqasida turgan tahlikali soniyalarda fitna o'yinini boshlagan edi. Xonbachchaning razil niyatda o'ylangan rejasi Jaloliddin erkiga mutloq to'g'ri kelmasa-da, baribir u allaqanday ilinjdan umidvor edi. Qanchadan-qancha obod shaharlar xarob bo'ldi. Ulkan saltanat halokat yoqasiga etib kelgandi. Jaloliddin-chi? Qachon uni taslim etadi? Mutloq g'oliblik nash'idasini qachon suradi? Qachon? Ilinju umidi ne uning asli? Yo, otasidan so'ng buyuk dorulsaltanat barpo etib, jumlai jahon alqagan buyuk Iskandar Zulqarnaynga tenglashishmidi? Bu chog' botinida yolqinlanayotgan ko'ngil to'lg'amalarini u hali tog'u toshlarga o'yib yozdirajak. Bu yoziqlarni u shu zaifaning nozik va inja barmoqlari ila yozdirajak! Yo Rab! Shuhrat va shahvat uni qay holga solmish? U ikki ummon ishqiga g'arq bo'lgan yirtqichga aylanib qolmadimi? - Xo'sh?- Chaqchaygan nigohini Xon Sultonga qadagan Jo'ji savoliga javob kutib, ijirg'andi. - Shahzoda Salohiddin!- Xon Sulton mung to'la ko'zini Jo'jiga qadab, - bul dilgirlik meni qayg'uga solmish!-dedi og'rinib. - Shahzoda menim ta'minotim ostida bo'lgay. Sen esa maktub bit, magar og'ang Jaloliddin bizim shartimizga ko'nsa, shahzodaning biror tukiga ham zarar etmagay. Illo, Jaloliddin biz birlan hamkor bo'lsa, keng Xuroson tag'in aning hukminda bo'lg'ay , saning esa ko'zingdan nam, dilingdan g'am ketgay. Boshing aslo xam bo'lmagay. Xon Sulton nogahon titrab, ko'zini bir nuqtaga qadagan ko'yida uzoq turdi. - Xo'sh, - betoqat javob kutdi xonbachcha. Nihoyat Xon Sultonning nozik barmoqlari qalam tutdi.

78

Anushteginiylar tafakkur bulog'idan bahramand bo'lgan Jaloliddin bu bir fitna ekanini anglab etgandi. Bu oshkora razil o'yin Jo'ji uchun g'alabalik nashidasini surishning yagona yo'li edi, xolos. Va shu yo'sinda Jo'ji yog'iy deb atagani - xorazmshohlarning o'z qurolini o'zlariga qarshi ishlatmoq uchun makr maydonida shayton nag'masini chalish bilan mashg'ul edi. Jaloliddin behudud dashtlari buzruk quyosh nurlaridan tavob olgan yurt - Xuroson tomon tobora oldinga siljidi. Kunni jangovar hushyorlik bilan boshlagan Eldegiz xos lashkarlarni bir chiziqqa tizib chiqqandi. Mahoratini oshirmoq uchun harb mashg'uloti bilan band bo'lgan lashkarlarning ola tasiri butun dashtni larzaga soldi. Halaj qabilasi boshlig'i Sayfuddin Ig'roq, Balx voliysi A'zam Malik, yana bir tuman afg'onlar sardori Muzaffar Malik hamda qarluqlar sardori Hasan Qarluq Jaloliddin atrofida birlashdi. Ularning har birida o'ttiz ming lashkar bor edi. Xurosonning naq qovurg'asida joylashgan Valiyon bu kun huzur neligini unutdi. - Qal'a jangga shay tursin! Bu barchaga jo'natilgan farmon edi. Sulton Jaloliddin harb salohiyati va mahoratini oshirib, shaxsan o'zi harbiy mashg'ulotlarga rahnamolik qildi. Sarkarda bo'lajak jang boshlanishida piyodalarga dam berib, asp yurish qilgan shatranjboz kabi noyob harb usulini qo'lladi. U Qandahor g'alabasidan so'ng lashkarboshilarini to'rtinchi bor harbiy mashvaratga chaqirdi. - Bu gal yog'iy ko'zi qonga to'lgani aniqdir. Jangu jadal tinkamizni quritgani ham rost! Ammo Vatan uchun jon fido qilmoq, sha'nini qo'rimoq yigit uchun sharafdur! – U teran boqquchi ko'zlarini lashkarboshilariga qadadi. Barcha sukut ichida edi. - Alarning hujumini yoppasiga bir hamla birlan muhosara etib, daf qilgaymiz.- Bu qat'iyat bilan aytilgan qaror, jangovar buyruq edi aslida. Sulton lashkarlari orasida temirdek qattiq va mustahkam intizom o'rnatdi. Qo'mondon qo'shinni besh qismga bo'ldi. - Qo'shin besh pog'onaga bo'linib harakat qilg'ay! Haros - maxsus qismdir,-ta'kid etdi sarkarda. O'rtaga ho'kiz terisiga chizilgan harb xaritasi yozilgan edi. Barcha xaritaga ko'z tikib, sultoning dediklariga quloq osgandi. Xorazmshoh xaritaga yaqinlashdi, u shamshirining uchi bilan bir nuqtani nuqib, gapida davom qildi - yigirma ming nafar sara lashkar bul nuqtada joylashgay, alar eng ilg'or qurol-aslaha - manjaniq, nayza va kamonlar bilan ta'minlangay. Sarkarda xaritadan o'mganini ko'tardi. U qilichini qiniga solmay, qo'lida tutgan ko'yi lashkarboshisiga buyurdi: - Qandahor jangidin so'ng qo'lga kiritilgan manjaniqlar ham Haros - maxsus qism ixtiyoriga topshirilsun! - Uqdim, shahanshohim!- Lashkarboshi Eldegiz Xorazmshohga boshini quyi egib, ta'zim bajo keltirdi. Sulton erga yozilgan xaritani bir aylanib chiqqach, yana atrofdagilarga qarata dedi: - Avang'or – bul ilg'or qism - muhim qism sanalur! - Uqdim, onhazratlari! - A'lo! – dedi Culton minnatdor ohangda Eldegizga qarab, keyin gapida davom etdi,-alar qo'shinlarni to'ldirib, quvvatlab turgay. Mang'uloy – qo'shinning markaz qismi hisoblanib, bu qism yigirma ming qo'shindan iborat edi. - Ma'lumingiz, Mang'uloy markaz qism hisoblangusi! - Shundoqdur. - Sulton fikrini tasdiqladi atrofidagilar. - Bul qismni boshqarmoq uchun yangi sarkor tayin etmoq joizdur! U lashkarboshilariga qaradi.Ular sukut saqlab turishar, ammo bu sukutlarida “Kim tayin etilur?“ degan savol yashirin edi. Kimsadan sas chiqmagach, Sulton yurib borib Eldegizning yonida to'xtadi. - Og'abegi! - Buyuring, onhazratim! Amringizga muntazir qulingiz sizni tinglagay!-dedi. - Bul masalada sening fikring mening uchun muhimdur! - Ma'qul ko'rsangiz, shahanshohim Aminalmulkni tavsiya etgum! Sulton atrofdagi lashkarboshilariga savol nazari bilan boqdi. -Ma'qul!- Og'abegining tavsiyasini ma'qulladi qolganlar. Chindan bu loyiq tavsiya edi. Aminalmulk harb san'atini mukammal bilgan bahodir, mard kimsa edi. - Ma'qul!- Culton yana xarita yonida to'xtab, barchaga qarata dedi: - Zahiradagi yigirma ming sarboz “mang'uloy”ga qo'shilgay! – Culton yurib borib, lashkarboshilari qatorida turgan Aminalmulk qoshida to'xtadi. - Aminalmulk! - Amringizga muntazirman, shahanshohim! - Hushyor bo'lgaysan! - Fikringizni uqdim, shahanshohim! - Illo, savash maydonida mo'g'ullarning so'l tomonidan hamlaga o'tib, keyin Harosga qo'shilgaysizlar! - Uqdim, illo dediklaringiz qulog'imga qo'rg'oshin misol o'rnashmish! Sulton tag'in qilichini xaritaga olib bordi. U kesgir shamshir uchini bu gal qizil chiziqlar bilan belgilangan qismga nuqib, barchaga qarab uqtirdi: - To'rtinchi qism piyodalardan tashkil topgandir. Yig'ilganlar buni tasdiq etishdi. Sulton tag'in tayinladi: - Alar mang'uloyga qo'shilib, qal'a atrofidan quvilgan yog'iylarga qarshi hujumga o'tmog'i darkordur!.. Sulton o'mganini xaritadan ko'tarib, keyin Muzaffar Malikka qarab dedi: -Muzaffar Malik! - Buyuring, shahanshohim! - Alarg'a sen sardor bo'lgaysan! - Onhazratim, sharaf tuydim! Culton minnatdor bosh silkidi. Beshinchi qismi Xos lashkar, deb ataldi. Sulton Jaloliddinning shaxsan o'zi ushbu qismga qo'mondonlik qilmoqni zimmasiga oldi. Shahanshoh lashkarboshilariga yana amr etdi: - Mudofaada sobit turing! Yog'iy hujumi daf etilib, alarning kuchi butkul qirqilgach, qal'a atrofidan quvilgan mo'g'ullarga yoppasiga hamlaga o'tgaymiz. - Mo'g'ullarning harbiy mahoratidan xabardor bo'lgan sulton tag'in lashkarboshi va sarbozlariga uqtirdi: - Ataylab chekinayotgan mo'g'ullarning hiylasiga hushyor bo'lgaysizlar. O'ng tomondan Haros, so'l tomondan Aminalmulk, ya'ni avang'or tashlanurlar. Keyin Mang'uloy, keyin piyodalar... G'animlar qal'a atrofidan quvilgach, pistirmaga tushirilur. Yakunida manim qo'shinim -Xos lashkar hamlaga o'tgay.

79

Og'abegi Eldegiz uyqudan turgan chog' Xuroson shamollari ummon to'lqinlari kabi tinmay “uv” tortar edi. Barcha oyoqda qalqqan, faqat beshikda tebranib yotgan mitti shahzoda Muhammadgina shahanshoh otasi va uning shavkatli og'abegi Eldegiz buyrug'iga parvo qilmay, murg'ak uyqusida orom olib yotardi. Tebrangan chigal dunyo va ingrangan daryo ortida yashar ekanmiz, biz tafakkur qilib yashamoqqa mahkum etilganimizni anglaymiz. Bu kabi mudhish o'ylar dalli xayolimizda qo'nalg'a bo'lgan chog', qon isi anqigan o'lim manzarasi ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladi. Taqdirida nelar bitilganidan bexabar bo'lgan sarboz ot choptirib, savash maydoniga kiradi. Yana ko'z o'ngimizda o'lim manzarasi chiziladi. Bu maydon ikki qutbga bo'lingandir. Shaksiz bu qutbning biri mag'lub bo'lgay, ikkinchisi g'olib chiqqay!

