Xitoy: uyg‘ur olimiga rasman bo‘lginchilik ayblovi qo‘yildi

Image copyright AP
Image caption Ilhom To‘xtaning erkin harakatlanishi bir necha yil muqaddam cheklab qo‘yilgandi

Xitoy rasmiylari hibsga olingan taniqli uyg‘ur olimi Olim To‘xtaga bo‘linchilik ayblovini qo‘yganlar.

Bu haqda Olim To‘xtaning xotini ma‘lum qilgan.

Pekin universiteti iqtisod fanlari professori Ilhom To‘xta Xitoyning etnik siyosati tanqidchilaridan edi.

U o‘tgan oy politsiya tomonidan o‘z uyidan olib ketilgandi.

Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqi janob To‘xtaning hibsga olinishidan xavotir izhor etgan.

Uyg‘ur musulmonlari yashovchi Xitoy g‘arbidagi Shinjon mintaqasida so‘nggi yillarda markaziy hokimiyatga qarshi tez-tez xalq g‘alayonlari bo‘lib turadi.

Rasmiy Pekin tartibsizliklar uchun odatda ekstremist va bo‘lginchilarni ayblaydi.

Ammo uyg‘ur faollari zo‘ravonliklar va tartibsizliklar zamirida etnik ziddiyatlar va Xitoyning qattiqqo‘l siyosati yotganiga ishora qilishadi.

"Kulgili"

Janob To‘xtaning xotini Go‘zaloy Nuriy Olim To‘xtaga nisbatan bo‘lginchlik ayblovi qo‘yilganidan seshanba kuni xabardor bo‘lganini aytgan.

Uyg‘ur olimi hozirda Shinjonda ushlab turilibdi.

Go‘zaloy Nuriy turmush o‘rtog‘iga qo‘yilgan ayblovni "kulgili" deya baholagan.

"U hech qachon bo‘lginchilik qilmagan. U o‘qituvchi", deb aytgan Nuriy xonim.

Janob To‘xtaning advokati, Li Fangping, Shinjon markazi Urumchiga safar qilgani, biroq u bilan hozirga qadar uchrasha olmaganini aytgan.

"Uning bayonotlariga e‘tibor beradigan bo‘lsak, qo‘yilgan ayblovni isbotlaydigan biror dalil yo‘q", deb aytgan Li Fangping Frans-Press xabar agentligiga.

Avvalroq Xitoy davlat matbuoti janob To‘xta "bo‘lginchilik faoliyati" uchun so‘roq qilinayotganini xabar bergandi.

Janob To‘xta o‘z web sayti orqali Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan siyosatini tanqid qilgan va o‘tgan yil oktyabr oyida Xitoyning Tyananmen maydonida sodir etilgan hujum ortidan uyg‘urlarga nisbatan bosimlar kuchayib borayotganidan xavotir izhor etgandi.

Tyananmen maydonida yonib turgan avtomobilning insonlar orasiga haydalishi natijasida besh nafar inson halok bo‘lgandi.

Pekin hodisa uchun uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblagan.

Shinjon o‘tgan oylarda bir necha bor qonli zo‘ravonliklarga sahna bo‘ldi.

Xitoy davlat matbuoti xabarlariga ko‘ra, shu oy boshida politsiya bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda 11 nafar inson, o‘tgan yanvar oyida yuz bergan zo‘ravonliklarda esa 12 nafar inson halok bo‘lgan.

Mazkur hodisalar tafsilotini mustaqil manbalar orqali tasdiqlash mushkul, chunki mintaqaga xorijiy matbuot xodimlarining safar qilishi qattiq nazorat qilinadi.

2009 yilda Urumchi shahrida yuz bergan tartibsizliklar ortidan Xitoy janob To‘xtaning harakatlanishini cheklab qo‘ygandi.