Rossiyada terakt haqida yolg‘on xabar bergan o‘zbek ushlangan

Image copyright RIA Novosti

Rossiya internet saytlari xabar berishicha, o‘zbekistonlik mehnat muhojiri politsiyaga telefon qilib, ayol kishi Sankt-Peterburg - Toshkent yo‘nalishli uchog‘ini portlatmoqchiligini aytgan.

Bunga asosan, politsiya iskovuch itlar bilan Pulkovodagi barcha aerovokzallar va aynan Peterburg - Toshkent uchog‘ini teraktga qarshi tekshirgan, biroq xabar isbotlanmagan.

Politsiya bilan bir vaqtda qidiruvni boshlagan huquq tartibot xodimlari telefon qilgan noma‘lum kishini turar joyidan va gumonlangan yo‘lovchi ayolni aeroportdan topishadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, politsiyani "terakt" xavfidan ogohlantirgan o‘zbekistonlik muhojir bo‘lib, o‘z xotini haqida shunday yolg‘on xabar bergan ekan.

Sankt-Peterburg - Toshkent yo‘nalishi bilan O‘zbekistonga uchib ketayotgan ayol politsiyaga oilaviy munosabatlari yomonligi va eri qattiq kaltaklaganini aytadi.

Uning so‘zlashicha, oxirgi janjaldan so‘ng erining qarshiligiga qaramay, uydan chiqib ketgani uchun turmush o‘rtog‘i o‘zi haqida politsiyaga yolg‘on xabar qilgan bo‘lishi mumkin.

Politsiya bo‘linmasida o‘zbekistonlik ayol eriga qarshi ariza yozgan.

Mehnat muhojiriga nisbatan Jinoyat kodeksining "terrorizm haqida yolg‘on xabar berish" va "qasddan tan jarohati yetkazish" bandlari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Politsiyaga ko‘ra, o‘zbekistonlik muhojir vatanida ham muqaddam o‘g‘rilik va tovlamachilikda ayblanib sudlangani aniqlangan.