Osiyo Chempionlar ligasi: "Al-Fotih" - "Bunyodkor"

Image copyright AFP
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Yana sanoqli soatlardan so‘ng qaldirg‘ochlar bu yilgi Osiyo chempionlar chempionligi uchun o‘z kurashlarini boshlashadi.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni guruh bosqich saralash bellashuvlarining 1-tur uchrashuvini safarda Saudiya Arabistonining "Al-Fotih" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

"Bunyodkor" klubi matbuot kotibi Abror Imomxo‘jayevning bugungi uchrashuv arafasida BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida aytishicha, qaldirg‘ochlar "maydonga faqat g‘alaba uchun tushishadi".

"Nafaqat bu o‘yinda, umuman "Bunyodkor" har doim o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yib kelgan. U xoh milliy birinchilik bo‘lsin, xoh Kubok musobaqalari va xoh xalqaro turnirlar bo‘lsin, doimo yuksak maqsadlarni qo‘yib kelgan. Shuning uchun ham, gap faqat bitta o‘yin haqida ketayotgani yo‘q. Umuman, maqsad - musobaqa jadvalida, iloji boricha, eng so‘nggiga qadar borish. Shu jihatdan olib qaraganda, "Bunyodkor" bugungi o‘yinda faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas", - deydi Toshkentdan taniqli futbol sharhlovchisi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, 2005 yilda tashkil topgan "Bunyodkor" jamoasi o‘zining qisqa tarixida ikki bor Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu kabi natijani O‘zbekiston klublari orasidan faqat "Paxtakor" klubigina qayd etishga muvaffaq bo‘lgan, xolos.

Ammo, shunda ham, halicha biror bir O‘zbekiston jamoasiga Osiyo chempionlari chempioni bo‘lish nasib etmagan.

Xuddi shu maqsadga erishish uchun "Bunyodkor"ning o‘z vaqtida katta pul evaziga Toshkentga braziliyalik dongdor murabbiy Luiz Felipe Skolari va Rivaldo kabi yulduz futbolchilarni keltirish harakatlari ham samara bermagan.

Ustiga ustak, "Nasaf" va "Lokomotiv"ning pley-offdagi mag‘lubiyati ortidan, "Bunyodkor" bu yilgi liga bellashuvlarida O‘zbekistonni namoyon etayotgan yagona jamoa bo‘ladi.

Ya‘ni, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Ijroiy qo‘mitasining yangi qaroriga muvofiq, bu yilgi futbol mavsumida Osiyo Chempionlar ligasi uchun O‘zbekiston klublariga 1+2 ko‘rinishida kvota ajratilgan, xolos.

"Bunyodkor" bu yil saralash bosqich bellashuvlarini "V" guruhida Saudiya Arabistonining "Al-Fotih", Eronning "Fulad" va pley-off uchrashuvida "Nasaf"ni yirik hisobda mag‘lub etgan Qatarning "Al-Jaysh" jamoalariga qarshi o‘tkazadi.

Bugun 25 fevral kuni boshlangan guruh bosqich saralash bellashuvlari 23 aprel kuni yakun topadi.

O‘z guruhida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri keyingi bosqichga chiqish huquqini qo‘lga kiritishadi.

Qisqacha dastlabki raqib haqida

Bu - Saudiya Arabistoni chempioni bo‘lgan "Al-Fotih"ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ilk ishtiroki bo‘ladi.

Jamoa o‘z tarixida faqat ilk va hozircha bir bor - 2012/2013 yilgi futbol mavsumida Saudiya Arabistoni chempionligini qo‘lga kiritgan, xolos.

Amaldagi Saudiya Arabistoni Super kubogi sohibi ham sanaladi.

Qit‘a miqyosidagi turnirlardagi ishtiroki esa, faqat bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasi bilan cheklanadi.

Xuddi shu nuqtai nazardan ham, "Bunyodkor" liga o‘yinlarida bo‘lajak va dastlabki raqibiga qaraganda katta tajribaga ega.

Qaldirg‘ochlar 2008 yildan buyon muntazam ravishda Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etib keladi.

Liga bellashuvlarida Osiyo futbolining nahanglari sanalmish Yaponiya va Janubiy Koreya jamoalarini o‘z maydonlarida ham yengishga muvaffaq bo‘lgan.

Avstraliya, Xitoyning eng kuchli jamoalariga qarshi to‘p surgan.

Ustiga ustak, ko‘plab o‘yinchilari O‘zbekistonning turli yoshdagi milliy terma jamoalarida ham to‘p surishadi.

Osiyo Kubogi va Jahon chempionati saralash bosqich uchrashuvlarida ham yaxshigina tajriba orttirishgan.

Ammo, o‘z o‘rnida ta‘kidlab o‘tish joiz, arab futboli va arab jamoalari o‘zbekistonliklar uchun doimo noqulay raqib bo‘lib kelishgan.

Deylik, "Bunyodkor" Osiyo chempionlar ligasi doirasida safarda besh marotaba Saudiya Arabistoni jamoalariga qarshi maydonga tushgan bo‘lsa, ularning birortasida g‘alaba qozona olmagan.

Biroq, klub matbuot kotibining biz bilan suhbatida aytishicha, "Bunyodkor" hozir ancha tajriba orttirgan va maydonga cho‘chib tushadigan holatda emas.

Suhbatimizda batafsil tinglang.