80

Mehrjon o'mganini ko'tarmay kitob o'qish bilan mashg'ul edi. U “Mustafo“ so'zining ma'nosini chaqdi. Ichida “tanlab olingan” deya tarjima etdi. Keyin “Mujtabo” so'zi “saralab olingan” degan ma'no berishini angladi. ”Murtazo” so'zi tili uchida beomon aylandi. Bu so'z “rozi bo'lgan” ma'nosini anglatar edi. Mehrjon ovoz chiqarmay so'zlandi. U dunyoi dun jumboqlarini qizaloq tafakkuri bilan anglamoqda edi. Bu xuddi shunday bo'lgandi. Magar ikki daryo oralig'ida qad ko'targan yurtga ot choptirib kirgan Qutayba ibn Muslim Islom nuri va Muhammadiy sunnatini olib kirmaganida, Movarounnahr nosaro muhitda qolib ketardi. Illo, Qodir Murtazo Haq mujtabo-yu, mustafo zot qo'liga Kalomullohni bejiz tutqazmagandir. Tanlab olingan - Muhammad Mustafo esa ummatlariga bu ulug' mujdani omon etkazgan edi. Endi Kalomi Ilohiya to qiyomat qadar buzilmay saqlanib, avlodlar qo'lida o'qib ardoqlanar edi. Mehrjon Kalomullohning keyingi sahifasini varaqladi. - Xon Jahonim! Cho'chib ortiga qayrilgan Mehrjon nozik barmoqlarini ko'ylagining yoqasiga olib borib: - Tufu, tufu, - deb qo'ydi - Ma'zur tutgaysiz! Mehrjon Kalomni yopdi. So'ng qo'zg'olib o'rnidan turdi. - Kitob mutolaa qilmoq bilan mashg'ulmidingiz? - Tovba, tovba, tabiiyki shunday! Beka Xon Jahonni bemavrid bezovta qilganidan hijolat chekib, qulliqda egilgan boshini ko'tarmay so'zlandi. - Xon Jahonim sizni bemavrid bezovta qilganimdan hijolatdaman. Ammo bir nimani aytmasam bo'lmas! - Nima emish? - Volidamiz Oychechak Sultonbegim sizni huzuriga chorlamish! - Shundoqmu? - Shundoqdur. Xon Jahon bekachining yoniga etib keldi. Boshiga qo'ndirilgan tillaqosh qimmatbaho duru marjon, hamda la'lu yoqut bilan bezalgan. Bu toshlar quyosh jilolarida yanayam tovlanib, bekachini maftun qildi. Tillaqoshning ortiga harir gazmol tortilib, uning ichida Xon Jahonning uzun va qalin sochlari yurganida sollanib ketardi.

81

Ichkarida volida Oychechak motamsaro holda o'tirar edi. Kecha u bir tush ko'rgan edi. O'ngida orom olmagan joni tushida ham bezovta bo'ldi. Atrof suv quyilgan kabi jimmit. Shunda juda olisda qoraygan bir sharpaga ko'zi tushdi. Bora-bora ko'lanka yaqinlashib, ko'z o'ngida yaqqol namoyon bo'ldi. Joriyalar qaynonasi Turkon Xotunni alvon barqut to'shalgan ko'shkida ko'tarib, uning tomon yaqinlashdi. Ajabo, hozirgina girdikapalak bo'lib, uni alqab alvon ko'shkda ko'tarib kelayotgan joriyalar birdan qayga g'oyib ketdi? Ular olatasir ichida jon tashvishiga tushib, duch kelgan tarafga qocha boshlagan edi. Erda cho'nqayib o'tirib qolgan Turkonning ustida esa qirg'iy chappar urib uchardi. Qush vahshat urug'ini sochib, yoqimsiz ovoz chiqarar, tinmay qanot qoqqancha Xotun ko'ngliga mislsiz qutqu solib, tepasida aylanaverardi. Nihoyat, u changalini cho'zdi. Bir zarbi bilan tashlangan qirg'iy Xotunning ko'zini cho'qib o'yib oldi-da, keyin shiddat bilan samoga ko'tarildi. Qaqshab qolgan malika qaltiroq qo'llarini ko'ziga olib bordi. Uning qo'llari qon edi. U savdoyi kabi sochlarini yulib, uvvos tortib yig'lay boshladi. So'ng dalli devona - telba Xotun o'zini shu qismatga duchor etgan qirg'iyni tinim bilmay qarg'ab, dasht kezindi. Uning kulfati mislsiz edi. Savdoyi Turkon dasht qo'ynida tuyqus Oychechakka duch keldi. Endi u qirg'iyga aylanib, alamini Oychechakdan olmoqchi bo'ldi. Ammo shukurki, xaloskor uni Turkon changalidan qutqarib qoldi. Bu Dasht ustida ot surgan xaloskor, yalovbardor Jaloliddin edi.

82

- Volidam!-Mehrjon o'ylar iskanjasida motamsaro o'tirgan momosiga ta'zim qildi. Oychechak Sultonbegim nogahon nigohini nevarasiga burdi. - Yaqinlash, yaqinlash Mehrjon! Mehrjon momosiga yaqinlashdi. Bu qiz Sulton Jaloliddin farzandlari ichida ayricha chiqdi. U aqlli, taqvodor va chunon mehribon qiz edi. Shuning uchun Jaloliddin uni o'z ismi bilan atamay, Mehrjon deb chaqirar edi. Xon Jahon momosining o'ziga cho'zilgan qo'llarini ko'ziga surtib o'pdi. Volida nevarasini mahkam quchib, bag'riga bosdi. Keyin yonidagi o'rindiqqa ishora etib: - O'tir, jonim! – dedi. Uning ovozida bir xazinlik bor edi. Yo Xudo! Nechun dunyo zumda o'zgarmish? Nechun jannat bo'lib ko'ringan go'sha jahannam o'tida yonmish? Charxi dunyo ko'z o'ngida ters aylansa-ya? Turkon Xotunning achchiq qismati, Xon Sultonning mo'g'ul ixtiyoridagi mungli hayoti! Xorazmshoh shahzodalarning qattol qo'lidagi qonli zavoli-chi? Shavkatli hojasi Xorazmshohning g'arib qismati! G'arib zavoli! Nevarasi Salohiddining o'g'irlanishi. Bularning barchasi Oychechak Sultonbegim qo'nglida jahannam otashini qo'zg'adi. U gulxan ichida beayov yondi, olov tag'in otash barkashida unga o't tutdi. Bir necha kun ilgari u Mehrjonning “jahannam olovi qanchon so'nadur?” degan savoliga javob topolmay qiynalib ketgandi. Bugun unga o'g'li Jaloliddin Xon Sultonning hasratli nomasi - Jo'ji bilan hamkorlikka undovchi maktubi haqida gapirgan edi. Sulton singlisining maktubini javobsiz qoldirdi. Zero dushman bilan hamkorlik qilmoq davomiy Anushteginiy Xorazmshoh Jaloliddinning ozod erkiga mutloq begona edi. Oychechakning ko'z o'ngidan sevikli nevarasi Salohiddin hech ketmas edi. Volidaning joni qonab, vujudi titradi. Volida Mehrjonga qarab: - Yaqinlash,-dedi. Mehrjon kursini volidaning yoniga surib o'tirdi. Oychechak Sultonbegim esa bejirim sandiqcha qopqog'ini ochib, ichidan atrofiga yashil zumrad ko'z qadalib, gullari yoqut bilan bezalgan tillaqoshni uning qo'liga tutdi. - Bu senga! - Na go'zal! - Buni to'yimiz kuni shavkatli bobong Muhammad Xorazmshoh menga hadya qilgandi. Ani endi men senga hadya etgum. Ammo men uchun qiymatli bo'lgan bul hadyani boshingdan tushirmay taqqin, qizim. - Tashakkurlar!-Mehrjon tillaqoshni qo'liga olgach, unga qadalgan yonarqurttoshlarga uzoq tikilib qoldi. Volida namli ko'zlarini artdi. Mehrjon momosining ko'ngil to'lg'amalarini qalb ko'zi bilan ko'rib, yurak harorati bilan his eta boshladi. Keyingi kunlarda Oychechak Sultonbegim tez-tez dilgir holga tushadigan bo'lgan. Bunday kezlarda u nevarasini yoniga chaqirib, uni erkalatib suyardi, shunda o'ksik ko'ngli biroz taskin topar edi. - Bek onam! - Gapir, yoniq chirog'im! U o'rnidan turdi-da, momosining bilagiga qo'llarini olib borib, uni o'ziga qarab tortdi: - Bek onam, salot aytmoq fursati etdi. Mehrjonning ovozi bu chog' uni sajdaga chorlaguvchi bir mayoq bo'lib jilolandi. Oychechak Sultonbegim unga mung to'la ko'zlarini qadadi. Ko'ngillar faqat salot ichida taskin topguchi yagona bu chorlov uni hushyor torttirdi. Unga chindan qo'llov darkor edi.

83

Ashushteginiylar aqlu zako ummonidan bahramand bo'lgan Jaloliddin Muhammad Xorazmshoh arslonlari orasidagi sher edi. U bir zarbi bilan o'ljasini engib, uni yo'qliq qa'riga uloqtira olardi. U g'anim ko'ngliga dahshat va vahshat urug'ini sochib, sorlochin kabi beayov o'ljasiga tashlanar edi. Savash maydonida jon tashvishidan mutloq yiroq bo'lgan bahodir, aslida qo'rquv nimaligini bilmaydigan, mudom g'olib chiqquvchi sher kabi edi. Zotan u mujodala maydonida mardonavor halok bo'lmoq er uchun sharaf ekanligini bilardi. Bu hikmatni u donishmandlardan eshitgani yo'q, zotan jangu jadalda bunday qahramonlikni ko'p bora sinagan edi. - Ollohning o'zi bizni qo'riguvchidir!- Hayqirdi u jangu jadal maydonida. So'ng savash maydonida beomon ot surgan bobolari kabi urush to'lqinlari ichra ko'rinmay ketdi... Vahshiy chingiziy to'dalariga qarshi mislsiz kurash chog'ida osmon dengizida daf'atan harb yulduzi charaqlab chiqdi. Bu Jaloliddin Manguberdi nomli yulduz edi. Bu porloq yulduz zulmat ichida adashganlarga yo'l ko'rsatuvchi bir mayoq bo'lib porladi.

