Qirg‘izistonda tuzilgan yangi muxolifat Atamboyevni ogohlantirdi

Image caption Qirg‘izistonning yangi muxolifati prezident Atambayevni Ukraina voqealari bilan ogohlantirgan

Qirg‘izistonda yangi milliy muxolifat bugun ilk bor ijtimoiy yig‘in o‘tkazib, o‘zini rasman tanishtirgan.

Harakat raisi Ravshan Jiyanbekov bildirishicha, yangi muxolifatning asosiy maqsadi - prezident qudratini jiddiy cheklash va parlament faoliyatini yanada kuchaytirish uchun kurash yuritishdir.

Jiyanbekov o‘z nutqida prezident Almazbek Atamboyevni mamlakatda parlamentarizmni batamom vayron qilishda aybladi. Shu bilan birga yangi muxolifat faollari hukumatdan Qirg‘izistonning Bojxona ittifoqiga a‘zo bo‘lish masalasini umumxalq referendumiga chiqarishni talab qilganlar.

Birlashgan muxolifat kuchlari Qirg‘izistondagi vaziyatni xuddi Ukrainadagi voqealarga solishtirib, Yanukovichning taqdirini takrorlab qolmasligi uchun prezident Atamboyevni muxolifat bilan muzokaralar yuritishga chaqirdilar.

Yangi siyosiy harakat rahbariyatiga binoan, Qirg‘izistonda xokimiyatni markazlashtirilmagan shaklga o‘tkazish, demokratiyani mustahkamlash, haqiqiy islohotlar o‘tkazish shart.

Harakatlarning shu yo‘nalishi mamlakatdagi siyosiy tizimni amalda o‘zgartiradi.

Ravshan Jiyanbekov rejalangan islohotlar xaqida batafsil aytib bera olmagan va buni muxolifat endigina ish boshlagani bilan tushintirgan. Shuningdek, u yangi reja va loyihalar yakin kelajakda e‘lon qilinadi, deb va‘da bergan.

"Biz, Birlashgan muxolifat kuchlari, yaqin oylarda prezident Atamboyevning taraqqiyot strategiyasi bilan raqobatlashadigan loyihamizni taklif qilamiz. Mabodo prezident Atamboyev Qirg‘izistonni rivojlantirishda gidroelektrostantsiyalar bilan yo‘llarni qurishga urg‘ulasa, bizning muxolifat harakatimiz haqiqiy barqaror siyosiy tizim, qirg‘iz xalqining qadriyatlari va mamlakatni rivojlantiradigan natijali siyosiy madaniyatni afzal ko‘ramiz, - degan yangi muxolifat xarakati rahbari.

Siyosiy kuchlarning yangi rahbarlari bugungi tadbir boshqa siyosiy doiralarda naqadar davom etishi haqida aytmagan. Lekin bugun Qirg‘iziston parlamentida yana bir deputatlar guruhi paydo bo‘lgani bildirildi.

Deputat Ravshan Jiyanbekovga ko‘ra, yangi birlashma "Demokratlar guruhi", deb ataladi. U fraktsiya raisi deputat Ismoil Isakovdan tashqari, Umurbek Abdirahmonov, Budosh Mamirova doxil yana to‘rt kishidan iborat.

Yangi birlashmaga bog‘liq boshqa tafsilotlar ma‘lum qilinmadi. Lekin "Demokratlar guruhi" Manas havo maydonidagi yuk tashish buyicha xalqaro tranzit markazi harbiy uchoqlarga yoqilgi quyish faoliyatini to‘xtatganligiga mutlaqo qarshi ekanligini bildirgan.