O‘zbekiston: qizlaringizni erta turmushga bermang!

Image caption Viloyatlarda qizlarni yosh erga berish ko‘p uchramoqda

O‘zbekistondagi internet nashrlariga ko‘ra, mamlakatda nikoh yoshiga yetmagan qizlarni erta turmushga berish hollariga e‘tibor kuchaytirilgan.

Xususan, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, joylardagi mahalla faollari, tegishli idoralar yordamida shunday hollar aniqlanib, kamida 160 to‘y to‘xtatilgan.

Xotin-qizlar qo‘mitasi vakili O‘zA muxbiriga bildirishicha, Jinoyat va Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga "Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish" deb nomlangan yangi modda kiritilgani voyaga yetmagan qizlarning vaqtli turmush qurishining oldini olishga yordam bermoqda.

Shu maqsadda o‘quv yurtlari, mahallalarda ota-onalar va yoshlar bilan tashkil qilingan uchrashuvlarda bunday turmush qurishning zararlari tushuntirilgan.

Toshkent shahrilik uy bekasi Gulnoraning BBC aytishicha, olib borilayotgan chora-tadbirlar biroz ish beryapti. "Toshkentda erta qiz uzatish bor gap. O‘qiydigan qizlar ham tez uzatilardi. Hozir o‘qiydigan qizlar shartnomada o‘qisa kuyov tomon biroz cho‘chiydi. Hozir u qadar erta berilmayapti o‘zi. Domlarda qizlar turib qolishadi. Ota-onalar shundan qo‘rqib, tez berib yuborishadi", dedi u.

Ayni paytda viloyatlarda qizlarni juda yosh erga berish ko‘p uchrayotgani aytilmoqda.

Surxondaryodagi mahalla qo‘mitalaridan birida maslahatchi bo‘lgan ayol bu masala juda nozik ekanligini tushuntiradi.

"Ota-onalar bilan janjal qilishimizga ham to‘g‘ri keladi. Biz qizingizni erta uzatmang desak, baqirib ketadiganlari bor. Bir xillar xo‘p deydiyu, bilganini qiladi. Keyin Zagsdan o‘tmaydi. Baribir yosh-yosh uzatilyapti qizlar. Bu bir tomondan balki yaxshidir, lekin ajralib ketadiganlar ko‘p. Keyin ularni yarashtiramiz deb halak bo‘lamiz".

Ma‘lumotlarga qaraganda, viloyatlarda qiz uzatish ancha qiyinlashgan. Qizning ota-onasi quda tomonga to‘liq bosh-oyoq sarpo qilishdan tashqari, mebel olib borishi ham urfga kirgan.

Ilgari bunday odat ko‘proq Toshkentda kuzatilgan.

17 yoshli qizini erga berayotgan samarqandlik Mavluda ismli ayol bahorga belgilangan to‘y uchun hali mebel olishga ulgurmabdi:

"Kuyov bo‘lmish Rossiyada ishlab keldi. Uylanib, qizimni ham Rossiyaga olib ketmoqchi. Lekin men tayyor emasman", deydi u.

Unda nega to‘y boshlagani haqida so‘ralganda, yaxshi joydan chiqqanda bermasa, keyin qiyin bo‘lishi, qizi o‘tirib qolishi mumkinligini aytdi.

"Qizimni so‘rab keluvchilar ko‘p. Lekin o‘qishi shartnomada ekanini bilib, qaytib kelishmayapti", deydi qizi 22 ga kirib "katta" bo‘lib qolganidan xavotirlanayotgan keyingi suhbatdoshimiz.

Kuzatuvchilarning fikriga qaraganda, O‘zbekistonda erta yoshda turmushga berishning asosiy sabablarini avvalo maorif tizimidan qidirish kerak.

"Ilgari 11 yillik o‘rta ta‘limning 9 yilga tushirilishi va uni bitirgan o‘quvchilar kollejlarga yuborilishi bu masalaga kuchli ta‘sir ko‘rsatgan".

Qashqadaryolik o‘qituvchi ayolning aytishicha, maorifda ko‘zlangan tizim ishlamayapti. Uning kollejida ham darslar nomiga o‘tiladi. "Oylab kelmaydigan, hatto yilda bir ko‘rinib ketadiganlari ham bor. Hujjatlari yotgani qancha", deydi u.- Shu boisdan 9 sinfni bitirgan o‘smir qizlar voyaga yetgan hisoblanib, erga berib yuborilyapti".

Rasmiylarga ko‘ra, 2012-2013 o‘quv yilida O‘zbekistondagi litsey va kollejlarda ta‘lim olayotgan 2114 nafar qizlar turmushga uzatilgan.