84

Valiyon qal'asi mudofaaga shay edi. Chor tarafi toshdan qad ko'targan osmono'par minoralar ustida tungi qo'riqchi lashkarlar uyqu bilmay, kuzatuv bilan mashg'ul turar edi. Tong otib, qorong'uga yakun yasaldi. Qo'riqchi sherigini turtdi. - Og'am, boq! Bir ko'lanka ko'ringanday! Sherigi minoradan turib olislarga boqdi. - Gaping chin! Ular tipirchilab qolishdi... Qo'riqchi lashkar boyo'g'lining tilida tinmay nola qildi. Bu jangovor xushyorlik edi. Barcha oyoqqa qalqdi. Juda olislarda chingiziy galalarining sharpasi ko'rindi. Xorazmshoh Jaloliddinning aynan ma'naviy dahosi va ruhiy quvvati lashkarlarining qahramon erkiga jasorat va shiddat bag'ishlab turardi. - Qal'aning chor tarafiga gulxanlar yoqilsin! – amr etdi sarkarda. Bu amal qal'a mudofaaga shay turganidan dalolat edi. Sarkarda og'abegiga tayinladi: - Avvalinda Haros mudofaada turgay. To'plar jangga shaylansin! Alarni avang'or quvvatlagay. - U yana sarbozlariga yuzlandi: - Qolganlar menim buyrug'imga shay tursinlar. Taloto'p hukm surdi. Mo'g'ullar zalvorli qadamlari hamda nog'oralarining tahlikali sadolari ostida hayqirib, Valiyon qal'asi tomon yaqinlashib keldi. Ular qal'aning chor tarafini o'rab olishdi. Og'abegi Eldegiz sarkarda Jaloliddin buyrug'ini kutmoqda edi. Nihoyat, chingiziy galalari jangga kirishdi. - Haros shay turing!-Birozdan so'ng amr etdi.- To'plar otilsin! Tinim bilmay to'plar otildi. Qal'a atrofi beomon jang maydoniga aylandi. Ikki tomondan to'plar otila boshladi. Xuroson zamini to'plar ovozidan larzaga keldi. Qurbonlar ko'p, yaralanganlar esa sanoqsiz edi. Kun shomga og'ar mahal g'animlar shashti pasayib qoldi. Tun atrofni qora chimmati bilan o'ragan payt ular bir yo'la tinchib qolishdi. Mo'g'ullar qal'a atrofidagi yalanglikda gulxan yoqib, o'tov tikishdi va ertangi jangga kuch to'plamoq uchun uyquga ketishdi. Valiyon qal'asi uchun olib borilayotgan jang chindan beomon kechdi va ikki tomon lashkarlarini holdan toydirdi… Sulton favqulodda harbiy mashvarat chaqirib, jang tadbiri hamda muhim choralar yuzasidan kengashib oldi. Sarkarda lashkarlariga kelajakka faqat ishonch va umid bilan boqmoq darkorligini uqtirdi. Uning ma'naviy dahosi va ruhiy quvvati poyida tizilgan sonsiz qo'shiniga tanyanch hamda qo'llov bo'lib turdi. Jang maydonida tezkor harakat qilmoq muhim edi. G'animlar xujumini daf etib, jangovar hamla qo'llash lozimligini tushunib etgan sarkarda lashkarboshilariga yuzlandi: - Kuchingizni bir mushtingizga yig'ing, tug'ni qo'ldan boy bermang. Illo, ertangi savash beomon kechishi muqarrardir. Avvalinda tag'in haroslar qal'a mudofaasida bo'lgay, alarni yordamchi qanot avang'or qo'llab turgay... Piyodalar qo'liga oq bayroqlar tutilsin. Alar belgi beruvchi kuch. Alarning ishorasi bul urushda chunon ahamiyatga egakim, zahiradagi manim xos lashkarlarim alarning ishoralariga qarab harakatda bo'lgaylar. Illo, mushtimizdagi kuch yoppasiga tashlanur. Xudo bizni qo'llasin! Magar O'zi qo'llasa, bir zarbimiz bilan g'animlarni qal'a atrofidan quvib, pistirmaga tushirgaymiz. Bu amr barchani oyoqqa turg'azdi.

85

Mo'g'ullarning bu galgi huruji chunon shiddatli edi. Bu huruj Jaloliddin qalqoni bilan to'sildi. Sulton qo'shini mo'g'ullar ustiga hujumga o'tdi. Valiyon darvozasi ochilib, qo'shin oldinga siljidi. To'g'ridan Haros jangga kirishdi. G'animlar ko'ngliga qutqu solib hayqirgan lashkarlar tobora oldinga harakat qildilar. Manjaniqlarda otilgan to'plar otashi yog'iyni o'z domiga tortdi. Dosh bera olmagan mo'g'ullar noiloj ortiga chekina boshladi. Sarkarda amr etdi. - Endi yog'iyning o'n qanotiga avang'or hujumga o'tsin! - Olg'a! - Olg'a! - Olg'a! Carkarda yog'iyning chap qanotiga mang'uloyni tashladi. Mang'uloy lashkarboshisi Aminal Mulk sarbozlariga qarab hayqirdi: - Og'alar! Oldinga olg'a! - Olg'a, olg'a! Yakunida Jaloliddin boshliq Xos lashkarlar shiddat bilan jangga kirishdi. Bu jang chindan beomon kechdi. Jaloliddin lashkarlari mo'g'ullarga qaqshatqich zarba berdi. Qal'a atrofidan quvilgan chingiziy bosqinchilar butkul yanchib tashlandi. Chindan u xuddi ot choptirib, Movarounnahrga shiddat bilan kirgan Qutaybani eslatar edi. Mana shu shiddatli yurishi bilan u Chigizxonni tahlikaga soldi. Zafar quchgan Jaloliddin tug'ni baland ko'tardi. Bu g'alaba g'anim ustidan qozonilgan yirik g'alaba edi. Jaloliddinning zafaridan xabar topgan Chingizxon lashkarboshilariga qahrini sochdi. - Qirq besh ming lashkar aning ortidan jo'natilsin!

86

Jaloliddin qozongan mislsiz g'alaba va shuhrat sarhadsiz Xuroson osha yoyildi. Hukmdor Xurosonning quyrug'iga etib qolgandi. G'azna yaqiniga kelib to'xtagan Hukmdor bir muhlatga qo'shinga dam bermoqqa jazm etdi. Ammo uning ortidan Chingizxon o'z qo'shinini jo'natgan edi. Ko'zi qonga to'lgan Chingizxon qo'shinlari Jaloliddin lashkarlari bilan to'qnashdi. Ushbu yirik to'qnashuvda ham beqiyos shuhrat qozongan Jaloliddin nomi olamga tanildi. Bu zafar chindan mislsiz yirik g'alaba edi. Bu omonsiz kechgan jangda Jaloliddinning zarbi bosqinchilarni to'fonday to'zg'itib tashladi. Beqiyos jang muhoraba tarixida “Parvon jangi” deya shuhrat qozondi.

87

Kuzning xomush xazonlari ro'yi zaminga sovrulib tushdi. Panjshir daryosini ortda qoldirgan mo'g'ullar G'azna tomon ilgarilaydi. Xuroson dashtlari esa kechki kuzak etagida ma'yus uh tortar edi. Hukmdor harb mahoratini takomillashtirib, noyob taktikani qo'lladi. Bu jangda Sulton qo'shinlarini to'rt qismga ajratdi. Bayroqdor piyodalar yo'l boshlovchi, ularning ketidan qo'llarida nog'ora tutgan bir tuman lashkar - jarchi va ishoratchi sifatida tayin etildi. To'g'ridan Xos lashkar hujumga o'tmog'i darkor edi. Bu qo'shinga Hukmdorning o'zi sardorlik qildi. O'ng qanotga Avang'or, dushmanning chap qanotiga esa Mang'uloy tashlanmog'i lozim edi. Ularni quvvatlab, to'ldirib turmoq uchun Haros harakat qiladigan bo'ldi. Sulton Jaloliddin poyida tizilgan hisobsiz qo'shin oldiga kelib to'xtadi. U ot ustida o'ng qo'lini ozod ko'tarib, hisobsiz lashkariga qarab hayqirdi: - Jangga faqat zafar quchmoq uchun kirishing. Engilmoq bizga aslo tajalli bo'lmas. Biz zafar qozonaylik! Va bu zafarimiz Chingizxonga yuborilgan bir mujda bo'lsin. Va bu mujda uni beomon yoqsin! Sulton ot choptirib, bir doira hosil qilgach, yana qo'shin oldida to'xtab hayqirdi: - Jihod! Jihod! Jihod! - Jihod!- unga jo'r bo'ldi hisobsiz qo'shin. Oldinga siljidi. Sardor nodir jangovar uslub qo'llab, muhorabalar tarixida ilk bor qarchig'ay otlar qanoti ostida, piyoda jang qilishni yo'lga qo'ydi. – “I'tasamtu Billahi!” – hayqirdi u qo'shiniga. – “I'tasamtu Billahi!” Olg'a! – “Faqat Ollohdan madad kutgaymiz!” – unga jo'r bo'ldi hisobsiz sarbozlari.

88

Vahshiy chingiz to'dalariga qarshi kurash chog'ida osmon dengizida porlab chiqqan harb yulduzi Jaloliddin Manguberdi bo'lib porladi. Va tillarda Mankburni nomi Manguberdi bo'lib mangu yangradi. Endi esa bu yulduz anushteginiylar bino etgan ulkan dorulsaltanani hur ko'rmoq uchun osmon sahrolarida yombi misol yal-yal yonib turardi. Dunyoni ostin-ustin qiluvchi lashkarlar hayqirig'i g'animlarning diliga tahlika solib, birinchi odimlarini oldinga tashladi. Hisobsiz lashkar hayqirig'i Xuroson osmoniga o'rladi... Faqat Ollohdan panoh so'ragan sarbozlar anushteginiylar tug'ini ko'targan hukmdor ketidan oldinga intildilar. Sarbozlarni qanoti ostiga olgan otlar ham xuddi ular kabi Ollohning madadi bilan o'qdek uchib borar edi. Yovqurlar zarb bilan bosqinchilar qanotini yorib o'tdi. Sarosimaga tushgan mo'g'ullar ortga chekindi. - Oldinga!- Amr etdi sarkarda. Mislsiz jasorat ko'rsatgan qo'shin behisob g'animni er tishlatdi. Ustma-ust jiddiy zarbaga uchragan bosqinchilar sarosimaga tushib, tumtaraqay qocha boshladi. Qurbonlar esa er quchib yotar edi.

89

Jaloliddin bu gal ham zafar quchdi. Bu “Parvon jangi” nomini olib, beqiyos shuhrat qozondi va Mankburnini Manguberdi nomiga sazovor etdi. Shundan buyon uning nomi ikki daryo oralig'idagi yurt - Movarounnahrda Jaloliddin Manguberdi deya yangray boshladi. Qo'lga kiritilgan o'lja ham hisobsiz edi. Boylik va shuhratga o'ch lashkarboshilar orasidagi nizo avj olib, oqibatida Sayfuddin Ig'roq, A'zam Malik hamda Muzaffar Malik qo'shinni tashlab ketishdi. Faqat Hirot voliysi Aminalmulk lashkarlari bilan Jaloliddinga ko'makka shay turar edi. Ko'zi qonga to'lgan Chingizxon Manguberdiga bas kelmoq uchun beliga sarkardalik kamarini bog'lab, shaxsan o'zi maydonga chiqdi.

