Berdimuhammedov sport maktablari qurilishini to‘xtatdi

Image caption Berdimuhamedov aholi orasida velosportni targ‘ib qilgan edi

Sport ishqibozi ekanligi aytiladigan Turkmaniston prezidenti respublikada sport maktablari qurilishini to‘xtatishga buyruq bergan.

Janob Berdimuhammedov "mamlakatda sport rivojlanmas ekan, inshootlar ham qurilmaydi", deb aytgan.

"Altin Asir" telekanaliga ko‘ra, janob Berdimuhammedov hukumat yig‘ilishida malakali sport mutaxassislari yetishmasligi bois, bundan keyin yangi sport inshootlari qurilmasligini bildirgan.

Mamlakatda sportga bog‘liq sohalar faoliyatini qattiq tanqid qilgan Turkmaniston rahbari.

"Biz respublikada sportni rivojlantirishga katta e‘tibor qaratyapmiz. Stadionlar va ko‘plab sport binolariga yirik mablag‘lar ajratyapmiz. Biroq afsuski, aksariyat sport maktablari ishlamayapti. Ularning ko‘pida sport anjomlari yetishmaydi, boshqalarida yana qandaydir muammolar. Shunga qaramay, asosiy muammo shuki, ko‘p maktablarda o‘qituvchilar, malakali trenerlar yo‘q", deb aytgan Berdimuhammedov sport sohasidagi mas‘ullarga qarata.

Prezident Davlat Sport qo‘mitasi raisi Botir O‘rozovni jiddiy ogohlantirgan.

"Bugundan boshlab biz sport maktablari qurilishini to‘xtatamiz!", degan Berdimuhammedov va sport inshootlariga qaratilgan mablag‘larni o‘rta maktablarni qurish va jihozlash masalasiga sarflashni buyurgan.

Turkmaniston Prezidentining o‘zi sportni sevishi, xususan ot sportining ashaddiy ishqibozi ekanligi aytiladi va Turkmaniston ommaviy axborot vositalarida prezidentning sport bilan shug‘ullanayotgani aks etgan lavhalar paydo bo‘lib turadi.

Bundan oldin Berdimuhammedov aholini ko‘proq velosiped minishga da‘vat qilib, o‘zi buning namunasi sifatida Ashxobot ko‘chalarida velosiped haydab ko‘rsatgan.

Turkman rahbari velosportni rivojlantirish bo‘yicha to‘rt yillik rejani tasdiqlagan va rasmiylaru talabalarga velopoygada qatnashishni buyurgan.

"Bu salomatlikni yaxshilaydi, tabiat tozaligiga yordam beradi va velosiped haydashni targ‘ib qiladi", - deb aytgan prezident.

Shuningdek, avtopoygada qatnashib, g‘alaba qozongan Gurbanguli Berdimuhammedov.

Biroq otchoparlar poygasida prezident otdan yiqilib, qattiq jarohat ham olgan edi.

Berdimuhammedovning sport sohasini to‘satdan tanqid qilishi Sochida bo‘lib o‘tgan Olimpiadaga bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

23 fevralda nihoyasiga yetgan Sochi Qishki Olimpiada O‘yinlarida Markaziy Osiyo davlatlaridan 55 sportchi qatnashgan. Undan 50 tasi Qozog‘iston, uchtasi O‘zbekiston, bittadan Qirg‘iz va tojikistonlik sportchilar bo‘lib, Turkmanistondan birorta ham vakil ishtirok etmagan.