Sochi Qishki Olimpiadasi nihoyasiga yetdi

Sochida XXII Qishki Olimpiada O‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Olimpiada mezboni Rossiya medallar hisobida ishtirok etgan mamlakatlar ichida g‘olib bo‘ldi. O‘zbekistonlik sportchilarga esa medal nasib qilmadi.

Rossiya sportchilari 13 oltin, 11 kumush va 9 bronza medali bilan musobaqalarni juda muvaffaqiyatli yakunladilar.

Bu Rossiya terma jamoasining SSSR davridagi chiqishlar bilan hisoblaganda 1976 yil Insburgdagi Qishki Olimpiada o‘yinlaridan buyon ko‘rsatgan eng yaxshi natijasi hisoblanadi.

O‘shanda SSSR terma jamoasi 13 oltin, 6 kumush, 8 bronza medalini olgan edi.

Shuningdek, bu Qishki Olimpiada tarixida mezbon mamlakatning to‘rtinchi bor g‘alaba qozonishidir.

Rossiya Olimpiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Jukov Sochidagi g‘alaba sportchilarning katta mehnati evaziga erishilganini aytar ekan, terma jamoaga beshta oltin medal olib kelgan Viktor An va Vik Uayldning muvaffaqiyatlarini eslab o‘tgan.

Bu sportchilar ilgari Koreya va Amerika jamoasi tarkibida qatnashganlar.

Shuningdek 4 yildan buyon Rossiya terma jamoasi tarkibida o‘ynayotgan ukrainalik Tatyana Volosajar Maksim Trankov bilan birga figurali uchishda Olimpiada chempioni bo‘ldi.

Aleksandr Jukov boshqa millat sportchilarining g‘alabaga qo‘shgan hissalarini qayd etar ekan, rossiyalik sportchilar orasidan g‘oliblar ko‘payishiga e‘tibor qaratish lozimligini ham ta‘kidlagan.

Shuningdek, g‘alabaga umid qilingan milliy xokkey terma jamoasining mag‘lubiyatini afsus bilan eslagan.

Medallar hisobida Norvegiya ikkinchi, Kanada uchinchi o‘rinni oldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan jami 55 sportchi qatnashdi, undan 50 tasi Qozog‘iston, 3 tasi O‘zbekiston, bittadan Tojikiston va Qirg‘iziston terma jamoasi vakillari.

Biroq shuncha sportchi ichidan faqat qozog‘istonlik Denis Ten figurali uchish musobaqalarida bronza medalini qo‘lga kiritdi xolos.

Olimpiadaning eng nufuzli sport turi- erkaklar o‘rtasida xokkey bellashuvlarining g‘olibi kanadalik sportchilar bo‘ldi.

Olimpiadaning oxirgi kunidagi final musobaqasida ular Shvetsiya terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etishdi.

Sochida 21 mamlakat spoprtchilari oltin medalga sazovor bo‘lgani ham o‘ziga xos rekorddir. Vankuver Olimpiadasida 19 davlat vakillariga olimpiada g‘olibligi nasib qilgandi.

Sochi Olimpiadasi ketkazilgan xarajatlar hisobidan tarixdagi eng qimmat olimpiada bo‘ldi. Sarf-xarajatlar bahosi 50 milliard dollar deb baholanadi.

Rossiya rasmiylari byudjetdan atigi 7 milliard sarf qilinganini ta‘kidlashadi.