90

Qahri qo'zigan Chingiz amr etdi: - Sultonbachchani huzurimga keltiring. Mening ayricha hisobim bordur! Menkim –Ulug' Chingizxon nelarga qodirligimni hanuz ko'rsatganim yo'q! Endi Jaloliddin mening nelarga qodirligimni o'z ko'zlari bilan ko'rib qo'ysin... Ko'zlari jovdiragan, xuddi ohuniki kabi hayratli va baayni ohu kabi beozor bolakay uning huzuriga olib kelindi. Bu – shahzoda Salohiddin edi. Yo, hu! Shamol bir zum esmoqdan to'xtab qoldi. Qush ham bir lazha qanot qoqmasdan g'aflatda qotdi. Osmon hayratlanib uh tortdi. Quyosh jamolini yashirdi. Yo hu! Zamin dahshatdan to'lg'ondi. Qo'lga tushmas qasoskor yovqurdan beomon intiqom olmoq fursati mana endi, nihoyat, etib kelganini anglagan qisiqko'z xon, go'yo tobora pastga enib, o'ljasini ta'qib etib kelayotgan yirtqich bo'ri hamlasini qo'lladi. - Avvalinda aning mesh qornini siydikli ordobga to'ldirgaysizlar. Yakunida o'zim ordobda qalqib turgan va potirlagan yuragini mo'g'ul qo'llarim bilan sug'urib olgum! Ajal raqsi, ehtimol, hali-hamon olislarda ko'rinmas, biroq qattol raqsi hukmini o'tkazmoqqa kirishgani rost edi. Ko'zi qisiq bir sarboz paqir to'la suvga un va bir kosa haromi Chingiz siydigini aralashtirib, so'ng shahzodaning yoniga irshayib keldi. - Holingga qumirsqalar yig'lagay, sultonvachcha! Qani beri kel, seni siydik qo'shilgan ordob bilan obdon siylagum. - dedi u. Beomon qistov va qiynoq endi ta'sirini ko'rsatdi. Murg'ak vujudida isyon, bo'g'izida g'ulu-talvasa g'olib chiqdi. Biroq ne ajab, ne tongkim, uning qo'l-oyog'i bog'liq edi. Qurbonlikka olib kelingan chorasiz, ko'zlari qo'zmunchoq qo'zichoq misol u faqat najot istab boqayotgan sarson nigohlarini har yon tentiratdi. Biroq uning mo'ltiragan nigohlari qattollarning maraz namoyishli nigohlariga to'qnash keldi... Dalli xayoli-la idrok etdiki, ular shafqatdan yiroq. Ko'rdiki, mal'un tishi o'ziga beomon, chunon qayralmoqda... Boyaqish shahzoda bu gal najot istab, ko'kka termuldi. Osmon ravoqlarida parda ko'tarildi. U tiniq ko'rgan edi o'shanda: yalovbardor padari buzrukvori sulton Jaloliddin tug'ni boshi uzra baland ko'tarib, ot choptirib kelayotir edi... Shahzoda yana ordob ichmoqqa majburlandi. Shunda uning xayollari to'zg'ib ketdi. Mana, onaizori uning tomon shoshib, shamolda suzib kelayotir. Attang, keyin ortda ”bolam-bolam”lab qolib ketdi u. Paqir to'la ordob yarmiga etganda shahzoda qayt qila boshladi. Lekin shunga qaramay, u yana ichmoqqa majburlandi. Shahzoda yana qayt qila boshladi... Chingizxon daf'atan qinidan o'tkir qilichini sug'urib oldi. So'ng mitti shahzodaning ko'ngliga g'ulu solmoq uchun, qilichini havoda o'ynatib, unga yaqinlasha bordi. Qilich dami havoni kesib, oltin tig' oftobda yaraqlab ketdi va shahzodaning ko'zlari hech vaqoni ko'rmay qoldi. Xon bir zarb bilan shahzodaga tig' qadab, ko'ksini yordi. Vahshiy Chingiz bolakayning qaynoq vujudidan yuragini qo'li bilan sug'urib olarkan, hali hovuri ko'tarilmagan murg'ak yurak uning sovuq va qonsiragan qo'lini isitgani rost edi. Haq Rost! Qaynoq vujuddan endigina vahshiylarcha sug'urib olingan mitti yurak atrofga qonlar sochib, potirladi va talvasa ichida qattolning qo'lidan erga og'ib tushdi. Bu kabi qattol manzarani hali ko'rmagan boshqa mo'g'ullar-da dahshat ichida qotgandi... Chingiz erda potirlagan shahzoda yuragiga kamon sanchib, havoda muallaq aylantirdi, keyin qay bir sarbozga qarab: - Ani barchaga ko'rsatgaysizlar. Alar meni nelarga qodir ekanligimni o'z ko'zlari bilan ko'rgaylar! - deya amr etdi. Bu sulton Jaloliddinga qaratilgan vahmli mujda edi. Mitti shahzodaning ko'ksiga qadalgan tig' aslida Jaloliddinga qadalgan tig' edi. U shu yo'l bilan Manguberdini dahshat komiga uloqtirmoq istagida yondi. Bu vahshiylik butun Movarounnahr ahlini larzaga solgandi.

91

Nayzaga sanchilgan mitti yurakni namoyishkorona ko'targan sarboz ko'chalar oralab ketdi. Zamin esa murg'ak vujud qoniga to'lgandi. Bag'ri qip-qizil, biroq yuraksiz jasaddan hali ham qaynoq qon oqayotir edi. Shahzodaning ko'zlari nolon - ochiq, qorachig'ida dahshatli sukunat qotib qolgandi. Berahm, vahshiy Chingiz jonsiz jasadni tap tortmay bosib, to'g'riga ilgariladi. Ketidan sarbozlari ergashdi. Bu beayov qatl sulton Jaloliddin qulog'iga etib bordi. Bu dahshatdan ogoh bo'lgan er o'pirilib ketmadi. Magar zamini qonagan Dasht mangu sukutda qoldi. Osmon magar o'qchib-o'qchib qon qusdi. Jayhun faqat isyon ko'tardi. Yana samo qaqshab yig'ladi. Bir hikmat chunon qaytarildi. Ismi nima edi? “Osmon uzoq, er qattiq”, magar “Har Fir'avnga bir Muso bor” edi. Yana osmon o'qchib-o'qchib qon qusdi... Dashtning bo'g'izi tutunga to'lib, bag'ri hamon qonab yotardi.

92

Bu shafqatsiz qatl Sulton Jaloliddin Xorazmshoh ko'nglida tarqamas g'am-alam qo'zg'adi. U jigarbandiga omonlik tilagani rost edi, magar sho'r peshonasiga dilbandi juvonmarg ketgandi. U xayolan jonsarak chopib, huv zamin uzra bag'ri qonab yotgan o'g'lini borib ko'tardi, shunda jonsiz jasaddan hamon qon sizilib oqayotganiga ko'zi tushdi. U qonni to'xtatmoq istab, dilbandini avaylab tizzasiga qo'ydi va ustidagi libosini jonsarak echib, o'g'lining qonayotgan bag'riga bosdi. O'zidan shifo istab, ko'kka termulib duo o'qidi va o'qigan duosining ijobatini kutib, tag'in farzandi-arjumandiga qaradi. Lekin hech vaqo o'zgargani yo'q: jigarbandining mo'ltiroq ko'zlari esa ko'kka qarab, mangu qotib qolgan. Ko'ksi ochiq, yuraksiz tanadan qon tinim bilmay oqayotir edi. Jaloliddin hozirgina uni ko'targan qo'llariga qaradi, biroq qo'llari quruq edi. U qaltiroq qo'llarini yuziga olib bordi. Vayronkor kechinma bu gal uning ko'zlaridan qaynoq yoshlarni oqizdi. U sizilib chiqayotgan alam va hasrat yoshlarini artib, atrofga boqdi, yana ko'z o'ngida o'g'lining qonab yotgan jasadi namoyon bo'la boshladi. U tag'in o'g'lini erdan olib, bag'riga bosgisi keldi. Lekin shahzodaning jasadi erga jips, qon aralash qotib qolgandi. Shunda u er timdalab, alam bilan, avvaliga elkalari silkinib-silkinib, ovoz chiqarmay yig'ladi. Keyin xuddi sher kabi na'ra tortdi. Shu tob elkasiga kimdir qo'l qo'ydi, shunda u burilib qaradi. Bu singlisi Xon Sulton edi. U go'yo taqvosini bag'riga bosgan kabi, bir qo'li ko'ksida, ikkinchi qo'lida oppoq harir ro'moliga o'ralgan shamshir tutib, akasiga qarab yig'lardi. Mushtipar singil hamon og'asiga qaragan ko'yi alam va hasratini ko'ksiga joylab, ko'zidan yoshlarini oqizmoqda edi. Nihoyat, Xon Sulton ko'z yoshlarini sidirib: -“Al qasosul minal Haq!”– dedi. Uning aytganlari Jaloliddin qulog'i ostida muallaq jaranglab turdi. Jaloliddin junbushga kelib o'rnidan turdi. Xon Sulton erga jips qotib qolgan jiyanini bag'riga bosmoq istab, unga tomon engashdi. Jiyanini o'ziga tortdi, lekin orzu va armonlarini qontalash mitti vujudiga jo qilib, go'yo o'ksinib yotgan jasadni er qo'yib yuborgisi kelmasdi. Xon Sulton er timdaladi va uning ohi ko'kka o'rladi. Jaloliddin mushtipar singlisi tutgan qilichni erga qo'yib, uni turmoqqa undadi. Xon Sulton bemajol o'rnidan turib, sho'r peshonasini og'asining elkasiga qo'yib, yonib yig'lay boshladi. Magar Sulton mushtipar singlisini yupatmoqqa biror jo'yali so'z topolmadi. Alhol, vujudida qoni jo'sh urdi va bu ayanchli shiddat tomirlariga quyilib, go'yo sharqirab oqdi. Bu qandayin his edi vujudini junbushga keltirgan? Jaloliddin boya singlisi tutgan qilichni erdan oldi. U shu on tuyqus yig'i ovozini eshitib, ortiga burilib qaradi. Huv narida savdoyi momosi Turkon sochini yulib, uvvos tortib yig'layotgandi. U tag'in junbushga keldi. Ko'z oldida shahid ketgan inilari shamollarda suzib, najot istab, ko'kka qarab ucha boshladi. Padari buzrukvorining zavoli uni o'tdan olib, otashga soldi. Jon qushi bu gal talvasa ichra bo'g'izida potirlay boshladi va yakunida g'olib chiqib, tashqariga otilib chiqdi. Bu galgi junbush uni mangu sergaklantirdi... Sulton Jaloliddin Xorazmshoh najot istab atrofga boqdi. Xon Sulton ham g'oyib edi. Momosi Turkon ham yo'q. Fazandi-arjumandi shamol kabi uchib ketgandi. Xayollari to'zg'ib ketdi... U yurib borib qo'llarini yuziga bosdi, ko'zlarini yumib, fursat o'tgach tag'in ochdi. Chindan hech zog' yo'q, atrofda faqat o'lik sukunat hukmron edi. - “Al qasosul minal Haq!”-Xon Sulton tilidan chiqqan bu nido quloqlariga qo'rg'oshin bo'lib quyilgan edi. Jaloliddin or-nomus, sha'n va Vatan himoyasi yo'lida barchasidan voz kechdi. So'nggi Xorazmshoh vujudida bir tuyg'u mutloq g'olib chiqdi: bu g'animidan beomon o'ch olmoq, qasos tuyg'usi edi...

