Jirinovskiyning taklifi Qozog‘istonning notasiga sabab bo‘ldi

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi Rossiya davlat dumasi deputati, LDPR partiyasi rahbari Vladimir Jirinovskiyning Markaziy Osiyoni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish taklifiga rasmiy izoh so‘rab Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Jonbolat Usenovning BBCga ma‘lum qilishicha, nota matni 25 fevral kuni Rossiya rasmiylariga yuborilgan.

23 fevral kuni Rossiya davlat kengashi a‘zosi Vladimir Jirinovskiy mitingda so‘zga chiqib Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Qozog‘istonni ham Rossiya tarkibiga qo‘shib olishga chorlagan.

"Janob Jirinovkiya rasmiy shaxs sanaladi, u Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasining deputati, yirik siyosiy partiyaning yetakchisi hisoblanadi.

Bizningcha, bu kabi yuqori martabali davlat mulozimi jamoatchilik oldida gaplariga jiddiy va mas‘uliyatli yondashishi kerak.

Qayd etish kerakki, ushbu siyosatchi bizning maamlakatimizga nisbatan qabul qilib bo‘lmas gaplarni birinchi marta aytayotgani yo‘q", - deyiladi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi web sahifasida chop etilgan xabarda.

Qozog‘iston tomoni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilarkan, ushbu chiqishga rasmiy berishni so‘ragan.

Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston suvereniteti va hududiy butunligiga bo‘lgan har qanday tajovuz Respublika davlat organlari tomonidan keskin to‘xtatilishini bildirgan.

Qozog‘iston tomoni janob Jirinovkiyga nisbatan diplomatik choralar ko‘rib chiqilayotganini ma‘lum qilgan.

Jirinovkiyning ushbu gaplari Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining ham maxsus bayonot tayyorlashiga sabab bo‘lgan.

Jirinovskiy o‘tgan safar ham shunga o‘xshash gaplari Qirg‘izistonning Rossiya Federatsiyasiga norozilik notasi yuborishga va duma deputatining Qirg‘izistonda istalmagan shaxslar qatoriga kiritilishiga sabab bo‘lgan edi.

Rossiyadagi yirik LDPR partiyasining keskin gaplariga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan biror munosabat bildirilgani yo‘q.