BBC mehmoni - o‘zbekistonlik iste‘dodli xonanda Sarvara

Sarvara 2002 yilda o‘zining qator xit qo‘shiqlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Uning "Muhabbat sen chiroylisan" nomli debyut qo‘shig‘i ortidan "Olmacha", "Ayb mendami, ayb sendami?" nomli qo‘shiqlari xitga aylandi.

Sarvara ham pop yo‘nalishida, va ham an‘anaviy o‘zbek musiqiy yo‘nalishlarida mahorat bilan kuylaydi. Uning aksar qo‘shiqlari esa ayollarning jamiyatdagi o‘rniga bag‘ishlangan.

"Ayb mendami, ayb sendami?" nomli dard va iztirobga to‘la qo‘shig‘ida xonanda farzandsizlik dog‘ida qovrilgan, o‘z jufti-haloliga sodiq ayolning ko‘ngil faryodini yetkazib bergan.

"Izlab qolasiz" qo‘shig‘ida esa u go‘yoki qabr ortidan kuylab, oiladagi ayollarga qarshi zo‘ravonlik mavzusini ko‘taradi.

U, shuningdek, "Afsuski", "Yor dema", "Ayriliq", "San do‘st", "Atirgulga aylanaman", "Chimildiq", "Qish" va yana ko‘plab boshqa sermazmun qo‘shiqlari bilan tanilgan.

Sarvara Toshkent Davlat San‘at Institutining Musiqiy drama va Rejissyorlik fakultetlarini bitirishi ortidan, Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining Xalqaro iqtisodiy aloqalar fakultetini ham yakunladi.

"O‘qib charchamayman, o‘qishni yaxshi ko‘raman", - deydi u.

Oxirgi yetti yil davomida Sarvara televideniye orqali ko‘rinmay qolar ekan, ijoddan tanaffusga chiqqandek tuyuldi. Biroq, u qo‘shiqlar yozib, kontsertlarda ishtirok etib ijodini davom ettirib kelganini aytadi.

Sarvaraga savol yo‘llamoqchi bo‘lsangiz, matn ostidagi formani to‘ldiring, yoki uzbek@bbc.co.uk elektron pochta adresiga maktub yo‘llang.