93

Ming ikki yuz yigirma birinchi melodiyning kuzgi shamoli Hind zaminiga bargu xazonlarni sovurib izg'idi. Umrining so'nggi kech kuzini shu xazonrezgi kuzakda qarshilagan volida g'aflat ichida qoldi. Nevarasi Salohiddining vahshiy Chingiz qo'lidagi qatli uni omon qo'ymadi. Kecha sipohsolar olib kelgan xabar Oychechakni battar iskanjaga oldi. “Parvon jangi”da mag'lub bo'lgan qo'shinidan darg'azab bo'lgan Chingiz oyoqqa turgan edi. Buxoroni bir zarbida yakson etib, Samarqandning kulini butkul ko'kka sovurgan Chingiz yo'lida tanho Jaloliddin to'g'anoq bo'lgan edi. Movarounnahrni bir zarbi bilan egallamoqni rejalagan xon endi yo'lida to'g'anoq bo'lgan Jaloliddinni yo'qotish payiga tushdi. U Xorazm istilosini chekkaga surib, so'nggi Xorazmshohni mag'lub etmoqqa jazm etdi. Chingiz Afg'on zaminiga ko'z tikdi. U hisobsiz lashkari bilan Bomiyonga etib kelgach, biroz nafas rostlamoqqa jazm etdi. So'ng Bomiyon orqali Qobulga yo'l soldi. Uning asl muddaosi G'aznaga o'tib, Jaloliddin bilan to'qnashish edi.

94

Daf'atan og'riq azobidan uyg'onib ketgan Mehrjon yotgan joyida to'lg'ondi. Boshi lo'qqillab og'rirdi, labi esa isitma otashidan quruqshab ketgandi. Uning a'zoyi badani go'yo o't ichida beomon yonardi. U o'rnidan turdi. Tokchada mil-mil yoniq sham atrofga inja ziyo taratar edi. U yotog'ini paypaslab, kimnidir axtardi. Keyingi kunlarda volida Oychechak Mehrjondan ajralgisi kelmay, mudom o'zi bilan birga olib yurardi. Hatto yotoqda ham birga uxlashar edi. Mehrjon paypaslab ko'rdiki, momosi joyida yo'q. U ovoz chiqardi: - Qaerdasiz, Bek Onam?! Narigi oshyonada tunni bedor o'tkazgan volida Oychechak yotoqqa etib keldi. - Senmi, Mehrjon !? - Men! - Nechuk uyg'oqsan? - Tovim yo'q! Volida jonsarak uning yoniga etib keldi, so'ng qo'llarini peshonasiga olib borib: - Isitmang borga o'xshaydur! – dedi. - Ha, boshim lo'qqillab ketyapti, suv ichgim kelayotir!- Qult etib yutungan Mehrjon chanqoq lablarini yaladi. - Bekalar!-Chaqirdi Oychechak Sultonbegim. Eshik ochilib, ichkariga bekachi Hadicha kirdi. - Cuv olib keling! Fursat o'tib bekachi suv ko'tarib kirdi. Hadicha Mehrjonning isitmali boshini yostiqdan ko'tarib, unga suv ichirdi. Mehrjon suvdan yutoqib ichgach, boshini behol yostiqqa tashladi. - Mehrjon,-dedi volida. Mehrjon momosiga qaradi. U Mehrjonning peshonasiga qo'lini olib borib so'zlandi: - Isitmang bor sening.- So'ng bekasiga o'girilib,-tezda hakim chaqiring!-deya buyurdi. Bekachi chiqib ketdi. Volida tag'in Mehrjonning otash o'tida kuyayotgan peshonasiga qo'lini olib bordi. Uning kafti qizib ketgandi.

95

Bomiyonda to'xtab, keyin Qobulga yo'l solgan Chingiz Sulton Jaloliddin Hind sohillari atrofida ekanidan xabar topdi. Uning tishi chunon qattiq qayralgan edi. Xon yotoq o'tovida orom olardi. Mudom otasi bilan birga bo'lgan To'liyxon o'tov ichida yolg'iz edi. Eshik og'asi xufyalar xonga muhim ma'lumot olib kelganidan xabardor etdi. Uyquni tark etgan xon xufyani huzuriga chorladi: - Ulug' Xon, Jaloliddin G'aznada qo'nim topmish!-deya ma'lumot berdi u. - Ma'qul!-dedi Chingiz kibr ichida labini burib.-Endi uni shu qo'llarim bilan bo'g'izlagum! - Yana bir suyunchili xabar bordur!-dedi xufya xonini sevintirmoqqa shoshilib. Xon savol nazari bilan unga tikildi. - Parvon jangidan so'ng Jaloliddinning lashkarboshilari o'lja talashib, tarqalib ketmish! - A'lo!- Chingizxon ilkis o'rnidan turib ketdi. Bu chindan sevinmoqqa arzigulik xush xabar edi. U lashkarboshilarini huzuriga chorlab, qurultoy chaqirdi... Chingiz Sind bo'yida kutilayotgan jangga katta kuch tashladi.

96

Parvon jangidan so'ng o'lja talashib tarqab ketgan lashkarlarini shu qisqa fursat ichida jamlamoq g'oyat mushkul edi. Sarkarda bu galgi savash beayov kechishini bilardi. U bu jangga puxta tayyorgarlik ko'rmoq tadorigini ko'rdi. Ammo to'xtovsiz jang lashkarlarning tinkasini quritgan edi. Xorazmshoh lashkarlariga biroz tanaffus bermoq darkorligini angladi. Nihoyat qisqa tanaffusdan so'ng lashkarlar tag'in jangga tayyorgarlik ko'ra boshladi. Sipohsolar olib kelgan xabar uni hushyor torttirdi. Chingiz yovqur Jaloliddin Manguberdiga bas kelmoq uchun shaxsan o'zi uning yo'liga peshvoz chiqqandi. Juda olislarda bir sharpa ko'zga elas-elas tashlana boshladi. Bu hisobsiz mo'g'ul lashkarlarining sharpasi edi. Xon ko'p sonli lashkarlari qurshovida tobora enib, Sind daryosi tomon yaqinlashmoqda edi. Jaloliddin harbiy mashvarat chaqirib, bunda kutilajak jang tadoriklarini muhokama etdi. Shunga ko'ra lashkarlar mudofaaga shay turdi. Nihoyat mo'g'ullar Sind daryosiga etib keldi. Sind daryosi bo'yida ko'pdan kutilgan to'qnashuv sodir bo'ldi. Va bu jang beayov kechdi. Mo'g'ullar o'lim manzarasini qon qatralarida chizib, ajal raqsini namoyon etishdi. Ular manjaniqlar vositasida Jaloliddin qo'shinini yo'q qilmoqqa qasd etgandek, tinimsiz to'plardan o'q ota boshladi. Buning ustiga kechki kuzak ayozi ko'ringanni sovuq changali bilan chimdib olardi. Lashkarlar kurashga mardonavor bel bog'lab, dushman zarbasini qaytarib turdi. Ammo jang qurbonsiz bo'lmasligi barchaga ayon; shahidlar sonsiz edi. Dushman qo'li baland kela boshladi. Jang qilaverib sillasi qurigan lashkar nafas rostlamoqqa taraddud ko'rdi. Ammo tinimsiz yoqqan yomg'ir ularni battar holdan toydirdi. Kechqurun yomg'ir ham, jangchilar ham tinchib qolishdi... Navbatdagi tong otgan edi. Erta tongdan jang qo'ziydigan mo'g'ullar, bu sahar nechundir tinchib qolgandi. Aslida ular Chingiz tomonidan o'ylab topilgan yangi hiyla va nayrangni qay yo'sinda qo'llamoq lozimligi haqida tinimsiz mashq qilmoq bilan mashg'ul edilar... Ayni peshin mahali ular yana Jaloliddin lashkarlari ustiga hujumga o'tishdi. Chingizxon bir tuman lashkarini pistirmaga qo'ygandi. Baayni shu qo'shin Sind jangining taqdirini hal qilishi lozim edi.

97

- Yaxshiyamki, tunning borligi, bo'lmasam bu bashibuziqlar tinim bilmay jang qilishadi. -dedi sarboz sherigiga. - Er yutsun bularni. - dedi boshqasi g'udranib. Shomdan so'ng zulmat qorong'ulik Sind bo'yiga to'satdan bostirib kirdi. Ikki tomon jangchilari ertangi jangga kuch yig'moq uchun omonat chaylalari tomon kirib ketishdi. Mo'g'ullar tinchigan edi, ammo sharqdan qo'zg'olgan daydi shamol o'z hukmini o'tkazdi. Sohil bo'yi vahima ichida, osmon dengizida esa xira miltillagan yulduzlar tomon yopirilayotgan bulutlar mil-mil yongan yog'duni to'sib, ko'k yuzi battar tundlashdi. Yarador Qosim oromini unutgan edi. U qo'lini lattada bog'lab, yotog'iga uzaldi. Lekin ko'ziga uyqu kelmadi. Tinim bilmay lo'qqillab og'riyotgan yarasi uni bedorlikka mubtalo etgan. U og'riq azobiga chidamay o'rnidan turdi, so'ng o'tov ichidan tashqariga chiqdi. Asov to'lqinlar qirg'oqqa urilgan mahal, bu turtki dalli devona shamollarning sabrini toshirib, muttasil uv tortmoqqa undar edi.

