Ukraina: Viktor Yanukovich mamlakatni tark etishiga ruxsat berilmadi

Image copyright UNIAN
Image caption Yanukovich Radaning oxirgi qarorini noqonuniy deb atagan

Viktor Yanukovich charter reysi bilan Donetskdan uchmoqchi bo‘lganda, kerakli hujjatlar yo‘qligi bois bunga uzn berilmagan.

"Shanba kuni Donetsk aeroportidan charter reysi talab qilingan muhim hujjatlarsiz uchishga urinmoqchi bo‘ldi", - deb tasdiqlagan Ukraina Chegara xizmati rahbari Sergey Astaxov.

"U (Yanukovich) Rossiyaga uchishi kerak bo‘lgan uchoqqa o‘tirmoqchi bo‘ldi, biroq chegarachilar uni to‘xtatib qolishdi. Hozir qayerdadir, Donetskda yashiringan", - deydi vaqtli hukumat rahbari Aleksandr Turchinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvchi chegarachilarni trap oldida qurolli kishilar qarshi olib, hujjatsiz uchish uchun pul taklif qilishgan.

Chegarachilar ko‘nmagach, uchoq oldiga oynasi qoraytirilgan ikki mashina kelgan va Yanukovich uchoqdan mashinaga o‘tirib, noma‘lum tomonga ketgan.

Ayni paytda iste‘fo berishni rad qilgan prezidentning qayerdaligi noma‘lum qolmoqda.

Shuningdek, Astaxovning aytishicha, ichki ishlar vaziri Zaxarchenkoga ham kerakli hujjatlarsiz uchishga ruxsat berilmagan.

Chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringanligi aytilgan sobiq bosh prokuror Viktor Pshonka, Xarkov viloyat ma‘muriyati rahbari Mixail Dobkin va Xarkov hokimi Gennadiy Kerneslarga ham chiqib ketishga ruxsat berilmagan.

Norasmiy xabarlarga ko‘ra, iste‘foga chiqarilgan bosh vazir Nikolay Azarov hozir Rossiyada.

Shanba kuni Oliy Rada Yanukovich konstitutsion vazifalarni bajarmaganligini ro‘kach qilib, uning vakolatlari tugatilganini e‘lon qilgan va muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini 25 mayga belgilagan edi.

Ukraina vaqtli hukumat rahbari parlament spikeri Aleksandr Turchinov bo‘lgan.

Bundan oldin prezident Yanukovich televideniye orqali qilgan murojaatida Radaning qarori noqonuniy ekanligini aytgan va iste‘foga chiqmasligini bildirgan. Yanukovich muxolifatning harakatini "yovvoyilik", "davlat to‘ntarishi" deb atagan.

Kecha Xarkovdagi kasalxonadan ozodlikka chiqarilgan sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko Maydonda namoyishchilar oldida chiqish qilgan.

U jumladan, namoyishchilarni otishga buyruq berganlar albatta jazosini olishini ta‘kidlagan va Yanukovichni Maydonga olib kelish kerakligini aytgan.

Yakshanba kuni Kiyevda Oliy Rada yig‘ilishi boshlangan. Kutilishicha, yangi hukumat koalitsiyasi tuziladi va bosh vazir tayinlanadi.

Yuliya Timoshenko, Petr Poroshenko va Arseniy Yatsenyuklar bosh vazirlikka da‘vogarlar sanaladi.