AQSh Afg‘onistondan yil oxiriga qadar barcha qo‘shinlarini olib chiqishi mumkin

Image copyright Getty
Image caption AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni 2001 yil kuzida ishg‘ol etgandi

AQSh prezidenti Barak Obama Afg‘oniston rahbari Homid Karzayga joriy yil oxiriga qadar Afg‘onistondan AQShning hamma qo‘shinlari olib chiqilishi mumkinligini aytgan.

Obama bu haqda Afg‘oniston prezidenti bilan telefon muloqoti chog‘ida ma‘lum qilgan.

Homid Karzay Qo‘shma Shtatlar bilan mamlakati o‘rtasida xavfsizlik bitimini imzolashdan bosh tortib keladi.

Amerika 2014 yildan keyin Afg‘onistonda qancha askar qoldirishi yuzasidan qaror olishidan oldin hamkorlik bitimini imzolashni istaydi.

AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistonga 2001 yil oktyabrida Tolibon hokimiyatini ag‘darish uchun kiritgan edi.

Amerika armiyasi Nyu-York va Vashington shaharlariga 2001 yil sentyabrida Al-Qoida tomonidan hujumlar sodir etilishi ortidan Afg‘onistonni ishg‘ol etgandi.

AQSh va uning ittifoqchilari Tolibonga qarshi bo‘lgan afg‘on kuchlari yordamida Tolibonni hokimiyatni ikki oy ichida ag‘dardi.

Biroq, Tolibon o‘z raqiblariga qarshi partizanlar urushini boshladi va o‘n ikki yildan buyon ittifoqchi va afg‘on milliy kuchlariga qarshi tinimsiz hujumlar uyushtirib keladi.

Yomonlashayotgan munosabatlar

Muxbirlar xabarlariga ko‘ra, xavfsizlik bitimi yuzasidan kelishmovchiliklar Amerika ma‘muriyati va Karzay o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashayotganini ko‘rsatadi.

Homid Karzay yaqin-yaqingacha Amerikaning eng yaqin ittifoqchilaridan biri sanalardi.

2014 yildan keyin Afg‘onistonda qoladigan Amerika qo‘shinlari maqomini belgilab beruvchi xavfsizlik bitimini imzolash qarori 2013 yilda olingan edi.

Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston Loya Jirgasi (Xalq Maslahati) bitimni qo‘llab-quvvatlashini e‘lon qildi.

Biroq Karzay Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlamasdan turib, xafsizlik shartnomasini imzolamasligini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bitim imzolansa, u Amerika havo hujumlari natijasida halok bo‘lgan afg‘onlar yaqinlari o‘ngida javobgar bo‘lib qoladi.

Oq Uy tarqatgan rasmiy bayonotda ta‘kidlanishicha, agar Homid Karzay xavfsizlik shartnomasini imzolamasa, AQSh "B" planiga o‘tishga majbur bo‘ladi.

"Prezident Obama agar AQSh 2014 yildan keyin Afg‘onistonda qo‘shin qoldirmaslikka qaror qilsa, qo‘shinlarni olib chiqishni tashkillashtirishni Pentagon zimmasiga yukladi", - deyiladi bayonotda.

Aprel oyida bo‘lib o‘tajak saylovlarda prezidentlikka nomzodini surgan shaxslarning ba‘zilari Karzaydan farqli, AQSh bilan xavfsizlik shartnomasini imzolashga tayyor ekanliklarini bildirganlar.