98

Ufq uzra otash lovulladi. Olov tilchalar bitta-bitta yig'ishtirilajak payt yaqinlashib, ufq chetida quyoshning so'nggi nurlari ichkariga qamaldi. Jaloliddin o'tov ichidan tashqariga chiqib, atrofga boqdi. Savash maydonida tortgan azobi, hamda atrofida kechgan musibat voqealar uni omon qo'ymadi. Buxoro! Buxoro o't ichida lovullab yondi. Maroqandning kuli ko'kka sovurildi. Buxoro-yu Maroqand ayovsiz mahv etildi. Momosi Turkon esa qattol qarshisida taslim bo'ldi. Xorazmshoh shahzodalar esa beomon qatl etildi. Singlisi Xon Sulton achchiq qismatga giriftor bo'ldi. Qiblagohi Muhammadni ko'mmoq uchun hududsiz Movarounnahr zaminidan bir qarich er topilmadi. Afsus, ko'mmoq uchun bir qarich er, o'ramoq uchun bir qarich bo'z Muhammad Xorazmshohga nasib etmadi. Shoh orolchada g'aribona ko'mildi. Jaloliddin jigarbandi Salohiddinning qattol qo'lidagi qonli zavolini ko'z oldiga keltirdi... Bu ko'rguliklar chindan dahshatli hodisalar edi. Sultonning mushti ayovsiz tugildi. Iztirob ichida to'lg'ongan hukmdor oilasining sha'nini qo'rimoq hasratida beomon yondi. “Ko'rib-bilib turib, ahli oilamni yovuz xon qo'liga topshirib qo'ymasman”. Uning nigohlari mil-mil yonib, so'ng ko'k yuzida ko'rinmay ketgan yulduzni axtarar edi. Sulton o'tov ichiga qaytdi. Tashdor Jamoliddin Farrux jovonda turgan yoniq sham lippillayotganidan o'tov eshigi ohista ochilganini payqadi. Ichkariga sassiz kirgan hojib ul-kabir Xonberdi Saruxon ta'zim qilib, sulton qarshisida to'xtadi. - Yaqinlash! Xonberdi yaqinlashib, yana qulliqda bosh egdi. - Yog'iy qo'li bu gal baland kelayotgani ayondir!-dedi hukmdor. - Buni ko'rmoqlik azobdur! - Buni ko'rmoqlik chindan azobdur! Momom Turkon mahv etildi. Shahzoda inilarimni Chingiz qatl etdi. Singilim Xon Sulton achchiq qismatga giriftor bo'ldi. Buyuk Movarounnahr sultoni bo'lmish padarim esa bevaqt zavol topdi. Jigarbandim Salohiddinning qattol qo'lidagi dahshatli zavoli meni tinch qo'ymayotir!- Sulton o'tirgan joyidan turib, o'tov ichini bir aylanib chiqdi. U ortiga, o'ziga mushtoq tikilib turgan Jamoliddin hamda Xonberdiga qarab yana so'zladi: - Bu ko'rgulik, bu musibat, bu kulfat ko'nglimda otash o'tini qo'zg'ab, borlig'imni vayron etsa-da, man ojiz g'amlarga buyunsunmasman! Sulton qaytib joyiga cho'kdi. - Caruxon! - Buyuring shahanshohim! - Volidamga etkazgaysan! - Qulog'im sizdadur. - Ko'rib-bilib turib men ahli oilamni yog'iy qo'liga topshirib qo'ymasman! Ma'lum, bu gal yog'iy qo'li baland chiqmoqda! - Ma'lumdur! - Omon chiqmoqlik dushvordur. Ammo oxiriga qadar mardonavor kurashgaymiz! - Bunga shubha yo'qdur. - Vatanim hamda oilamni qo'rimoqlik mening zimmamga tajalli etilgandur. Volidamga etkazgaysan, men alarni dushmanim qo'liga tuqazib qo'ymagayman.. - Uqdim, shahanshohim! - Tadorik ko'rilsin. Erta tongda ahli oilam Sind daryosiga g'arq qilinsin! Yo hu! Bu qandayin qaror edi?! Yo hu! Shamol nechun bu qarorni eshitib, esmoqdan to'xtab qolmish?! Nechun osmon hasratdan uh tortmish?! Bu qarolig' kechada nechun Oy jamolini yashirdi?! Nechun yulduz g'urbatda pastga og'ib tushdi?! O'tov ichi bir fursat sukut ichida qoldi. Atrofni zarif nurlari bilan yoritayotgan shamlar yog'dusida sultonning alamli yuziga tikilib turgan tashdor hamda hojib ul-kabir sukut qilmoqlikdan boshqa chora topmadi. O'tov ichiga cho'kkan o'lik sukunatni hukmdor buzdi. - Volidamga etkazgaysan. Bu tun alar bilan vidolashgani kirgayman! - Uqdim, shahanshohim!

99

Oychechak Sultonbegim butkul oromini unutdi. U xuftonni o'qib bo'lgach, hukmdor o'g'lini mushtoq bo'lib kuta boshladi. Jangning kutilmish oqibatlari uni ham qattiq qayg'uga solgandi. Oychechak Sultonbegim to'rida joylashgan jovon ichidan shamni oldi. So'ng qo'lidagini xontaxta ustida yonayotgan shamning ziyosiga tutib olov tutashtirdi. Atrof chandon yorishib ketdi. U yurib borib o'tovning poyonida to'xtadi. So'ng ortiga qaytib, xontaxta ustida ziyo taratayotgan shamga tikilgan ko'yi uzoq turib qoldi. Fursatlar o'tgach, o'tovga Jaloliddin kirib keldi. Keng o'tov ichi shamlar yog'dusida charog'on esa-da, Mehrjonga qo'rqinchli ko'rindi. U momosining biqiniga surilib o'tirdi. Jaloliddin ko'kragida bezovta tepayotgan yuragiga qo'lini olib borib, yashirin nido etdi: “Yo Rahmon! Yo Rahim! Ko'kragimni bezovta tepkilayotgan yuragimni tinchlantir. G'orat-harorat jismimni sovut! Ozurda-zinda ko'nglimni ovut! Tilimga salovat, ilkimga quvvat ber, quvvat!” Hukmdor elkasiga dunyo anduhini orqalagan volidasi tomon qadam bosdi. - Haqning hukmi muqarrar erur. Bu hukmga bo'ysunmoq darkor! –dedi volida Oychechak. Jaloliddin o'ylanib qoldi. Angladiki, kulfat g'amdan ming chandon og'irroq ekan. Vaqt o'tib tanangdagi yara bitib ketarku-ya, lekin ko'ngildagi jarohat tarqalmas ofat edi. Ammo Sulton kulfatdan hikmat izlab yashamoqni o'rgandi. Vaqt buyuk hakam edi. Ko'z o'nggida kechayotgan voqealar so'nggi Xorazmshohni mangu uyg'oqlikka mahkum etgandi. U barchasidan ayrilgan edi. Bu mislsiz musibat, bu halokat, bu achchiq qismat uni azob komiga uloqtirgandi. Unda birgina tuyg'u mutloq g'olib edi. Yuragini bir o't o'rtardi. Bu beayov o'rtov - qasos o'ti edi aslida. Bu sha'ni va Vatanini himoya qilib, g'animidan beomon qasos olish tuyg'usi edi. U shu qasos gulxanida pishib, toblandi. Tomirlarida muttasil jo'sh urgan xorazmshohlar qoni uni qasos olmoqqa muttasil undar edi. Oychechak Sultonbegim o'g'lidan ko'z uzmay tikilib qoldi, biqinida esa sevimli qizi Xon Jahon otasiga mung to'la ko'zlarini qadab, sukut ichida unsiz titrardi. Sultonning tuyqus ko'ngli buzildi. - Mehrjon! - dedi o'ziga tikilib turgan qiziga qarab. - Labbay, otajon! - Beri kel, qizim!- Culton o'ksinib, o'ziga yaqinlashayotgan qizi tomon qadam bosdi. Mehrjon otasiga ta'zim qilib to'xtadi... - Kel, qizim! - Sulton uni bag'riga bosib, quchoqladi. Mehrjon otasining kiyimini hidlab, jimib qoldi. Bu unga juda tanish va ardoqli hid edi. Bu shudayin hid ediki, buni faqat o'zi hidlab, o'zi his eta olardi. - Charchabsiz, toliqibsiz! - dedi kuyunchak qiz otasiga mustar boqib. - Mani qo'y, ona qizim! O'zing sog'ayib qoldingmi? - Shukur. Hiyla tuzalib qoldim. - Ona qizim! – Hukmdorning ko'ngli tag'in buzildi. Jaloliddinning bo'g'izida jon qushi talvasa qila boshladi. Shunda u talvasasini engmoq uchun og'rinib yutundi. Taloto'p bo'g'zidan ortga qaytdi, biroq ichkariga qaytgan bu talvasa ko'zlarida o'kinch va alam yoshlari bo'lib tashqariga chiqdi. Arosat arosida kezingan dalli xayoli esa ko'ngilning balosida qo'nim topdi. Ne oqshomkim, har tun shu bo'lgay takror: har oqshom azobda to'lg'onib, ne kulfatkim, yana dardga ko'milib uyg'onmish! Nechun hali yuzida sho'ri qotib ulgurmagan alam yoshlari ustiga, tag'in sitam yoshlari to'kilmish? Nechun bitmagan yarasi ustiga tag'in tuz sochilmish? Sulton qa'rida hali hech tortmagan, hali tafakkuri anglamagan allaqanday unga mutloq yot bir sitam uni siqib kelayotganini his etdi. Sim-sim silqigan bu otash og'riq emas, ammo butun borlig'ini kuydirgulik, otashzabarjon o't edi. Bu beayov olov uni otashida jizg'anak qilib kuydirdi. Orzu va armonlarini mitti vujudiga jo qilib jim turgan Mehrjon ortiq dosh bera olmadi. Hatto shu qizaloq-da beg'ubor, bola qalbi bilan kulfat nima ekanligini anglab etgandi. Ularning boshiga tushgan kulfat-u musibat shunday qudratli ediki, u bolani erta ulg'aytirib, donishmandga aylantirgandi. Hatto shu qizaloq-da g'urbat boshlariga ne kulfat, ne savdo tushganini mitti tasavvuri bilan teran his etib turardi. Mehrjon chorasizlikdan mum tishlab qolgan edi. Biroq bu hol uzoq davom etmadi, Mehrjon avvaliga ovoz chiqarmay, keyin ho'ngrab, o'ksib-o'rtanib, otasini quchoqlagan ko'yi qaqshab yig'lay boshladi. Bu ko'rgulikka Sulton ortiq dosh berolmadi. Axir farzand deganlari otaning qo'ri-quvvati va onaning jigari-xolidan bino bo'lgan emasmi?! Sulton zulfizar, sojida qiziga qarab dedi: - Yig'lama, ona qizim! Seni baribir jannat bog'larida omon ko'rgayman! - Men esam mudom duoda yurgayman... - dedi Mehrjon alamli yoshlarini qo'llari bilan artib. - Mudom duoda yurishingni bilurman! Seni Olloh sojida etib yaratmish. Ular yana jimib qolishdi. Oraga o'lik sukunat cho'kdi. Mehrjon otasini yana-da mahkam quchib dedi: - Cizni yana quchoqlay bir bor, endi boshqa ko'rmoqlik dushvor. Bu hol Jaloliddinda vayronkor kechinma qo'zg'adi. Uning vayron ko'ngli tag'in buzildi. U qizini mahkam quchib, unsiz yig'lardi. Keyingi paytlar shunday kechgandi: tun zulmat pardasin beayov tortgan, tong esa dard ichida to'lg'onib otgan. Ammo bu dilsiyoh oqshomdan endi omon chiqmoqlik dushvor edi. Jaloliddin volidasi bilan vidolashuv onlari etib kelganini angladi. Sulton yurib borib, onasining yonida to'xtadi: - Bir kun kelgay va bu kelajak muborak kunni Robbimdan tajalli etishini o'tinib so'ragayman! Bizni jannat bog'larida ko'rishtirsin! - Men ham buni o'tinib so'ragayman! Oychechak Sultonbegim o'g'lining qo'llarini ushladi, so'ng unga qarab: - Bundan aslo o'kinmagayman! Bizning bu safarimiz Movarounnahr ahliga ibratli saboq bo'lg'ay! Va kelgusi avlodlar, illo, faxr ila bizni yod etgay. - Bunga aslo shubha qilmagum. - Bizdan keyin aslo o'kinma! Aslo g'animingga boshingni egma! - dedi u. So'ng o'g'lini mahkam quchib bag'riga bosdi. Sulton angladiki, volidasi alamini ichiga yutib, unsiz yig'lamoqda edi. Oychechakning butun vujudini asabiy titroq o'rab olgan, elkalari dir-dir titrardi. Nihoyat, Oychechak Sultonbegim o'zini qo'lga oldi. - Boshing toshdan bo'lgay! Seni Ollohning hifzi himoyasiga topshirgum! Senday zurriyodni menga ato etgani uchun Yaratganga beadad shukurlar aytmoqdaman. Vatan koriga yaragan farzandni Xo'ja Robbim o'zi qo'llagay. Yodingda tut, Jaloliddin, ketayotib, ortingga o'girilma! Muhri Xudo – Fatvoyi A'lo! Bor endi, ahli ayollaring va farzandu arjumandlaring bilan vidolash. Sulton og'ir-vazmin qadamlar bilan o'tov poyonida to'xtadi, biroq ortiga o'girilmadi... O'tov eshigidan chiqqan hukmdorning qulog'iga hasratli yig'i kelib urildi. Bu Mehrjonning alam va sitamga to'liq fig'oni edi. U otasining ketidan nolon, qaqshab qolgandi.

