O‘shda "O‘IH a‘zosi deb gumonlangan shaxs qo‘lga olindi"

Image copyright none
Image caption Qo‘lga olingan shaxs Pokistonning Vaziriston mintaqasida O‘zbekiston Islomiy Harakati safida jangovor tayyorgarlikdan o‘tgani da‘vo qilinadi

Qirg‘iziston janubi O‘sh shahri aeroportida O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zosi deyilayotgan shaxs qo‘lga olingan.

Politsiyaga ko‘ra, gumondor Qirg‘iziston fuqarolarini Suriyadagi janglar uchun yollashga uringan.

O‘sh Ichki ishlar boshqarmasining axborot xizmati bergan ma‘lumotga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs Pokistonning Vaziriston mintaqasida O‘zbekiston Islomiy Harakati safida jangovor tayyorgarlikdan o‘tgan.

Ayni shu man‘baning aytishicha, u keyin Turkiya, undan so‘ng Qirg‘izistonga kelgan.

Politsiya hozircha 32 yoshda ekani aytilayotgan shaxsning ismi sharfi va asli qaysi mamlakat fuqarosi bo‘lganini ochiqlamagan.

So‘nggi oylar Qirg‘iziston janubida Suriyadagi janglarda ishtirok etgan va bu yerda odamlarni jihodga da‘vat qilganlik gumoni bilan bir necha kishi qo‘lga olingan.

Ammo, ularning haqiqatda ham Suriyada bo‘lganmi yoki yo‘qligi hamda ularga qo‘yilayotgan ayblov borasidagi xabarlarda faqat huquq-tartibot organlari ma‘lumotlariga tayaniladi.