Putin eng ko‘p nimadan qo‘rqadi?

Image copyright Reuters
Image caption Kreml Yanukovichni hanuz Ukrainaning qonuniy prezidenti, deb biladi

Rossiya Qrimdagi rusiyzabon aholiga Rossiya pasporti berishni osonlashtirgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Ukrain matbuoti Qrimga tashrif buyurgan Rossiya Dumasining MDH davlatlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiyga iqtibosan shunday xabar tarqatgandi.

Janob Slutskiy o‘zini noto‘g‘ri tushunganliklarini aytgan, ammo Rossiya Dumasi Ukrainadagi rusiyzabonlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni muhokama qilishini aytgan.

G‘arb Moskva Ukrainadagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlashidan jiddiy xavotir bildirmoqda.

Xo‘sh, Rossiya Ukrainadagi vaziyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashadimi?

BBC ushbu savolni rossiyalik taniqli harbiy ekspert Aleksandr Goltsga berdi.

Aleksandr Golts: Rossiya harbiylari hozirning o‘zida Qrim va Sevastopolda mavjud. Bu - Qora dengiz floti. Agar harbiy annektsiya, ya‘ni bu hududlarning Rossiya tomonidan kuch bilan qo‘shib olinishi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu harbiy jihatdan ham, siyosiy jihatdan ham borib turgan telbalik bo‘lur edi. Agar Rossiya qaysidir ko‘rinishda Qrimning Ukraina tarkibidan ajralib chiqish jarayonida ishtirok etadigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan xalqaro maydonda yakkamahov davlatga aylanib qoladi. Rossiyani yirik sakkizlikdan chiqarishadi va Moskva g‘arbga o‘z gazini eksport qilish imkoniyatlaridan mahrum bo‘ladi. Shuning uchun Rossiya rahbariyati o‘ylab ish tutadi, deb umid qilaman. Men bundan besh yil avval, Gurjistondagi voqealar paytida ham xuddi shunday fikrni aytgan edim, ammo afsuski, buning aksi bo‘lib chiqdi. Men Rossiya televideniyesining Ukraina haqidagi lavhalarini tomosha qilgan paytim "kim kimni boshqarayapti o‘zi", deb o‘ylab qolaman, to‘g‘risi. Butun bu Kiselevlar, Solovevlar televizordan chiqib olib, benderchilarning zo‘ravonliklari-yu, rusiyzabonlarning huquqlari haqida jazavaga tushib gapirishadi. Ular Putinning buyrug‘ini bajarayaptimi yoki bu jazava qaysidir darajada mamlakat rahbariyatini yo‘naltirayaptimi, bilib bo‘lmaydi.

BBC: G‘arb Putin Ukrainani bo‘lib yuborishga urinishidan jiddiy xavotirda. Moskvaning yangi Ukraina rahbariyatini tan olmagani sizningcha nimani anglatadi?

Aleksandr Golts: Menimcha, Rossiya Ukrainadagi bo‘lginchilik kayfiyatlarini kuchaytirish bilan o‘z o‘yinini olib borishga harakat qiladi. Ammo bu o‘yinning ham chegarasi bor. Bu chegara shundan iboratki, agar bu hududlardan birontasi Ukrainadan mustaqilligini e‘lon qilgudek bo‘lsa, Rossiya buni tan olmaydi. Agar tan olsa, hali aytganmizdek, xalqaro maydonda yakkalanib qolishga mahkum.

BBC: Sizningcha Putin nimadan ko‘proq qo‘rqadi, Ukrainani yo‘qotishdanmi yoki u yerdagi voqealarning Rossiyada ham takrorlanishidanmi?

Aleksandr Golts: Menimcha, har ikkalasidan. Chunki Putinning dunyoga qarashi shundayki, u xalqlar o‘z irodasini namoyon qila olmaydi, deb ishonadi. Ya‘ni uningcha, xalqlar har doim o‘z irodalarini kimnidir gijgijlash maqsadida namoyon qiladilar. Agar hukumatni bo‘lmasa, unda qudratli davlatlarni. Buni stalincha dunyoqarash, deb aytishingiz mumkin, ammo bu aslida 19-asrdagi "real politik".Putin Ukrainada yuz bergan voqealar TsRU, Davlat departamenti, MI-6 va hokazolarning fitnasi, deb ishonadi. Shubhasiz, Putin bu hiylakor dushmanlar Rossiyada ham shunga o‘xshash bir narsa uyushtirishlaridan xavotirda. Biz buni kecha rossiyalik muxolifatchilarga chiqarilgan shafqatsiz mahkama hukmi va hibsga olishlarda yaqqol ko‘rdik. Bundan tashqari, Ukraina Putinning uchinchi prezidentlik muddati uchun ustivor deb e‘lon qilgan loyihasi - Ovrosiyo Ittifoqi uchun muhim edi. Putin tarixga Rossiya imperiyasining tarqab ketgan yerlarini birlashtirgan inson sifatida kirishni istaydi. Ammo Yanukovichning ketishi bilan bu loyiha ham tarixga ko‘mildi, deb ayta olamiz.