Ukrainada militsiyaning "Berkut" maxsus xizmati tarqatildi

Image copyright AP
Image caption "Berkut" Kiyevda namoyishlarni shafqatsiz bostirishda ayblanmoqda

Ukraina muvaqqat ichki ishlar vaziri Arsen Avakov "Berkut" maxsus xizmatini bekor qilish haqida qaror chiqargan.

Bundan oldin "Ozodlik" fraktsiyasi deputatlari Oliy Rada yig‘ilishida "Berkut"ni tarqatib yuborishni taklif qilgandilar.

"Berkut" Kiyevdagi namoyishlarni shafqatsiz bostirishda qatnashgan, muxolifat a‘zolarini o‘g‘irlash, ularni ayovsiz kaltaklaganlikda ayblanmoqda. Militsiya bilan to‘qnashuvlarda o‘nlab insonlar halok bo‘lgandi.

Ayni paytda militsiyaning "Alfa"maxsus bo‘linmasi rahbari Oleg Prisyajny jangchilari Maydondagi namoyishlarni bostirishda qatnashmaganligini, dalillar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish mumkinligini aytmoqda.

Shuningdek u, "Biz hech qayerga qochib ketmayapmiz, o‘z vazifamiz va topshiriqlarni bajaryapmiz", degan.

Kiyevdagi Maydonda odamlar ko‘p, ular yangi hukumatning birinchi qarorini kutishmoqda.

Yangi hukumatni tuzish ortga surilmoqda. Oliy Rada ovoz berishni payshanba kunga qoldirgan.

Ungacha yangi saylangan vazirlar Maydonda odamlar oldida chiqish qilishlari kerak.

Muxolif partiyalarning Maydondagi vechesi oxirgi marta 22 yanvarda bo‘lib o‘tgan edi.

Oliy Rada rais o‘rinbosari Ruslan Koshulinskiyning aytishicha, koalitsiya tuzilmayotganining ikki sababi bor - ideologik va shaxsiy.

Ideologik sabab shundan iboratki, "har xil dunyoqarashdagi odamlar koalitsiya, vazirlar mahkamasi tuzishlari, davlat qaysi yo‘ldan rivojlanishini aniqlab olishlari kerak.

Bundan tashqari, davlat lavozimini egallamagan, boshqaruv ishlarida qatnashmagan odamlar bilan muammolar bor.

Bunda gap hukumat tarkibiga kiritilishi aytilgan fuqarolik jamiyati vakillari haqida ketmoqda.

Shuningdek, Yanukovich prezidentligida yuqori lavozimda ishlagan shaxslar birin-ketin ishdan olinmoqda.

Muvaqqat prezident Aleksandr Turchinov seshanba kuni Davlat qo‘riqlash boshqarmasining raisi Sergeya Kulik va prezident maslahatchisi Irina Akimovani lavozimidan bo‘shatgan.

Shuningdek, prezident maslahatchilari Taisiya Povaliy, Sergey Bubka, Ivan Plyushch va boshqa bir qancha shaxslar ham vazifasidan ozod qilingan.

AQSh Moliya vazirligi xorijiy banklarni Ukraina sobiq prezidenti Yanukovich va uning atrofidagi yaqin kishilar tomonidan shubhali pul o‘tkazmalari amalga oshirilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Qrimda to‘qnashuvlar

Simferopolda Maydon tarafdorlari va aksilmaydonchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar ketmoqda, deb xabar beradi BBC muxbiri.

Oliy kengash binosi oldida yig‘ilganlar Qrim rahbariyatini Kiyevdagi yangi hukumatni tan olmaslikka chaqirganlar.

Qrim tatarlari jamiyati o‘z navbatida hukumat almashinishini yoqlab o‘z aktsiyasini o‘tkazgan.