100

Tungi izg'irin to'xtab, atrofni zim-ziyo qorong'ulik butkul chulg'agan. G'ira-shira miltillagan yog'du ham ko'rinmay ketdi. Bu zulmat kechani tahlika ichra bedor o'tkazgan Oychechak Sultonbegim Tahajjudni o'qimoq uchun yuzini Muqaddas Ka'baga burdi. Oychechak bekachiga yuzlandi: - Barchani ogoh et! - Barchasini uqdim, malikam! Oradan chorak soat o'tib, Jaloliddin xonadoni so'nggi safarga otlandi. Tun bo'yi mijja qoqmay chiqqan Oychechak Sultonbegimni aritib bo'lmas azob va xo'rlik adoyi tamom qilgan edi. U bekachi tutgan shamni qo'liga oldi. Bekachi shoshib o'tovdan chiqib ketdi. Ko'zlari uyqusizlikdan kirtaygan Oychechak tuyqus titrab ketdi va bu titroqni go'yo bosmoqchidek bo'lib barmoqlarini lablariga olib bordi. Biroq uning titrog'i bosilmadi. U hayajonini yashirmoq uchun yuzini xiyol teskari burdi. Ko'ziga tuyqus quyilib kelgan ko'z yoshlarini englari bilan artdi. - Begim onam, yig'layotirsizmi? - Yo'q, jonim bolam!- U shunday deb shahzoda Muzaffarni quchdi. -Unda nechun ko'zlaringiz nam? -O'zim, shunday... Shahzoda jimib qoldi. - Begim onam? - Gapir, jonim. - Sizdan bir nima so'rasam maylimi? - Co'ra. - dedi unga tikilib turgan Oychechak go'yo o'ziga o'zi gapirayotgandek. - Otam biz bilan vidolashgani rostmu? Oychechak unga yalt etib qaradi, nevarasi esa bergan savoliga javob kutib, undan ko'zini uzmay turar edi. Oychechak qult etib yutindi. - Begim onam, nechun sukutdasiz? Nihoyat, momosi o'zini qo'lga oldi: - Bizning boshqa choramiz yo'qdir! Oychechak Sultonbegim ortiq chidab turolmadi, ikki ko'zidan ikki chashma quyilib oqdi. Uning qayg'usi mislsiz edi. - Yig'lamang, -dedi mitti shahzodaning ko'ngli allanechuk buzilib. Ammo u o'zini qanday tasodif kutayotganidan mutloq bexabar edi... Malika nevarasini bag'riga bosar ekan, ilojsizlikdan boshini hissiz va ruhsiz chayqadi. Bunda adog'i yo'q dard va hasrat yashirin edi. Ehtimol u norasida nevarasi hali voyaga etmay so'lishini bilib, unsiz na'ra tortayotgandi. Mana, uning ohuniki kabi beozor nigohlari o'ziga najot istab tikilmoqda! Beozor yonib turgan ko'zlari unga iltijo bilan boqmoqda. Ammo shaksiz, shu norasida bola-da ulkan qayg'uni mitti vujudiga qamab, momosi singari unsiz yig'layotgani aniq edi.

101

Tong yorishgan chog', Jaloliddin xonadoni aravalarga chiqishdi. Ular xos navkarlar qurshovida Sind qirg'og'iga etib kelishdi. Oychechak Sultonbegim aravadan pastga tushdi. U xos navkarga amr etdi: - Mendan so'ng nevaralarim - shahzodalarga navbat. So'ng Jaloliddinning ahli ayollari... U nevaralarini bir-bir bag'riga bosib oldinga yo'naldi. Sharqdan esgan shamol Oychechakning g'orat-harorat vujudini sovutgandek edi. Uning ro'moli shamolda hilpirardi. U qirg'oqqa etgan chog' navkar arqonga osig'lig' og'ir temirni uning beliga jips bog'lab chiqdi. Keyin bitta-bitta Sultonning oilasi qirg'oq bo'yiga keltirildi. So'ng har birining beliga botmon dahsar temir bog'landi. Malika oldinga siljidi. Qarang-ki, suvning sovuq harorati uning g'orat-harorat jismini junjiktirmadi. Yo'q, aslo, uning harorat jismi suvning sovuqligini mutloq his etmas edi. U qo'rquv bilmasdi. Qo'rquv uni tark etgan edi. Volida suv ichiga yurib borib to'xtadi, ammo ortiga burilib qaramadi. Atrof yorishib ketayotgandi. Tong harir pardalarini iqlimga qarichlab tashladi. U nolon ko'zlarini ko'kka qaratdi. - Etkurgin maloyik bir zavqu zilol, beozor oq qush misoli o'lay. Yo'llagin maloyik bir shavqu hilol, yuragimni bayroqdek ilay. So'ng qurbon o'lay! Men qurbon o'lay! Volidaning pichirlagan lablari qimtindi. U bir qadam oldinga siljidi. Keyin tag'in tongning harir pardalari tortilgan samoga ko'zlarini tikdi. - Ey Ollohning sabohdagi oqsuyak maloyiklari, bizning bu mungli safarimizni husni qabul aylang! Illo bizning bu safarimiz movarounnahrliklarga ibrat bo'lsin. Qolganlarga sabru jalil tilayman... Alarga yorug' kunlar tajalli etilishini Ollohdan so'ragayman... Bir kun barcha so'nggi manziliga qarab yo'l olgay. Shu manziliga ketar mahal bandalariga Olloh faqat chiroyli o'lim ato etsin... Oychechak oldinga siljidi. Suv uning boldirini ko'mdi. U tag'in siljidi. Endi shaffof suv tillari uning tizzalarini o'ray boshladi. U yana oldinga siljidi. Belini ko'mgan suv tobora tepasiga yo'nalib, elkalari tomon o'rlay boshladi. Yo, hu! Uning oyog'i erdan uzilib, suv ichida muallaq qalqiy boshladi va allaqanday kuch uni o'z komiga tortayotganini his etdi. Malika kalima qaytarib, so'nggi nafas oldi. Suv tillari uning tomog'ini o'ray boshlagan edi. O'limini tik qarshi olgan malika samoga boqdi. Osmon ravoqlarida hojasi Alouddin Muhammadning suvrati namoyon bo'lib, atrofi yorishib ketmoqda edi uning...

102

Tong chog'i Sind daryosiga cho'kkan jigarlarining suvrati va siyrati ko'z oldida namoyon bo'lgan Jaloliddin tahlika ichidan savash maydoniga otilib chiqqan edi. U kulfatdan hikmatlar izlab, g'animlarini daf etmoq uchun qilichini qayrab, jang maydoniga otlandi. Ot surgan Jaloliddin lashkarlari qarshisida to'xtadi. - Sha'n va Vatan uchun beomon kurashib, qurbon o'lmoqlik yigit uchun sharafdur. U shunday deb sarbozlariga qarab hayqirdi, so'ng savash maydonida ko'rinmay ketdi. Hisobsiz dushman hamlasi shiddatli edi. Ammo hayot nayranglari uning temirdek mustahkam irodasini qayirmoqqa ojiz qoldi. Uning ruhiy quvvati va ma'naviy dahosi oldida hayot qo'rqinchlari yo'qlik manziliga butkul chekingan edi. U qurquvsiz sher kabi edi. U hammasidan ajralgan edi. Unda faqat movarounnahrliklarni baloga giriftor etgan g'animidan qasos olmoq tuyg'usi qolgan edi. Mo'g'ullar hujumi chindan shiddatli edi. Ular jo'natgan olov seli ko'pning yostig'ini quritdi. Manjaniqlardan tinimsiz otilayotgan o'qlar Sind bo'yida jahannam olovini yoqqandi. - So'nggi qonimiz qolgunga qadar kurashgaymiz. Keyin ozod o'lgaymiz! Sarkarda lashkarlarini ayovsiz jangga chorladi. Ular dushman hujumini qaytarib turishdi. Bu gal chindan chingiziylarning qo'li baland kela boshladi. Beomon jang chog'i u g'animiga taslim bo'lishdan ko'ra muzaffarlik tug'ini quchib ozod o'lmoqni afzal ko'rdi. Sarkarda jangda omon qolgan bir tuman lashkariga qarab xitob etdi: – G'animga asir tushgandan ko'ra, Sind to'lqinlariga qo'shilib ozod o'lmoq sharafdir! O'lsak, ozod o'laylik! Jaloliddin bir hovuch lashkarlari bilan yog'iy qurshovini yorib chiqdi va otda eldek uchib, o'zini daryoga tashladi. U to'lqinlarni quchib, oldinga qarab suza boshladi. Suv uning otash-harorat jismini sovutgandek bo'ldi. Unga ergashgan sarbozlari ham beomon suzishda davom etdi. To'lqinlari to'lg'ongan Sind mavjlana boshladi. Jaloliddin ortiga burilib qaradi. Daryo qirg'og'ida Chingizxon boshliq ko'zi qisiq qonxo'rlar hangu mang unga tikilib qolishgan edi. Qo'lga tushmas qasoskor qiyomat qadar g'animi - Chingizxonga qarab mushtini do'laytirdi. Jaloliddin Sind qirg'og'ida hamon o'ziga kekirdagini cho'zib qarayotgan xonga qarab xitob etdi: - Kekirdagingni bekorga cho'zma, menga baribir kuching etmagay! Qilichingni qayrama bo'lak, meni taslim etolmagaysan! Jaloliddin unga qarab tag'in mushtini do'laytirdi, so'ng yana va yana oldinga qarab suza boshladi. U suzmas edi, bil'aks muambar to'lqinlar suvdan qayiq yasashgan edi. Billur suv yobonidagi Jaloliddinni avaylagan to'lqinlar go'yo eshkak eshib bormoqda edi... Chingiz Sind qirg'og'ida dong qotdi. Dog'da qolgan lashkarlari esa hayratdan yoqa ushlashgan edi. Manguberdining ma'naviy dahosi va ruhiy quvvati naqadar beqiyos ekaniga amin bo'lgan Chingizxon yonida turgan o'g'illari va lashkarlariga qarab xitob qildi: – Otadan bunday o'g'il tug'ilg'onini hali ko'rmag'on erdim. Ota o'g'il asli shunday bo'lmog'i darkor!

