Medvedev: Ukrainadagi voqealar Rossiyaga xavf tug‘diradi

Image copyright kmu.gov.ua
Image caption Medvedev Ukraina sobiq bosh vaziri Nikolay Azarovning Rossiyada emasligini aytgan

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevga ko‘ra, Kiyevda nima bo‘layotganiga tushunish qiyin.

Moskva 23 fevralda Kiyevdagi elchisi Mixail Zurabovni chaqirilishini Ukrainada yuzaga kelgan murakkab vaziyatni tahlil qilish uchun, deya izohlagan.

"Bizning milliy manfaatlarimizga va bizning Ukrainadagi odamlarimiz hayotiga xavf mavjud. Qo‘pol qilib aytganda, hozir u yerda gaplashadigan odamning o‘zi yo‘q, Ukrainada tuzilayotgan qator idoralarning qonuniyligi katta shubha tug‘diradi. Agar yuzlariga maska tutib olib, Kiyev ko‘chalarida avtomat bilan yurganlarni hukumat deb hisoblansa, bunday hukumat bilan ishlash qiyin bo‘ladi", deydi Rossiya bosh vaziri.

Medvedevning so‘zlariga binoan, "Ukrainada risoladagidek, qonun va konstitutsiyaga asoslangan zamonaviy hukumat paydo bo‘ladigan bo‘lsa, Moskva unday hukumat bilan aloqalarni tiklashga tayyor".

Shuningdek, janob Medvedev Rossiya-Ukraina o‘rtasida tuzilgan kelishuvlar, jumladan gaz shartnomasi bajarilishi kerakligini aytib o‘tgan.

Muxbirlarning Ukraina sobiq bosh vaziri Nikolay Azarov Rossiyadami, degan savoliga- bunday ma‘lumot yo‘qligini bildirgan u.

Medvedevga ko‘ra, har bir odam qayerda yashashini o‘zi hal qilish huquqiga ega.

Oldin tarqalgan xabarlarga qaraganda, Nikolay Azarov Rossiyaga qochgan bo‘lishi mumkin.

Hozir manzili noma‘lum qolayotgan sobiq prezident Viktor Yanukovich ham Donetskdan Rossiyaga qarab uchmoqchi bo‘lganda ruxsat berilmagani aytildi.

Ukrainadagi ommaviy namoyishlarda o‘nlab qurbonlar berilishi manzarasida prezident Yanukovich va qator yuqori lavozimli rahbarlar Ukrainani tezlikda tark etishga tushdilar.

G‘arb davlatlari, Ovro‘po Ittifoqi muvaqqat hukumatni quvvatladi. Ovro‘po Ittifoqi Ukrainani iqtisodiy inqirozdan saqlab qolish uchun yordam va‘da qildi.

Ayni damda Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Ukrainadagi vaziyatni telefon orqali muhokama qilganlar.

Kerri Ukraina yangi hukumatini dastaklashni aytgan, Lavrov esa muxolifatni Yanukovich bilan kelishuvga amal qilmaganlikda ayblagan.

Shu bilan birga Prezident Putin Olmoniya kantsleri Angela Merkel bilan ushbu masalani gaplashgan.