AQSh Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatadi

Image copyright AFP

Oq Uy vakili Jey Kerniga ko‘ra, Amerika Ukraina vaqtli hukumatiga yordam berishga tayyor, Viktor Yanukovich esa bundan buyon prezidentlik sifatida qabul qilinmaydi".

"Yanukovich Ukrainanining demokratik saylangan prezidenti bo‘lsa ham, u o‘zining harakati bilan qonuniyligiga putur yetkazdi va endi mamlakatni boshqarmayapti", degan u.

Bu kabi fikrni G‘arbning boshqa davlat vakillari ham bildirishgan.

"Amerika butun dunyodagi hamkorlari kabi Ukrainaga iqtisodiy barqarorlikka qaytish uchun islohotlar o‘tkazishda ko‘mak ko‘rsatadi", deydi janob Kerni jurnalistlarga.

Ukrainaga taqdim etiladigan yordam 15 milliard dollarni tashkil etadi, deb xabar beradi Assoshieyted Press agentligi amerikalik mulozimlarga iqtibosan.

Ukraina muvaqqat prezidenti Aleksadr Turchinov Rada yig‘ilishida mamlakat xazinasida deyarli pul yo‘qligini, "mamlakat talangani"ni bildirgandi.

Ukraina Moliya vazirligi ma‘lum qilishicha, mamlakat iqtisodini barqarorlashtirish uchun keyingi ikki yilda kamida 35 milliard kerak bo‘ladi va Ukraina donor mamlakatlar yordamiga muxtojdir.

O‘z navbatida Frantsiya Tashqi Ishlar vaziri Loran Fabius yaqin kunlarda o‘tishi rejalanayotgan donor mamlakatlar anjumanida Ukrainaga ko‘mak masalasi muhokama etilishini aytgan.

Sidneyda bo‘lib o‘tgan Rossiya ham qatnashgan "yirik sakkizlik"davlatlari moliya vazirlari uchrashuvida ham Ukrainaga yordam muhokama qilingani ma‘lum.

Kiyevdagi vaziyat

Maydondagi namoyishchilar endi o‘z-o‘zini qo‘riqlash vazifasini zimmalariga olganlar.

"Bir kunda butun militsiya xizmati qochib ketdi, ko‘p millionli shahar qo‘riqchisiz qoldi. Ikki kun uxlamay nazoratni xavfsizlikni ta‘minlashni qo‘lga olishga to‘g‘ri keldi. Biz militsiya joyiga qaytishiga harakat qilyapmiz. Yigitlar navbatchilik qilishyapti. Berkut taqiqlanishi va zo‘ravonliklarda qatnashganlarning qonun asosida jazoga tortilishiga erishamiz. Bizda siyosat bilan shug‘ullanishga hozir vaqt yo‘q, biz xavfsizlikni ta‘minlashimiz kerak. Maydonning talablari bajarilishi kerak", deydi Maydon komendanti bo‘lgan yigit.

Rossiya Ukrainadagi so‘nggi voqealarda muxolifatning harakatini keskin tanqid qilgan, uni kelishuvga amal qilmaganlikda ayblagan.

Xususan, Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Ukrainadagi vaqtli hukumatning qonuniyligiga shubha bildirdi, Rossiyalik fuqarolarning hayotiga xavf mavjudligini aytdi.

Ukraina Tashqi Ishlar vazirligi xavotirga o‘rin yo‘qligi, vaziyat nazorat ostidaligini ta‘kidlamoqda.

Seshanba kuni Ukrainada saylov kampaniyasi boshlangan.

Dushanba kuni Ukrainaga tashrif buyurgan Ovro‘po Ittifoqi vakili Ketrin Eshton muxolifat yetakchilari bilan uchrashgan.

Ukrainada qudratdan ketkazilgan prezident Yanukovich va boshqa bir qator mulozimlarga jinoiy ish ochilgan va qidiruv e‘lon qilindi.

Yanukovichning turar joyi noma‘lum qolmoqda. Xabarlarga binoan qo‘riqchilari xizmatidan voz kechgan Yanukovichni Qrimda, Balaklavada ko‘rishgan.