103

Manguberdi ikki ofat otashini yorib, omon chiqqan edi. Bu ofatning biri - mo'g'ul nomli jahannam olovi bo'lsa, ikkinchisi suv o'pqoni edi. U ikki ofat qurshovini yorib chiqib, muqaddas manzil sari odimlagandi. Jaloliddin Sind daryosining narigi sohiliga chiqib, keyin cho'l bag'riga singib ketdi. Muarrixlar Manguberdi kechib o'tgan manzilni “Ot sakratti” deb atashdi. Daryo kechgach, zaxmat-mashaqqat chekib panoh topgan sahro - “Cho'li Jaloliy” nomini oldi...

104

Boy berilgan dorulsaltanani qayta tiklamoq ilinjida Movarounnahrni tark etib, daryolar kechgan va kimsasiz cho'llarda sarson kezingan hukmdor Hind o'lkasini oshyon tutdi. Manguberdi Hind yurtida o'z nomiga kumush va mis tanga zarb ettirdi. Uning nomi xutbaga qo'shib o'qildi. Movarounnahr xayolini bir lahza-da tark etmagan sulton Iroq tomon yurish qilib, arab o'lkalarida hukmfarmolik qilayotgan ukasi G'iyosiddin Pirshoh hamkorligida birlashgan katta davlat barpo etdi. Ammo Vatanidan ayri tushmoqlik uning peshonasida edi. Peshonadagi bu bitiklar o'zining tilsim yolqinlarini ko'rsatib, uni Vatan nomli beqiyos go'shaga xayolan, muttasil etaklar edi. Vatan, Ona yurt, Movarounnahr! Vatan sog'inchi va yurt jamoli buzrukvori Muhammad Xorazmshoh singari Jaloliddinning-da orzusi edi. U shu muqaddas orzu, shu muazzam xayol bilan entikdi. Dimog'iga musaffo, muzdek epkin kelib urildi. Bu yurt shamoli - Jayhun epkinlari edi. Bu epkinlarga Muhammad Xorazmshoh chalgan ud sadolari qo'shilib oqdi. Magar yurak kuymas, kuy yaratilmas! Inja jilo, zarif ohang uni o'ziga muttasil tortdi. O'shanda Jaloliddin Jayhun qayiridan pastga enib qaradi va ajoyib manzaraga ko'zi tushdi. Tepadan Jayhun bo'yi va jimirlagan suv quyoshning inja va zarif nurlarida billur shishasi kabi yaraqlab, uning ko'zini qamashtirdi. Ana, Ona Jayhun suvlari taralib-taralib, mavjlanib-mavjlanib, qirg'oqlarini mayin, billur tillari bilan silab, yalab o'tmoqda. Mana, matlubi unut xotirasi boz-qayta yolqinlanayotgan Muhammad Xorazmshoh qirg'oq bo'yida o'tirgan ko'yi cholg'uga ko'ngil qo'yib, berilib chaladi. Ohanrabo kuy va ajoyib manzaraga some bo'lgan Jaloliddin o'ylanib qoldi. Shunda jon tomiriga inja ohang jilosi quyilib oqdi. Sajdaga bosh qo'ygan mahal inson qalbi naqadar sokin bo'lsa, Xorazmshoh turgan Jayhun qayiri shu qadar osoyishta edi. Ana, juda olislardan elib-shoshib kelgan diltortar yurt shamollari Xorazmshohning sersoqol yuzini silab o'tmoqda. Mana, poyida suv ham kuyga hamohang, jo'r bo'lib tobora mavjlanib oqib, Jayhun qirg'og'ini tillari bilan yalab, siypab o'tyapti. Ana, necha kunlardan buyon xomush tortgan quyosh yana ko'kda chiroy ko'rsatib, boz-qayta zarif nurlarini jo'natdi. Olislarda esa bir gala qushlar Xorazmshoh tomonga uchib kelayotir. Shoh esa hamon maroq bilan kuy chalar edi. Va, ehtimol, o'zi chalayotgan kuyning oqimida o'zi-da oqar edi. Bunda barchasi uyg'un edi: ham suv zilol, ham samo beg'ubor, ham borliq g'oyat fusunkor. Ham Jayhun epkinlarida bir hikmat bor. Ohanrabo kuy esa shaksiz betakror edi. Nihoyat, Xorazmshoh Jayhun to'lqinlari mavjiga qarab, jarangli va jozibali tovushda kuylay boshladi: Junun asosi menga kuy keltirding Vatandin, Kechib Sayhun, Jayhundin ayri tushmoqlik qismat, Judodirman mulkimdin, ruh judo bo'lur tandin, Otashida yondim man, yondi ro'zi qiyomat. Sen to'lqin, ogoh bundan qirg'og'ingdan og'ayapsan, Dard bo'lib, qayg'u bo'lib ko'z yoshlarni sog'yapsan.

Zamonlar osha necha yurtlarni birlashtirib, g'animlarini zir titratgan ulug' Xorazmshohlar saltanatining so'nggi, ettinchi vorisi Jayhun va Sayhun ortidagi yurtni ozod ko'rmoqni, bu o'lkada muzaffariyat tug'ini o'rnatmoqni nechanchi bor orzulab, olislarga qarab o'ylanib qoldi. Eng qahrli hoqonni ko'p bora dog'da qoldirgan Jaloliddin bu gal o'ylar iskanjasida sukutda edi. Uning bu sukutini daryo ko'rdi. Dunyo ko'rdi, sahro ko'rdi. Sog'inch ichida dimog'iga kelib urilgan Jayhun epkinlari esa uni beqiyos, chaman ichra bo'ston sanalgan yurtga - Vataniga muttasil etaklar edi. Shu soniyada xayolidan nelar kechganini tanho Yaratgan bilguvchidir. Ehtimol, sulton mana shu soniyada, aynan sukut ichida kechmishining har bir lahzasini qayta yashab o'tgandir! Ehtimol, Movarounnahrga sog'ingan tilagi Maroqandu Gurganjda ushalmagani uni cheksiz armonlar adog'iga g'arq qilgandir? Ehtimol, yurt xayoli, beqiyos Vatan sog'inchi uni Jayhun qirg'og'iga xayolan etaklagandir? Ehtimol, Yaratganga so'nggi bor hamdlar aytib, yana qayta oyoqqa qalqqandir. Har ne bo'lganda ham hali xorazmshohlar qoni shu tan ichida tinim bilmay oqishda davom etardi... Ammo sha'n va Vatan yo'lida u ko'rsatgan buyuk jasorat betimsol va betakror edi. Shundan buyon u ko'rsatgan buyuk matonat ikki daryo oralig'idagi mahobatli yurtda Manguberdi bo'lib hamon yangraydi.

So'nggi so'z o'rnida

Necha asrlik ayovsiz istibdodga debocha bo'lgan mo'g'ullar bosqiniga qarshi kurash aslida Jaloliddin Manguberdi jasorati bilan yakun topgan emasdi. Ishonchli manbalarning shohidlik berishicha, Jaloliddinning mo'g'ullar tomonidan asir olinib, so'ngra benom-benishon ketgan jiyani, singlisi Xon Sultonning farzandi arjumandi - Mahmud Quttuzning daragi oradan yillar o'tib, mamluklar sultonligi – Qohiradan chiqdi. Hali norasida paytida qul qilib sotilgan Mahmud asli turkiy g'ulomlardan bo'lgan, Misrning ilk mamluk sultoni amir Muiziddin Oybek rahnamoligida mansab pillapoyalaridan ko'tarilib, Misr noyibi darajasiga etishgan edi. Oybek o'limidan so'ng (1257) qo'shinlar otabegi darajasida sultonlikdagi barcha tizginlarni o'z qo'lida jamlagach, 1259 yilda Misr taxtini to'la-to'kis egalladi.

Bu vaqtda mo'g'ullar Shomni (Suriya) egallab, Misrga tahdid qilmoqda edi. Ayni tahlikali zamonda o'zaro raqobatda bo'lgan kuchlarni birlashtira olgan Quttuz qo'shinlari 1260 yil kuzida Ayn Jolut yonida mo'g'ullar bilan to'qnash keldi. Ayovsiz savashdan muzaffariyat yalovini baland tutib chiqqan sulton Malik Muzaffar (“Zafarbardor shoh”) deya alqandi. Bu g'alaba ma'jusiy mo'g'ullar istilosiga to'g'anoq bo'lgan, ularning Islom yurtlariga bundan buyongi yurishlariga amalda barham bergan ulug' hodisa edi. Misr mamluklar sultonligi taxtida loaqal to'liq bir yil ham o'tirmasdan, butun arab yurtlarini qahrli mo'g'ul to'dalari ayovsiz istibdodidan saqlab qola bilgan Malik Muzaffar Quttuzning bu o'lkalarda shu kunlarga qadar afsonaviy bir xaloskor o'laroq madh etilishi shu bois bejiz emasdir. Ehtimol, Quttuz o'z kindik qoni to'kilgan yurtdan olislarda bo'lsa-da, xususan, tog'asi Jaloliddin Manguberdi qalbiga tukkan Movarounnahr uchun intiqom qarorini shu tariqa amalga oshira olgandir... Ehtimol, u Xorazmshohlar qonini qiyratish intiqomsiz qolmasligini shu tariqa isbotlay olgandir. Ammo, har ne bo'lganda ham, Xorazmshohlar fojeasi hali nihoyasiga etgan emasdi. Ayn Jolut yonidagi zafar sharafiga shikor va ziyofat uyushtirilar ekan, Malik Muzaffar Quttuz ayni ziyofat chog'i qattol fitna qurboni bo'ldi – u o'z lashkarboshilari tomonidan o'ldirildi. Fitna boshida turgan bosh xiyonatkor esa qipchoq aslli Biybars edi. Davri davron dorulsaltananing, Pomiru Tiyonshongacha, Fors ko'rfazidan Firot va Dajla daryolari qadar o'z ta'sirini yoygan Xorazmshohlar saltanatining boshini egan fitnakor qipchoqlarning yana bir nasli bu sulolaning, ehtimolki, eng so'nggi vakilini shu tariqa mahv etgan edi. Malik Muzaffar Quttuz qismatining bayoni esa endi boshqa hikoyadir...

(tamom)

2012 yil va 2013 yilning may oylari.